Logo

Internetda 20 million bola g‘arazli maqsadlar uchun nishonga olindi — UNICEF

Bugun 13:005 daqiqa

Tadqiqotga ko‘ra, millionlab bolalar internetda turli jinsiy tahdidlarga duch kelmoqda, ammo ularning mutlaq ko‘pchiligi bo‘yicha hech qanday xabar berilmaydi.

Internetda 20 million bola g‘arazli maqsadlar uchun nishonga olindi — UNICEF

BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) tomonidan 3-sentabr kuni e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, dunyoning 21 ta mamlakatida har yili salkam 20 million bola internetda jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi, Karib havzasi hamda Sharqiy Yevropa davlatlarida 12-17 yoshli o‘smirlarning har beshtadan biri raqamli platformalarda g‘arazli maqsadlar uchun nishonga olingan.

Tadqiqot doirasida mutaxassislar 2020–2021 va 2024–2025 yillar mobaynida 21 davlatda internetdan faol foydalanuvchi 21 ming nafar o‘smir o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Bundan tashqari, bolaligida shunday zo‘ravonlikni boshidan kechirgan 100 nafar yosh bilan yuzma-yuz, chuqurlashtirilgan suhbatlar tashkil qilindi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, jinsiy tajovuzlarning yarmidan ko‘pi bevosita ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilmoqda. Biroq bu raqamlar asl fojia ko‘lamini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Sababi, bolalar ko‘pincha o‘zlariga nisbatan qilingan tazyiqlarni sir saqlaydi yoki qo‘rqadi. Natijada, tadqiqotda aniqlanishicha, bunday jinoyatlarning 1 foizdan kamrog‘igina huquq-tartibot idoralariga yetib borgan xolos.

Aynan shu muammolar fonida, o‘tgan hafta AQSHning texnologik giganti bo‘lmish «Meta» kompaniyasi bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yishda ayblangan yirik federal sud ishida 18 milliard dollar tovon puli to‘lashga rozi bo‘ldi. Joriy yilning o‘zida «Meta» ustidan ko‘plab sud da’volari qo‘zg‘atildi. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, kompaniya o‘z platformalarini ataylab o‘smirlarda qaramlik uyg‘otadigan tarzda ishlab chiqqan va bu yoshlar ruhiyatiga jiddiy zarar yetkazgan. Oxir-oqibat, kompaniya o‘z ijtimoiy tarmoqlarining ishlash tizimiga keskin o‘zgartirishlar kiritishga rozi bo‘ldi.

UNICEF hisobotining asosiy xulosalari qanday?

Hisobotga ko‘ra, tadqiqot o‘tkazilgan davr mobaynida 15 milliondan ortiq bola o‘zi istamagan holda jinsiy mazmundagi materiallarga duch kelgan. To‘qqiz million bolaga esa ularning xohishiga zid ravishda intim mavzularda suhbatlashish yoki surat almashish taklif qilingan. Bundan tashqari, to‘rt million bolaning shaxsiy intim suratlari ularning ruxsatisiz tarmoqqa tarqatib yuborilgan.

Tashkilotning qayd etishicha, aksariyat hollarda bolalar zo‘ravonlik qurboni bo‘layotganini tushunib yetmaydi, kimdan yordam so‘rashni bilmaydi yoki bu haqda xabar bersa, oqibati yomon bo‘lishidan qo‘rqadi. Bu esa muammoni yanada og‘irlashtirmoqda. Qolaversa, bolalar uchun rasmiy shikoyat qilish tizimlari o‘ta murakkab, tushunarsiz va hatto qo‘rqinchli tuyulishi mumkin.

«Ushbu hisobot juda achchiq haqiqatni yuzaga chiqardi. Tadqiqot o‘tkazilgan mamlakatlarda 20 milliondan ortiq bola internetda ochiq jinsiy tahdid va ekspluatatsiyaga duch kelmoqda. Eng yomoni shundaki, bunday jinoyatlar bolalar ta’lim oladigan, o‘ynaydigan va do‘stlari bilan muloqot qiladigan raqamli makonlarda yuz bermoqda», — deydi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

«Bunday holatlar chuqur hissiy va ruhiy iztirobga sabab bo‘ladi. Ko‘plab bolalar yordam so‘rab kimga murojaat qilishni bilmay, jimgina azob chekmoqda. Bunga ko‘z yumib tura olmaymiz», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ma’lumotlar qayerdan olingan?

Hisobot xulosalari 2020–2025 yillar mobaynida quyidagi mamlakatlarda internetdan faol foydalanuvchi 12-17 yoshli 21 mingga yaqin o‘smir o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslanadi:

  • Sharqiy va Janubiy Afrika: Efiopiya, Keniya, Mozambik, Namibiya, Tanzaniya va Uganda.

  • Janubi-Sharqiy Osiyo: Kamboja, Indoneziya, Malayziya, Filippin, Tailand va Viyetnam.

  • Lotin Amerikasi va Karib havzasi: Braziliya, Kolumbiya, Dominikan Respublikasi va Meksika.

  • Sharqiy Yevropa: Armaniston, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya va Serbiya.

  • Janubiy Osiyo: Pokiston.

Bolalar asosan qayerda zo‘ravonlikka uchramoqda?

Zo‘ravonlik ko‘pincha maktab yoki mahalla kabi real hayotda boshlansa-da, keyinchalik raqamli makonlarga ko‘chadi. Bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Hisobotga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar jinoyatchilarga zo‘ravonlikning turli bosqichlarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi. Jumladan, ular orqali bola bilan dastlabki aloqa o‘rnatiladi, munosabatlar shakllantiriladi, so‘ngra jinsiy aloqaga undash, intim suratlar almashishga majburlash, shantaj qilish va bunday materiallarni muntazam tarqatib borish jarayonlari yuz beradi.

Ayrim hollarda esa tajovuz va zo‘ravonlik faqatgina virtual olamning o‘zida sodir bo‘ladi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, jinsiy tajovuzlarning 60 foizdan ortig‘i aynan ijtimoiy tarmoqlarda yuz bermoqda. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi platformalarga to‘g‘ri keladi: Facebook (50 foiz), WhatsApp (29 foiz), Instagram (24 foiz), Snapchat (13 foiz) va TikTok (12 foiz).

Bolalar zo‘ravonlik haqida kimgadir aytadimi?

Aksariyat bolalar jinsiy tahdidga duch kelganda yordam so‘rab hech kimga murojaat qilmaydi. Statistikaga ko‘ra, bunday holatlarning bir foizdan kamrog‘igina politsiya, ijtimoiy xodimlar yoki ishonch telefonlariga yetib boradi. O‘ntadan to‘rtta holatda esa o‘smirlar bu haqda umuman hech kimga churq etmaydi.

Shu bilan birga, ko‘pchilik bolalar o‘z boshidan kechirgan voqealarni arzimas sanab, e’tiborsiz qoldiradi yoki aynan qachon zo‘ravonlik qurboniga aylanganini o‘zi ham anglab yetmaydi. Mabodo bola bu haqda yaqin do‘sti, aka-ukasi yoki ota-onasiga aytgan taqdirda ham, bu har doim tajovuzni to‘xtatishga yoki aybdorlarni javobgarlikka tortishga yordam beravermaydi.

UNICEF tadqiqoti davomida so‘rovnomada qatnashgan ko‘plab o‘smirlar o‘zlari duch kelgan jinsiy tahdidlar haqida hayotida birinchi marta kimgadir ochiq gapirib berayotganini alohida ta’kidlagan.

Raqamli makondagi jinsiy tajovuz bolalar ruhiyatiga qanday ta’sir qiladi?

UNICEF xulosalariga ko‘ra, buning oqibatlari o‘ta og‘ir: raqamli texnologiyalar orqali jinsiy tajovuz va ekspluatatsiya qurboniga aylangan bolalarda o‘z joniga qasd qilish yoki o‘ziga jismoniy zarar yetkazish moyilligi boshqalarga nisbatan to‘rt barobar yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, ularning ruhiyatida kuchli xavotir va vahima hissi hukmronlik qiladi.

Hisobotda keltirilgan misollarga ko‘ra, Meksika va Shimoliy Makedoniyada bunday mudhish holatni boshdan kechirgan o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish ehtimoli sakkiz barobarga ortgan. Pokistonda esa o‘ziga zarar yetkazish xavfi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yetti barobar yuqori ekani qayd etilgan.

Eng yomoni, zo‘ravonlik faqat virtual olam bilan cheklanib qolmaydi — u bolaning kundalik hayotiga, o‘qishiga va atrofdagilar bilan munosabatlariga ham soya soladi.

Xo‘sh, bu borada qanday choralar ko‘rish zarur?

UNICEF ta’kidlashicha, bolalarni internetdagi xatarlardan himoya qilish mas’uliyati, eng avvalo, hukumatlar va yirik texnologik kompaniyalar zimmasiga tushishi lozim. Ular virtual makonni yaratish va tartibga solish qoidalarini tubdan o‘zgartirishi shart.

Shuningdek, tashkilot vakillarining qayd etishicha, garchi bolalar ko‘pincha bir-birini himoya qilishga urinsa ham, bu og‘ir yukni ularning yelkasidan olish uchun butun jamiyat, maktab va oila birdek harakat qilishi kerak.

 

Teglar

Mavzuga oid