Endi hokimlar haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi
Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi. Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.
© president.uzO‘zbekistonda viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Xorazmda o‘tkazilgan o‘rganish natijalari asosida barcha hududlar uchun yangi tizim joriy etilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, ikki hafta davomida Xorazmdagi 81 ming kambag‘al aholi, ya’ni 19 ming oilaning holati o‘rganildi. Ularda 12 ming ishsiz va 10 ming daromadi past fuqaro borligi aniqlandi. Ayni vaqtda viloyat tadbirkorlarida qurilish, xizmatlar va sanoat sohalarida qariyb 10 mingta bo‘sh ish o‘rni mavjud.
Mas’ullarga ishsiz va kam daromadli aholini korxonalar talabi asosida kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini ishga solish vazifasi qo‘yildi.
Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlaridan foydalanish orqali kambag‘al oilalardagi 10-15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Xorazmda o‘rganilgan kambag‘al oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi.
Biroq mas’ullarda ushbu yoshlar bilan alohida shug‘ullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb etish bo‘yicha maxsus dastur mavjud emas.
Viloyatning har bir tumanida kamida 1-2 tadan texnikum va 4-5 tadan o‘quv markazi faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bog‘cha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
646 nafar kollej o‘quvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual ta’lim asosida kasbiy ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, kambag‘al oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila a’zolariga daromadli mehnat bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Xorazm misolidagi tahlillar barcha viloyatlarga taalluqli ekani qayd etilib, kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Mazkur tizimga muvofiq, «mahalla yettiligi» uchun mas’ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi.





