O‘zbekiston Orolbo‘yi uchun 5 mln dollar ajratadi: u nimaga ishlatiladi?
Avval 16,2 mln dollar mablag‘ jalb qilingan.
© Fofo: wikipediaO‘zbekiston Orol dengizi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama trast fondining ikkinchi bosqichiga 5 mln dollar ajratish majburiyatini oldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ikkinchi bosqich 2030-yilgacha mo‘ljallangan. U alohida individual sinov loyihalardan o‘lchanadigan natijalarga ega va aholining keng qatlamini qamrab oladigan yirik kompleks dasturlarga o‘tishni nazarda tutadi. Hukumatning hissasi xalqaro hamkorlarning qo‘shimcha mablag‘larini jalb qilish, aralash moliyalashtirish mexanizmlarini shakllantirish va ishtirokchilar doirasini kengaytirish uchun asos sifatida qaralmoqda.
Fond 2018-yilda tashkil etilgan. Birinchi bosqich davomida u 16,2 mln dollar mablag‘ jalb qilgan. Loyiha takliflari bo‘yicha o‘tkazilgan to‘rtta tanlov natijasida BMT tizimidagi sakkizta tashkilot ishtirokida to‘qqizta qo‘shma dastur va bitta alohida agentlik loyihasi moliyalashtirilgan. 2023-yilning oxiriga kelib, tashabbuslar Qoraqalpog‘istonning sakkizta tumanida 293 mingdan ortiq bevosita benefitsiarni qamrab olgan.
Uchrashuvda Orol ekologik halokati oqibatlari aholi salomatligi, ekotizimlar holati, suv va oziq-ovqat resurslaridan foydalanish imkoniyati, daromad manbalari hamda mahalliy jamoalarning hayot sifatiga ta’sir ko‘rsatishda davom etayotgani ta’kidlangan.
Fond faoliyatining keyingi bosqichidagi ustuvor yo‘nalishlar qatorida iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish, suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va barqaror daromad manbalarini qo‘llab-quvvatlash, ekologik va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilish belgilangan.
Ishtirokchilar, shuningdek, kelishilgan huquqiy va moliyaviy talablar asosida BMT tizimiga kirmaydigan malakali tashkilotlarni jalb qilish orqali hamkorlik modelini kengaytirish masalasini ham muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orolni qutqarish uchun 3,3 mlrd dollarlik 133 ta loyiha amalga oshirilishi haqida yozgan edik. Pullarni Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi, Global ekologik jamg‘arma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar beradi.





