Logo

CLiCA dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga 103,7 mln yevro ajratiladi

Bugun 17:572 daqiqa

7 yilga mo‘ljallangan ushbu dasturni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy hajmi 264,4 mln yevroni tashkil etadi. COP31 konferensiyasida bu pullar nimalarga yo‘naltirilishi aytildi.

CLiCA dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga 103,7 mln yevro ajratiladi

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston hamkorligida xalqaro sheriklar ko‘magida ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga chidamli landshaftlar» (CLiCA) mintaqaviy dasturiga umumiy hisobda 264,4 million yevro ajratiladi, shundan 103,7 million yevro O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Turkiyada bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo‘yicha Jahon sammitining ochilish marosimida aytildi.

Amaliy tashrif bilan Turkiyada bo‘lgan prezident Shavkat Mirziyoyev ham unda ishtirok etdi. Aytilishicha, mablag‘lar o‘rmonlar va yaylovlarni tiklash, qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror yondashuvlarni joriy etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda qishloq aholisining iqlim o‘zgarishiga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston global iqlim kun tartibi doirasida zimmasiga olgan majburiyatlarni izchil bajarib kelayotgani aytildi. Xususan, 2035 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 2010 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

COP31 konferensiyasi 9-noyabr kuni boshlangan va 20-noyabrga qadar davom etadi. Unda davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda. Parij bitimini hayotga tatbiq qilish, havoga issiqxona gazlarini chiqarishni qisqartirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, iqlim moliyasi qamrovini kengaytirish hamda «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish jarayonini jadallashtirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Suv resurslari taqchilligi, tuproqning tanazzulga uchrashi, muzliklar erishi, qurg‘oqchilik va global isishning boshqa oqibatlari kuchayib borayotgan sharoitda bu masalalar O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Orolni qutqarish uchun 3,3 milliard dollarlik 133 ta loyiha amalga oshirilishi haqida yozgan edik.

Teglar