«Qizilqum» futbol klubining U-19 jamoasi bosh murabbiyi pora bilan qo‘lga tushdi
U 18 yoshli o‘smirni asosiy tarkibga qabul etish evaziga 20 mln so‘m talab qilgan.
Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi «Qizilqum» professional futbol klubining U-19 jamoasi bosh murabbiyi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, pora olayotgan qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, u aldov yo‘li bilan Nurota tumanida yashovchi 2008 yilda tug‘ilgan o‘smirning ishonchiga kirib, uni jamoaning asosiy tarkibiga o‘yinchi sifatida qabul qilish evaziga 20 million so‘m talab qilgan.
U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda bosh murabbiyga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) uchinchi qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.





