OKMKda yangi oltin saralash fabrikasi ishga tushirildi
Yangi fabrika «Kovuldi» va «Quyi Kenjasoy» konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlaydi. Uning quvvati yiliga 200 ming tonnagacha ma’danni qayta ishlash imkonini beradi.

Bugun, 17-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan yana bir investitsiyaviy loyiha – yuqori texnologik imkoniyatlarga ega bo‘lgan «Kovuldi» oltin saralash fabrikasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda OKMK axborot xizmati xabar berdi.
E’tiborli jihati, fabrikaga o‘rnatilgan texnologik uskunalar va to‘liq qurilish ishlari kombinatning ichki imkoniyatlari evaziga amalga oshirildi. Bu esa korxonaning mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borayotgan ishlarining yorqin natijasi bo‘lib, mahalliy mutaxassislarning yuqori muhandislik salohiyatini namoyon etadi.
Ochilish marosimi
Fabrikaning tantanali ochilish marosimida OKMK rahbariyati, kombinatning xorijiy hamkorlari, Olmaliq shahar hokimligi mas’ullari, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ramziy lenta qirqilib, fabrika rasman ishga tushirildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ushbu loyihaning ishga tushirilishi mahalliy xomashyo bazasidan oqilona foydalanish va oltin ishlab chiqarish hajmini tizimli ravishda oshirish orqali milliy oltin zaxiralarimizni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Fabrika qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh quruvchilar, tarkibiy bo‘linmalarning rahbarlari va mutaxassislar Faxriy yorliq va tashakkuronamalar bilan rag‘batlantirildi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari fabrikaning ishlab chiqarish quvvatlari va ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Tadbirda kombinat bosh muhandisi Sergey Larionov OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanovga fabrika rasman ishga tushirilganligi to‘g‘risida axborot berdi. Shundan so‘ng, korxona o‘z faoliyatini boshlab, dastlabki konsentrat olindi.
Fabrika qurilishi
Yangi fabrika «Kovuldi» va «Quyi Kenjasoy» konlarida qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlaydi. Uning quvvati yiliga 200 ming tonnagacha ma’danni qayta ishlash imkonini beradi. Loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Fabrika qurilishi kombinatning «Olmaliqmetallurgqurilish» tresti tomonidan bajarildi. Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, Avtomobil transporti va Moddiy-texnik ta’minot boshqarmalari, Texnik xavfsizlik tizimi xizmati hamda Kovuldi kon boshqarmasi jamoalari loyihada faol ishtirok etdi. Fabrika qurilishi loyihasini ishlab chiqishda kombinatning Loyiha ishlari boshqarmasi, qurilishni tashkil etishda esa Kapital qurilish boshqarmasi mutaxassislari alohida o‘rin tutdi.
Loyiha doirasida ikki qavatli ma’muriy-xo‘jalik binosi, ishchilar uchun oshxona, yuvinish xonalari hamda qo‘riqlash xizmati xodimlari uchun qorovulxona barpo etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Fabrikaga o‘rnatilgan flotamashinalar, gidrotsiklon, tegirmonlar, klassifikator, kontakt chan va quyultirgich kabi texnologik uskunalar Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida ishlab chiqarildi. Shuningdek, korxonaga ko‘prikli kranlar ham o‘rnatildi.
Obyekt hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bajarildi.
Fabrika ishga tushirilishi natijasida 151 ta yangi ish o‘rni yaratildi.





