To‘lanmagan jarimalar uchun avtomobillarni jarima maydonchasiga joylashtirish tartibi tasdiqladi
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalarni 60 kun ichida to‘lamagan qarzdorlarning avtomobillari jarima maydonchasiga joylashtiriladi.
© Foto: avtoelon.uzIchki ishlar vazirligi yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqishning yangi tartibini tasdiqladi. Unga ko‘ra, belgilangan muddatda to‘lanmagan jarimalar sababli avtomobillar jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. Vazir Aziz Toshpo‘latovning 5-noyabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma 2027-yil 7-yanvardan kuchga kiradi. Hujjat 2011-yildan beri amalda bo‘lgan yo‘riqnomaning o‘rnini egallaydi
Hujjatga ko‘ra, yo‘l harakati qoidasini buzganlik uchun jarima qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kun ichida to‘lanishi shart. Agar qaror ustidan shikoyat qilingan yoki protest bildirilgan bo‘lsa, to‘lov muddati shikoyat yoki protest qanoatlantirilmagani haqida xabar berilgan kundan boshlab 30 kunni tashkil etadi.
Avtomatik nazorat va joyida to‘lash imkoniyati
Jarima belgilangan muddatda to‘lanmasa, avtomobil va qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) inspektorlarining planshetlarida avtomatik ravishda aks etadi.
Inspektorlar ushbu elektron ma’lumotlar asosida alohida ma’muriy bayonnoma tuzmasdan turib, avtomobilni ushlab, jarima maydonchasiga yuboradi.
Shu bilan birga, haydovchilarda avtomobilning jarima maydonchasiga joylashtirilishini chetlab o‘tish imkoniyati saqlab qolingan. Yo‘riqnomada belgilanishicha, inspektor tomonidan to‘xtatilgan vaqtda qarzdorlik elektron to‘lov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali to‘liq to‘lansa va to‘lov tasdig‘i tizimga avtomatik ravishda kelib tushsa, avtomobil ushlab turilmaydi.
Ushlab turilgan avtomobil jarima maydonchasida jarima to‘g‘risidagi qarorni ijro etish bo‘yicha ish yuritish yakunlanguniga qadar saqlanadi. Qarzdorlik to‘langandan so‘ng hududiy ma’muriy amaliyot markazi xodimlari to‘lovni tekshiradi va avtomobilni qaytarish uchun elektron ruxsatnoma rasmiylashtiradi. Muddatida to‘lanmagan jarimalar bo‘yicha qarorlar esa «Ma’muriy amaliyot» elektron tizimi orqali qarzdorlikni undirish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (MIB) yuboriladi.
Elektron bayonnomalar va kameralar orqali qayd etish
Yangi tartibga asosan, YHXX xodimlari tomonidan ma’muriy bayonnomalar asosan planshetlar yordamida elektron shaklda tuziladi. Huquqbuzarning shaxsini aniqlash uchun biometrik tizimlardan, bayonnomani tasdiqlash uchun esa elektron imzo yoki barmoq izidan foydalaniladi.
Qog‘oz shaklidagi bayonnomalar faqat ayrim holatlarda, jumladan, haydovchi huquqbuzarlikni inkor etsa, ish jabrlanuvchining arizasi asosida qo‘zg‘atilsa yoki aloqa mavjud bo‘lmasa tuzilishi mumkin. Keyinchalik bunday hujjatlar skaner qilinib, baribir elektron tizimga kiritiladi.
Shuningdek, huquqbuzarlardan jarimani inspektor tomonidan joyida undirish qat’iyan taqiqlanadi.
Agar yo‘l harakati qoidasi buzilgani avtomatik kameralar orqali qayd etilsa, ma’muriy bayonnoma tuzilmasdan va huquqbuzar ishtirokisiz qaror chiqarilishi ma’lum qilindi.
Bunda javobgarlikka avtomobil egasi yoki undan foydalanish huquqi rasman berilgan shaxs tortiladi. Qayd etilgan huquqbuzarlik ma’lumotlari 48 soat ichida vakolatli organga kelib tushmasa, ma’muriy ish tugatiladi.
Chegirmalar va jarima ballari tizimi
Ma’muriy ishlar 15 kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda xabarnoma Yagona portal (YAIDXP) yoki mobil ilovaga yuboriladi. Jarima qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘lansa summaning 50 foizini, 30 kun ichida to‘lansa 70 foizini to‘lash yetarli bo‘ladi. Ushbu imtiyozlar bir yil ichida takroran sodir etilgan qoidabuzarliklarga va transport vositasini mast holda boshqarish kabi og‘ir holatlarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Bundan tashqari, qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini hisoblash tartibi ham ochiqlangan. Unga ko‘ra, bir huquqbuzarlik uchun ko‘pi bilan ikki ball hisoblanadi va ular bir yil o‘tgach bekor qilinadi. Haydovchi 12 balldan ortiq to‘plagan taqdirda, qo‘shimcha jazo tayinlash masalasini ko‘rib chiqish uchun materiallar sudga yuboriladi. Jarima qarori ustidan shikoyat qilish muddati esa nusxa olingan kundan boshlab 10 kunni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu hujjat bilan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha jarimalar va ball hisoblashning yangi tartibi ham belgilangani haqida xabar berilgandi.





