Logo

Kanada banki Karl III portreti tushirilgan yangi 20 dollarlik banknotni taqdim etdi

Bugun 11:342 daqiqa

Yangi kupyurada Kanada banknotlarida avval hech qachon qo‘llanmagan himoya texnologiyalari mavjud.

Kanada banki Karl III portreti tushirilgan yangi 20 dollarlik banknotni taqdim etdi © Bank of Canada

Kanada banki rahbari Tiff Maklem 3-sentabr kuni Ottavada qirol Karl III tasviri tushirilgan yangi, vertikal ko‘rinishdagi 20 dollarlik banknotni taqdim etdi. Ushbu kupyura Kanada tarixida Karl III portreti tushirilgan birinchi banknota bo‘lib, unda marhum qirolicha Yelizaveta II portreti o‘rnini Karl III egalladi.

Maklem matbuot anjumanida ushbu taqdimotni tarixiy voqea deb atadi. Kanada valutasida yangi monarx tasviri paydo bo‘lganiga 70 yildan ortiq vaqt o‘tdi. Qirolicha Yelizaveta II ilk bor 1935-yilda Kanada bankining 20 dollarlik banknotida, hali yosh malika bo‘lgan paytida tasvirlangan.

Maklemning so‘zlariga ko‘ra, yangi kupyurada Kanada banknotlarida avval hech qachon qo‘llanmagan himoya texnologiyalari mavjud. Banknota polimerdan tayyorlangan, asosan yashil ranglarda ishlangan va vertikal shaklga ega. Orqa tomonida Kanada milliy Vimi yodgorligi saqlab qolingan, old tomonining markazida esa Karl III portreti joylashtirilgan. Kupyura harakatlantirilganda aylanadigan, shaklini o‘zgartiradigan va pulsatsiya qiladigan elementlarga ega binafsha rangli himoya tasmasi bilan jihozlangan.

Bankning ta’kidlashicha, bu texnologiya kupyuraning haqiqiyligini tekshirishni osonlashtiradi va uni qalbakilashtirishni qiyinlashtiradi.

Moliya vaziri Fransua-Filipp Shampan yangi 20 dollarlik banknota Kanada o‘ziga xosligining muhim jihatlarini aks ettirishini, Millatlar Hamdo‘stligi bilan tarixiy ildizlar va xalqaro ittifoqchilar bilan aloqalarni hurmat qilishini ta’kidladi.

Yangi banknota 2027-yil fevral oyining oxiridan boshlab bosqichma-bosqich muomalaga kiritiladi. Bu Kanada bankining vertikal formatdagi seriyasidagi ikkinchi kupyura bo‘ladi. Birinchisi fuqarolik huquqlari uchun kurashgan Viola Desmond tasviri tushirilgan 10 dollarlik banknota edi. 20 dollarlik banknota Kanada bankining eng ko‘p ishlatiladigan kupyurasi hisoblanadi. Hukumat 2023-yilda Karl III taxtga o‘tirishi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalar vaqtida Kanada valutasidagi qirolicha Yelizaveta II tasvirini Karl III portretiga almashtirish rejasini e’lon qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid