«Talimarjon» IES'ning 1,2 mlrd so‘mlik tanlov savdosi bekor qilindi
Raqobat qo‘mitasi «Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi» buyurtmachiligida o‘tkazilgan yirik tanlov savdosida qonunbuzilishlarni aniqladi.
© «Talimarjon IES» AJ Matbuot xizmati«Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi» AJ tomonidan boshlang‘ich narxi 1,2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tanlov savdosi bekor qilindi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasiga kelib tushgan murojaat asosida «Talimarjon IES» AJ buyurtmachiligida o‘tkazilayotgan xarid jarayonlari o‘rganildi. Ushbu tanlov savdosi jamiyat hududi va binolariga reklama bannerlari hamda yozuvlar o‘rnatish ishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgandi.
Tekshiruv davomida buyurtmachi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi aniqlandi. Unga ko‘ra, savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan, qonunchilikda belgilangan tartibni buzish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan qonunchilik talablariga amal qilish yuzasidan o‘tkazgan tekshiruvidan so‘ng, «Talimarjon IES» AJ mazkur tanlash savdosini ixtiyoriy ravishda bekor qildi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, bu kabi qonunbuzilishlarning oldi olinishi davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi hamda tadbirkorlar uchun ochiq va adolatli raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat xaridlarida eng arzon mahsulotni tanlash amaliyoti o‘zgarishi haqida xabar berilgandi.





