Bugundan Toshkent aeroportida mobil qurilmalarni bojxonadan o‘tkazishdagi cheklov bekor qilindi
«Bugundan yana mobil qurilmalarni bemalol olib kirish boshlandi. Shu paytgacha olib qo‘yilgan bir necha yuzlab mobil qurilmalarni hozirda qaytarish ishlari boshlandi», — dedi Husan Tangriyev.
© Videodan kadrBugun, 11-noyabr kunidan boshlab Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelingan mobil telefonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, UZIMEI va Bojxona qo‘mitasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini aniqlashda bojxona xodimlariga yordam berish uchun UZIMEI vakillarining Toshkent xalqaro aeroportida doimiy faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu amaliyot yo‘lga qo‘yilgach, bojxona postida telefonlarni rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatish haqidagi chora bekor qilingan.
Olib qo‘yilgan telefonlar egalariga qaytarilmoqda
Ma’lum qilinishicha, cheklov amalda bo‘lgan davrda yo‘lovchilardan vaqtinchalik olib qo‘yilgan bir necha yuz dona mobil qurilmalarni o‘z egalariga qaytarish ishlari boshlangan.
«Bugun kunning birinchi yarmida UZIMEI vakillari, Bojxona qo‘mitasi vakillari Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lishdi, muzokaralar olib borishdi. Ya’ni mobil qurilmalarning IMEI identifikatorlarini aniqlashda, ya’ni chuqur aniqlashga zarurat tug‘ilgan hollarda Bojxona qo‘mitasiga, bojxona xodimlariga amaliy ko‘mak berish uchun UZIMEI vakillarining Toshkent xalqaro aeroportida doimiy faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yildi va bugundan boshlab vaqtincha to‘xtatish haqidagi chora bekor qilindi. Bugundan yana mobil qurilmalarni bemalol olib kirish boshlandi. Shu paytgacha olib qo‘yilgan, demak, bir necha yuz dona mobil qurilmalarni hozirda qaytarish ishlari boshlandi», - dedi Tangriyev.
Cheklov o‘rnatilishiga nima sabab bo‘lgan edi?
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda 6-noyabrdan boshlab O‘zbekiston aeroportlarida xorijdan olib kirilayotgan qimmatbaho smartfonlar (xususan, iPhone) va ularning IMEI-kodlari nazorati kuchaytirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, qiymati 1 000 dollardan yuqori bo‘lgan telefonlar qo‘shimcha ekspertizaga yuborilib, bu jarayon 30 kungacha davom etishi mumkin. Biroq ba’zi xabarlarga ko‘ra, 450 dollar (yoki undan ko‘proq) miqdorida to‘lov evaziga ushbu ekspertizani bir kunda tezkor yakunlash taklif qilinmoqda. Bu mish-mishlar fonida Toshkentdagi «Malika» bozorida iPhone 18 Pro Max narxi 10,6 foizga (1700 dollardan 1880 dollargacha) ko‘tarilib ketgan.
10-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kelinayotgan smartfonlarni bojxonada rasmiylashtirish vaqtincha to‘xtatildi. Bojxona qo‘mitasi cheklovni ayrim telefonlarda soxta yoki boshqa qurilmaga tegishli IMEI-kodlardan foydalanish holatlari ko‘paygani bilan izohladi. Qayd etilishicha, bunday holatlarni aniqlash uchun qo‘shimcha tekshiruvlar zarur bo‘lgan. Natijada xorijdan telefon olib kelgan ayrim yo‘lovchilar qurilmalarini rasmiylashtira olmay, ularni vaqtincha bojxonada qoldirishga majbur bo‘ldi.





