Logo

Tadbirkorlarga muddati o‘tgan eksport qarzlarini so‘ndirish osonlashadi

Bugun 08:252 daqiqa

Tadbirkorlarga eksport operatsiyalari bo‘yicha yuzaga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirish imkoniyati beriladi. Buning uchun 2027-yil 1-yanvarga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi o‘tkaziladi.

Tadbirkorlarga muddati o‘tgan eksport qarzlarini so‘ndirish osonlashadi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirish uchun yangi mexanizm joriy etiladi. Bu 27-avgust kuni qabul qilingan prezident farmonida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlarga eksport operatsiyalari bo‘yicha aktivlar belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilinmagani sababli yuzaga kelgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishga ruxsat beriladi.

Bu imkoniyat 2027-yil 1-yanvarga qadar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida amal qiladi. Tartib farmon kuchga kirguniga qadar tuzilgan tashqi savdo shartnomalariga nisbatan qo‘llanadi.

Aksiya tovar, ish yoki xizmat amalda eksport qilingan, ammo xorijiy kontragent to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmagani uchun «E-kontrakt» tizimida muddati o‘tgan deb qayd etilgan qarzdorliklarni qamrab oladi.

Biroq ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ularning shunday ulushga ega bo‘lgan tashkilotlari mazkur imkoniyatdan foydalana olmaydi.

Jarima ikki baravar qisqaradi

2027-yil 1-yanvardan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni o‘z vaqtida repatriatsiya qilmaganlik uchun jarima ayrim holatlarda sud tomonidan ikki baravarga kamaytirilishi mumkin.

Buning uchun belgilangan shartlardan kamida bittasi mavjud bo‘lishi talab etiladi. Jumladan, rezident mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarish uchun o‘ziga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan bo‘lishi kerak.

Bunda tadbirkorning sud, arbitraj yoki boshqa majburiy undiruv mexanizmlari orqali o‘z huquqlarini himoya qilgani ham inobatga olinadi.

Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarning 50 foizdan ortig‘i repatriatsiya qilingan bo‘lsa, jarima miqdori ikki baravarga kamaytirilishi mumkin.

Sanksiyalar ham hisobga olinadi

Xorijiy hamkor joylashgan yoki to‘lov amalga oshiriladigan davlatda xalqaro sanksiyalar, bank va to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki valuta operatsiyalariga oid taqiqlar mavjudligi ham yengillik uchun asos bo‘ladi.

Bunday holatlarda aktivlarni repatriatsiya qilish imkoniyati obyektiv ravishda cheklangani inobatga olinadi. Natijada tadbirkorga nisbatan qo‘llanadigan jarima ikki baravarga kamaytirilishi mumkin.

Yangi tartib tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha to‘plangan muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning mavjud majburiyatlarini bajarishini yengillashtirish va tashqi savdoda yuzaga keladigan valuta majburiyatlarini tartibga solish ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid