Logo

Jahon banki O‘zbekiston kabi davlatlarning iqtisodiyotini sun’iy intellekt orqali tezlashtirish yo‘lini aytdi

Kecha 10:256 daqiqa

Sun’iy intellektdan (SI) foydalanish uchun milliardlab dollar sarflash, ulkan ma’lumotlar markazlarini qurish yoki yirik texnologik kompaniyalar bilan raqobatlashish shart emas. Jahon bankining ta’kidlashicha, rivojlanayotgan mamlakatlar oddiy smartfonlarda ishlaydigan, mahalliy tillarni tushunadigan va aniq vazifalarga ixtisoslashgan kichik sun’iy intellekt vositalari yordamida iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi mumkin. Hindistonda fermerlarga ekinlarni parvarishlash bo‘yicha maslahat berayotgan texnologiyalar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Jahon banki O‘zbekiston kabi davlatlarning iqtisodiyotini sun’iy intellekt orqali tezlashtirish yo‘lini aytdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Kichik sun’iy intellekt nima va u nima uchun kerak?

Global miqyosda sun’iy intellekt sanoati rivojlanib borar ekan, yirik IT kompaniyalari tobora murakkab modellarni ishlab chiqmoqda. Biroq bunday tizimlarni yaratish va ishlatish katta hisoblash quvvati, ulkan ma’lumotlar bazasi hamda kuchli infratuzilmani talab etadi. Hamma davlatlarda ham bunday imkoniyat mavjud emas. Shu sababli, Jahon banki rivojlanayotgan davlatlarga muqobil yondashuvni — aniq vazifalarga yo‘naltirilgan, arzon va mahalliy sharoitga moslashgan sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishni taklif qilmoqda.

«The Guardian» nashrining yozishicha, Jahon bankining bilimlar bo‘yicha rahbari Paskal Donohyu bunday yondashuvni rivojlanayotgan mamlakatlar ehtiyojiga to‘la mos keluvchi texnologik imkoniyat sifatida baholagan.

«Kichik SI» deb ataluvchi bu usulda modellar cheklangan ma’lumotlar asosida aniq bir vazifaga moslashtiriladi. Ular foydalanuvchiga kerakli axborotni sodda shaklda yetkazadi, internet tezligi past hududlarda ham ishlay oladi va mahalliy tillarda xizmat ko‘rsatadi.

Ta’kidlanishicha, bu vosita barcha savollarga javob beradigan universal tizim bo‘lishi shart emas. U shunchaki dehqonga ekin kasalligini aniqlashda, shifokorga tibbiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilishda yoki fuqarolarga davlat xizmatlari haqida axborot berishda ko‘maklashishga ixtisoslashishi mumkin. Bu yerda asosiy maqsad — eng qudratli modelni yaratish emas, balki mavjud texnologiyalar yordamida aniq bir muammoga yechim topishdir.

Hindistonda fermerlarga yordam berayotgan sun’iy intellekt

Jahon banki kichik SIning amaliy ahamiyatini Hindiston qishloq xo‘jaligi misolida tushuntirmoqda. Mamlakatning qator hududlarida fermerlar ekinlarni parvarishlash, kasalliklarni aniqlash, ob-havo va bozordagi vaziyat haqida ma’lumot olish uchun mobil ilovalardan faol foydalanmoqda.

Muammo shundaki, mutaxassislar maslahatiga muhtoj bo‘lgan millionlab fermerlarni an’anaviy usullar bilan to‘liq qamrab olish imkonsiz. Qolaversa, ma’lumotlar turli manbalarda tarqoq holda bo‘ladi va tavsiyalar doim ham fermer tushunadigan mahalliy tilda berilmaydi. Kichik sun’iy intellekt aynan mana shu bo‘shliqni to‘ldiradi. Fermer oddiy telefon orqali savol berishi yoki ekinning suratini yuborib, darhol kerakli maslahatni olishi mumkin.

Jahon banki materiallarida Uttar-Pradesh shtatidagi Bxanpur qishlog‘ida yashovchi fermer ayol Urmila Devining tajribasi keltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari ekinlarida biror kasallik paydo bo‘lsa, boshqalardan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan. Endi esa u raqamli vositalar yordamida ekinning suratini jo‘natib, tezkor tavsiya olmoqda. Ushbu misol sun’iy intellektdan foydalanish uchun murakkab texnik bilimlar talab etilmasligini ko‘rsatadi.

Fermerlarning savollariga mahalliy tillarda javob beradigan xizmatlar

Hindistonning turli shtatlarida bu kabi bir nechta tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, Kerala shtatida «KATHIR» nomli raqamli qishloq xo‘jaligi platformasi yaratilmoqda. Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, masofadan zondlash va SI tahlilini o‘z ichiga oladi.

Platforma orqali fermerlarga ob-havo bo‘yicha mahalliy ogohlantirishlar, ekish muddatlari va kasalliklarni aniqlash imkoniyati taqdim etiladi. Dehqonlar zarar ko‘rgan ekin suratini tizimga yuklab, kasallik turi va uni davolash usullari bo‘yicha aniq tavsiyalar oladi. Bundan tashqari, platforma orqali davlat subsidiyalari va qishloq xo‘jaligi bozorlaridagi holat haqida ham ma’lumot olish mumkin.

Bugungi kunda «KATHIR» tizimida shtatdagi 3 milliondan ortiq fermer haqidagi ma’lumotlar jamlangan va 1,1 million gektardan ziyod ekin maydonlari xaritaga tushirilgan.

Maharashtra shtatida esa generativ sun’iy intellektga asoslangan «MahaVISTAAR-AI» chatboti sinovdan o‘tkazilmoqda. Unda fermerlar o‘z ona tilida ovozli yoki matnli savollar berishi mumkin. Tizim savolni tarjima qilib, tadqiqot institutlari va davlat idoralari bazasidan kerakli ma’lumotlarni izlaydi hamda foydalanuvchiga qisqa, lo‘nda javob qaytaradi.

Zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari, bozor narxlari va ob-havo ma’lumotlariga ixtisoslashgan mazkur ilova bir necha oy ichida 3 million martadan ortiq yuklab olingan. Bunday loyihalar SI texnologiyalari faqatgina yirik korporatsiyalar yoki IT-markazlar uchungina emasligini isbotlaydi. Aniq bir vazifaga yo‘naltirilgan xizmatni foydalanuvchining tili va hududiy ehtiyojlariga moslashtirish orqali uning amaliy foydasini necha chandon oshirish mumkin.

Jahon banki: Taraqqiyotni asrlardan o‘n yilliklarga qisqartirish imkoniyati bor

Jahon bankining 2026 yil 4-avgustda e’lon qilingan «World Development Report 2026: The Promise of Artificial Intelligence» hisobotida SI rivojlanayotgan mamlakatlar uchun betakror iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochishi mumkinligi ta’kidlanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, agar tegishli choralar ko‘rilsa, ilgari asrlar talab qilingan taraqqiyot marralariga bor-yo‘g‘i o‘n yilliklar ichida erishish mumkin. Ammo bu o‘z-o‘zidan yuz bermaydi: buning uchun barqaror elektr ta’minoti, tezkor internet, malakali mutaxassislar va samarali boshqaruv institutlari zarur.

Hisobotda SIning mehnat bozoriga ta’siri ham tahlil qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, generativ SI sababli avtomatlashtirish xavfi ostida qoladigan ish o‘rinlarining ulushi boy davlatlarda 14,2 foizni, quyi va o‘rta daromadli mamlakatlarda esa 4,5 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, rivojlanayotgan davlatlardagi mavjud ish o‘rinlarining 16,2 foizida SI yordamida mehnat unumdorligini keskin oshirish imkoniyati mavjud (yuqori daromadli davlatlarda bu ko‘rsatkich 18,7 foiz).

Biroq sun’iy intellektning o‘zigina yetarli emas

Garchi Jahon banki kichik SIni eng istiqbolli vosita sifatida e’tirof etsa-da, uning samaradorligi zarur infratuzilma va sharoitlarga bevosita bog‘liqligini eslatadi. Buning uchun uchta asosiy shart mavjud:

1.      Barqaror elektr ta’minoti va raqamli aloqa. Foydalanuvchi tarmoqqa ulana olmasa, eng mukammal dastur ham foydasiz hisoblanadi.

2.      Mahalliy ma’lumotlar va tillar. Boshqa hudud yoki til uchun yaratilgan tizim mahalliy sharoitga tushmasligi tabiiy. Masalan, qishloq xo‘jaligida beriladigan tavsiyalar mahalliy iqlimga, ekin turlariga va hududiy kasalliklarga to‘la mos kelishi shart.

3.      Malaka va institutsional imkoniyatlar. Hukumat va xususiy sektor qaysi texnologiya real foyda berayotganini aniqlashi, ularni sinovdan o‘tkazib, eng samarali yechimlarni kengaytirishi lozim.

Jahon banki hisobotida bu borada uch bosqichli yondashuv taklif qilingan: avval mavjud vositalarni joriy qilish, ularni mahalliy muhitga moslashtirish, so‘ngra yanada ilg‘or tizimlarni ishlab chiqish salohiyatini shakllantirish. Bunday ketma-ketlik rivojlanayotgan davlatlarga yetarli tajriba va infratuzilma yo‘q sharoitda eng so‘nggi modellarni noldan yaratishga ulkan mablag‘ sarflash o‘rniga, tayyor texnologiyalardan oqilona foydalanish imkonini beradi.

O‘zbekiston uchun qanday xulosalar bor?

Hindiston tajribasi va Jahon banki xulosalari O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlar oldiga ham muhim savollarni qo‘yadi: SIni aholining kundalik ehtiyojlariga qanday moslashtirish kerak? Mahalliy tildagi sifatli ma’lumotlar bazasini qanday yaratish mumkin va bu jarayonni aynan qaysi sohalardan boshlagan ma’qul?

Bu savollarga javob izlashda eng katta va murakkab modelni yaratish bosh maqsad bo‘lishi shart emas. Masalan, o‘zbek tilida erkin ishlaydigan, dehqonlarga hudud iqlimiga mos tavsiyalar beradigan yoki fuqarolarga davlat xizmatlari bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatadigan ilovalar aniq bir amaliy muammoni hal qilishga qaratilgan bo‘ladi.

Ammo shuni unutmaslik kerakki, texnologiyaning shunchaki mavjudligi uning avtomatik ravishda foyda keltirishini kafolatlamaydi. Tizim tayanadigan ma’lumotlarning ishonchliligi, javoblarning aniqligi va shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi g‘oyat muhim. Jahon banki ma’lumotlar maxfiyligining buzilishi va davlatlar o‘rtasidagi texnologik tafovutning keskinlashuvini SI bilan bog‘liq asosiy xavflar qatorida sanab o‘tgan.

Teglar

Mavzuga oid