Andijondagi «G‘amxo‘rlik» markazida nogironligi bo‘lgan bolalar kaltaklandi
Ular stolga bog‘lab qo‘yilgan. Tarbiyachilar qo‘llarida kaltak bilan bolalarni nazorat qilgan. Erkak xodim bolalardan birini uloqtirib yuborgan. 7 kishi ishdan olindi.
© KollajAndijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan «G‘amxo‘rlik» markazida tarbiyalanuvchilarga jismoniy zo‘ravonlik qilingani ortidan 7 kishi ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Agentlik tarmoqlarda tarqalgan videolarda aks etgan holatlarni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, bolalar stolga bog‘lab qo‘yilgan. Tarbiyachilar qo‘llarida kaltak bilan bolalarni nazorat qilgan. Erkak xodim bolalardan birini uloqtirib yuborgan. Tarbiyachilardan biri bolalardan biriga yelkalarini uqalatgan. Markazning texnik xodimi ulardan birini kameralar yo‘q xonada kaltaklagan.
Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, videoda aks etgan 6 tarbiyachi va 1 hamshira egallab turgan lavozimidan ozod qilingan va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalari qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilingan.
Shuningdek, tarbiyachi xodimlarning ish faoliyatini yetarilcha nazorat qilmagan mas’ul xodimlarga intizomiy choralar ko‘rilgan. Hududdagi tibbiyot birlashmasining mutaxassis xodimlarini jalb qilgan holda muassasadagi bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazilgan. Qolaversa, «G‘amxo‘rlik» markazidagi bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yin maydonlari atrofiga qo‘shimcha nazorat kameralari joylashtirilgani aytilgan.





