Logo

O‘zbekiston va Tojikiston yuk tashish jarayonlarini soddalashtirmoqchi

Bugun 15:461 daqiqa

Tomonlar qurilish materiallarini tashish xarajatlarini kamaytirish, vagonlardan yuk tushirishni tezlashtirish va chegara punktlaridan yuklarni o‘tkazishni yengillashtirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston va Tojikiston yuk tashish jarayonlarini soddalashtirmoqchi © RIA Novosti

O‘zbekiston va Tojikiston o‘zaro yuk tashishni tezlashtirish hamda O‘zbekistondan eksport hajmini oshirish bo‘yicha qisqa muddatda choralar ko‘rishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Mazkur masalalar transport vaziri Ilhom Mahkamov va Tojikiston iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Ruxshona Nasriddinzoda boshchiligidagi delegatsiya uchrashuvida ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda O‘zbekistondan Tojikistonga avtomobil transportida qurilish materiallarini olib o‘tish uchun undiriladigan yig‘imlarni maqbullashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, temiryo‘l orqali Tojikistonga yetkazilayotgan eksport yuklarini vagonlardan tushirishni tezlashtirish ko‘rib chiqildi.

Tomonlar chegara punktlarining o‘tkazuvchanligini oshirish, eksport va tranzit jarayonlarini soddalashtirish hamda yuk tashuvchilar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan ham fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha zarur choralarni qisqa muddatda amalga oshirishga kelishildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston O‘zbekiston bilan qo‘shma investitsiya kompaniyasining faoliyat shartlarini o‘zgartirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Tojikiston yuk tashish jarayonlarini soddalashtirmoqchi | Vaqt.uz