Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi oziq-ovqat inqirozi xavfini kuchaytirdi

11.03.2026 | 22:542 daqiqa

Fors ko‘rfazi davlatlari oziq-ovqatning katta qismini import qilgani sababli Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar mintaqada jiddiy ta’minot muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi oziq-ovqat inqirozi xavfini kuchaytirdi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilishi Arabiston yarim orolidagi davlatlarda oziq-ovqat ta’minotiga jiddiy tahdid solmoqda.

Importga yuqori darajada qaramlik

Britaniyaning «Financial Times» nashriga ko‘ra, bu holat Fors ko‘rfazi mamlakatlarida mahsulotlar taqchilligiga olib kelishi mumkin.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari oziq-ovqat iste’molining qariyb 90 foizini import orqali qoplaydi.

Shu bois tashqi ta’minot yo‘llaridagi har qanday uzilish iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ta’minot zanjiriga zarba

«Chatham House» xalqaro munosabatlar instituti eksperti Nil Killiamning ta’kidlashicha, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon va Saudiya Arabistoni import mahsulotlarining taxminan 70 foizini aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali oladi. Shu sababli mazkur transport yo‘lining yopilishi mintaqaning ta’minot zanjiriga kuchli zarba berishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, Eron tomonidan bo‘g‘ozning amalda yopib qo‘yilishi ortidan mintaqa davlatlari muqobil logistika yo‘llarini izlashga kirishgan. Ular Qizil dengiz portlari orqali tashish, shuningdek quruqlik va havo yo‘llaridan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘g‘it va oziq-ovqat narxlari o‘smoqda

«Financial Times» avvalroq Yaqin Sharqdagi urush o‘g‘it yetkazib berishda ham jiddiy uzilishlar keltirib chiqarganini yozgan edi. Bu holat esa global oziq-ovqat bozoriga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Gazeta hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘g‘itlar narxi keskin oshgan. Masalan, karbamid narxi 130 dollarga qimmatlashib, bir tonnasi 650 dollarga yetgan. Ammiak esa hozirda tonnasi 725 dollardan sotilmoqda, bu fevral o‘rtalaridagi ko‘rsatkichdan 130 dollarga yuqori.

Tahlilchilarning fikricha, ta’minot zanjiridagi bu uzilishlar Yevropa bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yaqin haftalarda non, tuxum, go‘sht kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ehtimoli yuqori.

Teglar

Mavzuga oid