Seulda sun’iy intellekt daromadlarini fuqarolar bilan bo‘lishish taklif qilindi

Bugun 17:543 daqiqa

Chip ishlab chiqaruvchilar daromadlarini qayta taqsimlash bo‘yicha prezident ma’muriyati tashabbusi KOSPI indeksining pasayishiga sabab bo‘ldi.

Seulda sun’iy intellekt daromadlarini fuqarolar bilan bo‘lishish taklif qilindi © Samsung

Janubiy Koreyada sun’iy intellekt bumidan olinayotgan foydani barcha fuqarolar bilan bo‘lishishi kerak. Bu haqda prezident ma’muriyatining siyosat bo‘yicha rahbari Kim Yon Bom ma’lum qildi. Bu bayonot ortidan «Samsung Electronics» va «SK Hynix» kabi mahalliy xotira chiplari ishlab chiqaruvchilar aksiyalari arzonlashdi. Shuningdek, Janubiy Koreya fond bozorining asosiy indeksi – KOSPI ham pasaydi, deb yozdi «Financial Times».
 
Foydani bo‘lishish

 
Kim Yon Bom «Facebook»dagi postida koreyalik chip ishlab chiqaruvchilarning tez o‘sib borayotgan daromadlarining bir qismini qayta taqsimlash g‘oyasini ilgari surdi. Bu bayonot o‘tgan hafta «Samsung Electronics»ning bozor qiymati 1 trillion dollardan oshgani va «SK Hynix» aksiyalari yil boshidan buyon qariyb uch barobar qimmatlashganidan keyin yangradi.
«Financial Times»ning yozishicha, amaldorning fikrlari katta ahamiyatga ega, chunki u Janubiy Koreya hukumatining iqtisodiy siyosati asoslarini shakllantirishda ishtirok etadi. Kim Yon Bomning aytishicha, yarimo‘tkazgichlar sohasidagi hozirgi bum uzoq davom etadigan «supersikl»dan dalolat beradi va u davlatga ulkan soliq tushumlarini keltirishi mumkin.
«Bunday holatda bu mablag‘lardan qanday foydalanish masalasi shunchaki siyosiy variant emas – bu jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan institutsional loyihalash masalasiga aylanadi», – deb yozgan u.
Shuningdek, u Janubiy Koreya uchun asosiy muammolardan biri – «sun’iy intellekt davridagi ortiqcha daromadlar jamiyatdagi tafovutni tizimli ravishda kuchaytirishi mumkinligi»ni ta’kidladi. Uning fikricha, ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun ushbu daromadlarning bir qismidan foydalanish zarur.
Keyinroq Kim Yon Bom gap yangi korporativ soliq joriy etish haqida emas, balki sun’iy intellekt bumidan kelib chiqqan «ortiqcha soliq tushumlari» haqida ketganini aniqlashtirdi.
U, shuningdek, 2021-2022-yillardagi yarimo‘tkazgichlar bumidan tushgan ortiqcha daromadlar tartibsiz sarflanganini aytib, «bu mablag‘larni yana xuddi shunday yo‘qotish bir avlodda bir marta uchraydigan tarixiy imkoniyatni boy berish bilan teng bo‘lishi mumkin»ligidan ogohlantirdi.
 
Bozor reaksiyasi

12-may kuni «Samsung Electronics» aksiyalari 3,5 foizga, «SK Hynix» aksiyalari esa 1,4 foizga tushdi. Janubiy Koreyaning asosiy fond indeksi – KOSPI ham qariyb 5 foizga pasaydi. Bu paytda investorlar ushbu tashabbusning soha uchun ehtimoliy oqibatlarini baholashga urinmoqda.
 shunday dedi:
«Uning so‘zlari juda bahsli eshitilmoqda, ayniqsa u dastlab ortiqcha korporativ foyda va oshgan soliq tushumlarini qayta taqsimlashni taklif qilganini hisobga olsak. Investorlarga bu qanday ishlashini aniqroq tushuntiruvchi signallar kerak. Hukumat uchun kapitalizmning asosiy tamoyillariga qarshi borish oson bo‘lmaydi», – dedi Seuldagi «Life Asset Management» kompaniyasi raisi Chxevon Li.
Koreya korporativ boshqaruv forumi raisi Namu Ri esa quyidagilarni aytdi:
«Investorlar kutilmagan syurprizlar va shaffoflikning yo‘qligini yoqtirmaydi. Kimning izohlari bozorga qarshi siyosatga ishora sifatida qabul qilindi va investorlar hukumat bozor hamda korporativ boshqaruv islohotlaridan chekinishi mumkinligidan xavotirda».
 
 
SI uchun chiplar

Kimning bayonotlari xotira chiplari sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun global ta’minot zanjirida «tor joy»ga aylangan bir paytda yangradi. «Samsung Electronics» va «SK Hynix»ning yuqori o‘tkazuvchanlikka ega ilg‘or xotira chiplarini ishlab chiqarish quvvatlari joriy yil uchun allaqachon to‘liq band qilingan, deb yozadi «Financial Times».
2025-yilda «Samsung Electronics» va «SK Hynix»ning umumiy operatsion foydasi 90 trillion vonni (61 milliard dollar) tashkil etdi. Bu Janubiy Koreya YAIMining taxminan 3 foiziga teng.
«Nomura» kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha aksiyalar tadqiqoti bo‘limi hamrahbari K. V. Chang hisob-kitobiga ko‘ra, bu ikki kompaniyaning joriy yildagi umumiy foydasi 600 trillion vongacha (413,8 milliard dollar) yetishi mumkin. FT ta’kidlashicha, bu Koreya iqtisodiyotining qariyb to‘rtdan bir qismiga teng.

Bunday yuqori talab har ikki kompaniyani dunyodagi eng daromadli kompaniyalardan biriga aylantirdi. FT qayd etishicha, ularning muvaffaqiyati SI bumidan yaratilgan boylik qanday taqsimlanayotgani haqidagi bahslarni ham kuchaytirdi. Bu esa tez rivojlanayotgan ayrim sohalar bilan iqtisodiyotning qolgan qismi o‘rtasidagi tengsizlik oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Seulda sun’iy intellekt daromadlarini fuqarolar bilan bo‘lishish taklif qilindi | Vaqt.uz