Logo

246 trillion so‘mlik xufiyona iqtisodiyot: O‘zbekistonda biznes to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

Bugun 18:193 daqiqa

Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan milliy statistika islohoti doirasida nosog‘lom raqobatga barham berish maqsadida 15-oktabrdan 30-noyabrgacha respublika bo‘ylab biznes subyektlari xatlovdan o‘tkaziladi.

246 trillion so‘mlik xufiyona iqtisodiyot: O‘zbekistonda biznes to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi © Foto: president.uz

O‘zbekistonda doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi va mamlakatdagi kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 246 trillion so‘mga yetdi. Milliy statistikada ma’lumotlarni boshqarishning yangi modeli doirasida joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar butun mamlakat bo‘ylab biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti davomida ma’lum qilindi.

«Mamlakatimiz aholisi 1989 yildan buyon qariyb ikki barobar, iqtisodiyotimiz esa so‘nggi sakkiz yilda ikki karra o‘sdi. Bunday o‘zgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat manbalari to‘g‘risida aniq va ishonchli ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni oshirdi», — deyiladi xabarda.

Aholi va qishloq xo‘jaligi statistikasidagi keskin o‘zgarishlar

Dastlabki natijalarga ko‘ra, amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, eski statistika bilan solishtirilganda Jizzax viloyati aholisi 2,7 foiz, Namanganda 1,3 foiz, Surxondaryoda 0,9 foiz va Qashqadaryoda 0,7 foiz kam ekani aniqlandi. Toshkent tumani aholisi avvalgi hisobga nisbatan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8 foiz kam bo‘lib chiqqan. Buxoro viloyatida esa ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarmagan.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida ham katta tafovutlar yuzaga chiqqan. Ro‘yxatga olish natijasida hisobda umuman aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Ushbu yerlarning 789,5 ming gektari ekin yerlari, qolgan qismi esa issiqxonalar, bog‘lar, tokzorlar va baliqchilik havzalariga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi.

Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga ro‘yxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming so‘mdan oshmagan. Bu MDH davlatlaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Internet orqali ro‘yxatga olish qamrovi 82,3 foizni tashkil etgan.

O‘zbekiston ushbu jarayonni 15 kunda yakunlab, ro‘yxatga olish tezligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallagan.

Yashirin iqtisodiyot va nosog‘lom raqobat muhiti

Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizni yoki 246 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Buning 60 foizi bevosita qishloq xo‘jaligi sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda to‘liq aks etmayapti», — deyiladi hisobotda.

Ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda ishlamayotgani yoki faoliyatini to‘xtatgani qayd etilgan. Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan korxonalar uchun nosog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkaziladi. Ularning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi.

2030 yilgacha mo‘ljallangan islohotlar va sun’iy intellekt integratsiyasi

Milliy statistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish rejasiga ko‘ra, tadbirkorlar taqdim etadigan hisobot yukini 20 foizga qisqartirish va ma’lumotlarga ishlov berish xarajatlarini 25 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

Yangi tizim doirasida vazirlik va idoralar ishtirokida Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi. Komissiya 1-dekabrga qadar davlat organlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

«2027 yil 1-iyulga qadar Milliy ma’lumotlar platformasi ishga tushiriladi va statistik ma’lumotlar sun’iy intellekt tizimlari o‘qiy oladigan formatlarda e’lon qilinadi», — deya ta’kidlanadi taqdimotda. Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar aholi, qishloq xo‘jaligi va demografiyaga oid ma’lumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.

Taqdimot yakunida Davlat rahbari aniq va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilash va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishning muhim sharti ekanini ta’kidlab, milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida izchil rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid

246 trillion so‘mlik xufiyona iqtisodiyot: O‘zbekistonda biznes to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi | Vaqt.uz