«Yangi Bank»ning «yetim uka»si: «Yangi Finance» kreditlarining uchdan ikkisi qaytmayapti
Yopilgan «Yangi Bank» bilan bir guruhga kiruvchi «Yangi Finance» mikromoliya tashkilotining kredit portfeli bir yilda ikki barobarga pasaydi. Aktivlar va kapitalida ham manzara deyarli bir xil. Bu tashkilot ham «Yangi Bank» ortidan yopilishi mumkin.
© Yangi bank«Yangi Bank» yopilganiga 10 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, unga aloqador «Yangi Finance» mikromoliya tashkiloti (MMT) hamon ishlab turibdi, biroq tashkilot portfeli juda tez qisqarib, muammoli kreditlari ko‘paymoqda. Bu Markaziy bank ma’lumotlarida aks etgan.
2026-yil 1-oktabr holatiga «Yangi Finance» portfeli 56,6 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 126,2 mlrd so‘m edi. Kredit portfeli bir yil ichida ikki barobardan ko‘proqqa kamaydi.
Bundan tashqari, shu davrda tashkilot aktivlari va kapitalida ham o‘xshash manzara kuzatilmoqda. Aktivlar 139,5 mlrd so‘mdan 66,6 mlrd so‘mga tushdi, kapital esa 38,9 mlrd so‘mdan 18,5 mlrd so‘mga qisqardi.
Ko‘rsatkich, mlrd so‘m | 2025-yil 1-oktabr | 2026-yil 1-oktabr | O‘zgarish |
Jami aktivlar | 139,5 | 66,6 | −52% |
— shundan sof kreditlar | 106,4 | 25,4 | −76% |
Jami majburiyatlar* | 100,6 | 48,1 | −52% |
Jami kapital | 38,9 | 18,5 | −52% |
— shundan ustav kapitali | 2,0 | 2,0 | 0 |
|
|
|
|
Manba: Markaziy bank. *Majburiyatlar aktivlardan kapitalni ayirib hisoblangan.
Muammoli kreditlar (NPL) esa 35,6 mlrd so‘mga yetdi. Bu portfelning 62,9 foizi deganidir. O‘zbekiston mikromoliya bozori bo‘yicha bu eng yomon ko‘rsatkichlardan biridir. Oktyabr boshida muammoli kreditlar hajmi kapitaldan qariyb ikki barobar ko‘proq bo‘lib qoldi.


Manba: Markaziy bank
Portfelning qisqarishi yangi kreditlar deyarli berilmayotganini ko‘rsatadi. Tushum asosan eski qarzlarni undirishdan kelmoqda. Qarzini to‘laydigan mijozlar qarzni yopib chiqib ketmoqda, to‘lolmaydiganlari esa portfelda qolmoqda. Shu sababli muammoli kreditlar ulushi oydan-oyga yomonlashmoqda.
Zarar balansda allaqachon aks etmoqda
1-oktabr holatiga «Yangi Finance»ning sof kreditlari atigi 25,4 mlrd so‘m. Demak, 56,6 mlrd so‘mlik yalpi portfelga taxminan 31,2 mlrd so‘m zaxira ajratilgan. Bu muammoli kreditlarning qariyb 88 foizini qoplaydi.
Qoplanmagan qism 4–5 mlrd so‘m atrofida. Ya’ni kapital hozircha musbat, ammo bu keyingi oylardagi taxminiy zararlardan so‘ng o‘zgarishi ehtimoldan xoli emas.
«Yangi Finance» qarz mablag‘lari hisobiga ishlagan
2026-yil 1-fevral holatiga uning 94,4 mlrd so‘mlik majburiyatlarining 76,5 mlrd so‘mi, ya’ni 81 foizi banklardan jalb qilingan mablag‘lar edi.
Ustav kapitali butun davr davomida qonunda belgilangan eng kam miqdorda, ya’ni 2 mlrd so‘m bo‘lib qolgan. Kapitalning qolgan qismi avvalgi yillarda to‘plangan foydadan iborat.
Kapitalning kamayishi tezlashmoqda. Martdan oktabrgacha u 29 mlrd so‘mdan 18,5 mlrd so‘mga tushdi, ya’ni oyiga o‘rtacha 1,5 mlrd so‘mga kamaydi. Bu sur’at saqlansa, kapital taxminan bir yilda tugaydi.
Majburiyatlar esa fevraldagi 94,4 mlrd so‘mdan oktabrda 48,1 mlrd so‘mga tushdi. Demak, shu davrda kreditorlarga qariyb 46 mlrd so‘m qaytarilgan. Bu pul asosan portfeldan qaytgan to‘lovlar hisobiga yig‘ilgan.
Aktivlarning faqat 25,4 mlrd so‘mi kreditlardan iborat. Qolgan 41 mlrd so‘mlik aktivlarning tarkibi, ya’ni pul mablag‘lari, debitorlik qarzlari va boshqalar oshkor qilinmagan.
«Yangi Bank» bilan aloqasi
«Yangi Finance» 2022-yilning iyunida ro‘yxatdan o‘tgan va o‘sha oyning o‘zida MMTlar reyestriga kiritilgan. U «Yangi Bank»dan bir yil oldin paydo bo‘lgan. Ikkalasi ham «Yangi Group» tarkibiga kiradi. Guruhga «Yangi Payment» va «Yangi Crypto» kompaniyalari ham tegishli.
| «Yangi Finance» (MMT) | «Yangi Bank» |
Egasi | «Yangi-Group» MCHJ XK — 99,95% | «Yangi-Group» — 100% |
Yakuniy ta’sischi | «Yangi Holding Pte Ltd» (Singapur) | «Yangi Holding Pte Ltd» (Singapur) |
Rahbar | Direktor Timofey Smirnov (reyestr bo‘yicha) | 2025-yilning yozidan boshqaruv raisi Timofey Smirnov |
Holati | Reyestrda, hisobot topshirmoqda | 2026-yil 15-yanvardan litsenziyasi yo‘q, tugatilmoqda |
Ikki tashkilot o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy aloqa ham bo‘lgan. 2025-yil 25-fevralda «Yangi Bank» va «Yangi Finance» o‘rtasida 25 mlrd so‘mlik kredit kelishuvi tuzilgan. Bitim affillangan shaxs bilan tuzilgan bitim sifatida oshkor qilingan. O‘sha paytda MMTning banklardan olgan qarzi 82 mlrd so‘m edi. Shundan qancha qismi «Yangi Bank»ka tegishli ekani ma’lum emas.
Bu savol muhim. Agar MMT qarzining katta qismi «Yangi Bank»dan olingan bo‘lsa, endi u bank tugatish komissiyasi undirishi kerak bo‘lgan aktiv hisoblanadi. Tugatish komissiyasi esa avvalo omonatchilar va kreditorlar manfaatini ko‘zlaydi.
Guruhning yana bir zaif nuqtasi — «Yangi Bank»ning o‘zi. Litsenziya chaqirib olingan paytda bankning zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan, xususiy kapitali esa 500 mlrd so‘mlik talab o‘rniga 182,9 mlrd so‘m bo‘lgan. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning aytishicha, bankni investorlarga sotish varianti ham ko‘rib chiqilgan, biroq xaridor topilmagan. Guruh bankni kapitallashtira olmagan bo‘lsa, MMTni qo‘llab-quvvatlash imkoni ham cheklangan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank «Yangi Bank»ning litsenziyasini chaqirib olgani haqida xabar bergan edik.





