Logo

Nega yirik SI laboratoriyalari shunchalik ko‘p faylasuflarni ishga yollayapti?

Bugun 13:002 daqiqa

Ular sun’iy intellekt uchun o‘ziga xos «konstitutsiyalar» ishlab chiqishda yordam beryapti

Nega yirik SI laboratoriyalari shunchalik ko‘p faylasuflarni ishga yollayapti? © Illustratsiya: Simon Bailly

Sun’iy intellekt sohasidagi eng yirik kompaniyalar tobora ko‘proq faylasuflarni ishga olmoqda. «The Economist» nashri bu endi noodatiy holat emas, balki yaqqol kuzatilayotgan yangi tendensiya ekanini yozmoqda.

«Agar bundan o‘n yil avval gumanitar yo‘nalish talabalariga zudlik bilan dasturlashni o‘rganish tavsiya etilgan bo‘lsa, bugun vaziyat o‘zgaryapti: dasturchilarning o‘zi sun’iy intellekt ularning ayrim vazifalarini o‘z zimmasiga olishi mumkinligidan xavotirda, faylasuflarga esa talab tobora ortib boryapti», — deya yozgan nashr.

Buning sababi shundaki, neyron tarmoqlar rivoji endi faqat texnologik masalalarga emas, balki axloq, mantiq va qaror qabul qilish bilan bog‘liq savollarga ham taqalmoqda. Sun’iy intellekt modelini qanday qilib yanada halol va ishonchli qilish mumkin? Uning noto‘g‘ri yoki asossiz javoblar berish ehtimolini qanday kamaytirish mumkin? Mashina xavfsizligi bilan uning erkin harakat qilishi o‘rtasidagi chegara qayerda? Bugungi kunda bunday savollarni nafaqat muhandislar, balki etika va falsafa mutaxassislari ham muhokama qilyapti.

Faylasuflar kompaniyalarga sun’iy intellekt uchun o‘ziga xos «konstitutsiyalar» — model amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalar majmuasini ishlab chiqishda yordam beryapti. Masalan, «Anthropic» kompaniyasi Claude modeli tamoyillarini yaratishda Immanuil Kant g‘oyalari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda ayrim texnologik kompaniyalarning foydalanuvchi kelishuvlariga tayangan. Bunday hujjatlar sun’iy intellekt nimalarni qilishi mumkinligi va mumkin emasligini, xavfli so‘rovlarga qanday javob berishi hamda axloqiy me’yorlarga qanchalik qat’iy rioya qilishi kerakligini belgilaydi.

Hozirgi kunda sun’iy intellekt sanoatida asosan ikki yirik axloqiy yondashuv o‘rtasida bahs ketyapti. Birinchisi — deontologiya bo‘lib, unda qat’iy qoidalarga amal qilish muhim hisoblanadi: yolg‘on gapirmaslik, zarar yetkazmaslik va insondan vosita sifatida foydalanmaslik. Ikkinchisi esa konsekvensializm bo‘lib, unda qarorlar ularning oqibatlari hamda foyda va zarar muvozanatiga qarab baholanadi. Aynan shu ikki yondashuv bugungi kunda chat-botlar, uchuvchisiz avtomobillar va hatto harbiy sun’iy intellekt tizimlarini yaratishda asosiy mezonlardan biri bo‘lib xizmat qilyapti.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, falsafiy tayyorgarlik nafaqat axloqiy masalalarni hal qilishda, balki sun’iy intellektning fikrlash sifatini yaxshilashda ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Suqrot usuli modelga aniqlashtiruvchi savollar berishni, qarama-qarshiliklarni payqashni va o‘ziga ortiqcha ishonch bilan javob bermaslikni o‘rgatadi.

Shu tariqa, falsafa kutilmaganda sun’iy intellekt davrining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanyapti. Ba’zi odamlar mashinalar insonlarni ish o‘rinlaridan siqib chiqarishidan xavotir olayotgan bir paytda, boshqalar esa aynan shu mashinalarga qanday fikrlashi va qanday qaror qabul qilishi kerakligini tushuntirish orqali yangi kasb va imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Claude ishlab chiquvchisi sun’iy intellekt rivojini sekinlashtirishga chaqirgandi.

Teglar

Nega yirik SI laboratoriyalari shunchalik ko‘p faylasuflarni ishga yollayapti? | Vaqt.uz