O‘zbekistonda telefonlar uchun import boji bekor qilinishi kutilmoqda
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish arafasida mobil qurilmalar import bojini 0 foizga tushiradi.

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish arafasida chetdan olib kiriladigan mobil qurilmalar uchun import bojini to‘liq bekor qiladi. Bu haqda 11-noyabr kuni Bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Rasmiylarga ko‘ra, JSTga a’zolik muzokaralari doirasida boshqa davlatlar bilan mobil qurilmalar importi bo‘yicha nollik stavkani qo‘llash yuzasidan kelishuvga erishilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga tayaniladigan bo‘lsa, bojxona boji bekor qilingach, telefonlar xaridorlar uchun taxminan 5 foizga arzonlashishi mumkin. Biroq, import boji nolga tushirilgan taqdirda ham, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lanishi saqlab qolinadi.
Ushbu o‘zgarishning davlat budjetiga ta’siri ham baholangan. Bojxona qo‘mitasi vakilining keltirishicha, hozirgi vaqtda telefonlar importidan budjetga tushayotgan mablag‘ qariyb 2 trillion so‘mni tashkil etadi. Nollik stavka amaliyotga joriy etilgach, ushbu tushum 300–400 milliard so‘mga kamayishi kutilmoqda.
Matbuot anjumanida mazkur nollik stavka aynan qaysi sanadan boshlab kuchga kirishiga aniqlik kiritilmadi.
«Peregovorlar protsessi», ya’ni o‘zaro muloqotda boshqa davlatlar bilan bojxona boji stavkalarini, muqobil stavkalarini bir-birimiz bilan kelishamiz. O‘sha kelishuvda mobil qurilmalarimizning stavkasini nol foiz miqdorda kelishganmiz. Ya’ni, JSTga kirish arafasida bu stavka baribir nolga tushadi. Ya’ni sizga hozir, mana, budjetga ikki trillion tushayotgan bo‘lsa, ikki trillion emas, uch yuz, to‘rt yuz milliard kamroq tushadi. Lekin aholiga besh foiz sal kamroq, arzonroq bo‘ladi. Biroq NDS baribir to‘g‘ri», - dedi Bojxona qo‘mitasi mas’uli.





