Prezident bankirlar va hokim yordamchilarini tanqid qildi
Ularning aksariyati kimga kredit kerakligi, qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmasligi aytildi.
© president.uzPrezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda mahalla bankirlari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqidiy baholandi.
Qayd etilishicha, ularning aksariyati kimga kredit kerakligi va qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmaydi.
Bankirlar va hokim yordamchilarining loyihani o‘rganishdan oldin «Garovi bormi?» degan savolni birinchi o‘ringa qo‘yayotgani ham tanqid qilindi.
Kredit berishdagi to‘siqlar
Tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar hali ham saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, kreditni qaytarish grafiklari biznes turlarining xususiyatlariga moslashtirilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident kreditlash jarayonida tadbirkorning faqat garovi emas, balki loyihasining iqtisodiy samaradorligi va daromad keltirish imkoniyatiga ham e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.





