«CapCut»ning tahrir vositalari «Gemini»ga integratsiya qilinmoqda

Endi foydalanuvchilar «Gemini»ning o‘zida rasm va videolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahrir qilish imkoniga ega bo‘ladi.

«CapCut»ning tahrir vositalari «Gemini»ga integratsiya qilinmoqda © CapCut / X

«Digital Trends» ma’lum qilishicha, integratsiya orqali «CapCut»ning kengaytirilgan montaj va ijodiy vositalari «Gemini» platformasiga qo‘shiladi.

«Tez orada CapCut tahrirlash vositalaridan foydalanib, ilovalarni almashtirmasdan Gemini ichida rasm va videolarni bevosita tahrirlash mumkin», — deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi e’londa.

Ma’lum qilinishicha, foydalanuvchilar «Gemini» orqali g‘oya ishlab chiqishi, ssenariy tayyorlashi, tasvir yoki video yaratishi hamda shu yerning o‘zida kontentni «CapCut» vositalari bilan tahrir qilishi mumkin bo‘ladi. Bu esa hozirgi kabi bir ilovadan ikkinchisiga o‘tish ehtiyojini kamaytiradi.

«CapCut» vakillarining fikri

«CapCut» vakillari kelajakdagi ijodiy jarayonlar yanada interaktiv, intuitiv va sun’iy intellekt bilan chambarchas integratsiyalashgan bo‘lishini ta’kidladi. Kompaniya fikricha, kontent ishlab chiqarish bosqichlarini bir joyga jamlash foydalanuvchilar uchun katta vaqt tejaydi.

Ayni paytda ko‘plab kontent yaratuvchilar «Gemini»dan g‘oya va matnlar uchun, «CapCut»dan esa montaj uchun foydalanadi. Yangi integratsiya ushbu jarayonni birlashtirib, to‘liq ish oqimini yagona muhitga olib kirishi kutilmoqda.

Nashr qayd etishicha, «Google» va «CapCut» o‘rtasidagi hamkorlik avvaldan sezila boshlagan edi. Masalan, «Google Photos» xizmati orqali fotolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri «CapCut»ga eksport qilish imkoniyati allaqachon mavjud. Shuningdek, «CapCut» platformasida «Gemini» bilan ishlashga mos maxsus shablon va qo‘llanmalar ham paydo bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid