Logo

Bank kreditlarining asosiy qismi qaysi sohalarga ajratilmoqda?

Bugun 16:442 daqiqa

O‘zbekistondagi banklarning kredit portfeli bir yilda 13 foizga o‘sib, 659 trln so‘mga yetdi. Kreditlarning eng katta qismi jismoniy shaxslarga ajratilgan.

Bank kreditlarining asosiy qismi qaysi sohalarga ajratilmoqda? © Foto: forbes

O‘zbekistondagi banklarning jami kredit qo‘yilmalari o‘tgan yilning mos davrida nisbatan 13 foizga o‘sib, 659,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu Markaziy bank ma’lum qildi.

Shundan eng katta ulush jismoniy shaxslarga to‘g‘ri keladi. Ularga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 248,4 trln so‘m yoki umumiy portfelning 38 foizini tashkil qilgan.

Ikkinchi o‘rinda sanoat sohasi joylashgan. Ushbu tarmoqqa yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 133,4 trln so‘m bo‘lib, jami kreditlarning 20 foiziga teng.

Boshqa sohalarga ajratilgan kreditlar 88 trln so‘mni tashkil etgan. Bu umumiy portfelning 13 foizidir. Qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan kreditlar esa 68 trln so‘m yoki jami kreditlarning 10 foizini tashkil qilgan.

Savdo va umumiy xizmatlar sohasiga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 53,9 trln so‘mni tashkil etgan. Bu banklar jami kredit portfelining 8 foiziga to‘g‘ri keladi.

Transport va kommunikatsiya sohasi 37,9 trln so‘mlik kredit bilan keyingi o‘rinda turibdi. Ushbu yo‘nalishning umumiy kreditlardagi ulushi 6 foizni tashkil etgan.

Qurilish sohasiga yo‘naltirilgan kreditlar qoldig‘i 22,9 trln so‘m bo‘lib, jami portfelning 3 foiziga teng. Moddiy va texnik ta’minotni rivojlantirish sohasiga 4,6 trln so‘m, uy-joy kommunal xizmatiga esa 2 trln so‘m kredit to‘g‘ri kelgan.

Kreditlarning o‘sish surati

2025-yil 1-oktabr bilan taqqoslaganda, kredit portfelining tarmoqlar bo‘yicha tarkibida ham o‘zgarishlar bor.

Jumladan, jismoniy shaxslarning ulushi 36 foizdan 38 foizga, savdo va umumiy xizmatlar sohasining ulushi 7 foizdan 8 foizga ko‘tarilgan.

Sanoatning ulushi esa 25 foizdan 20 foizga tushgan. Qishloq xo‘jaligi, transport va qurilish sohalarining kredit portfelidagi ulushi deyarli o‘zgarmagan.

rasm



Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Bank kreditlarining asosiy qismi qaysi sohalarga ajratilmoqda? | Vaqt.uz