Logo

IMEI tizimidan maqsad to‘lov undirish emas — Bojxona qo‘mitasi

Bugun 21:202 daqiqa

Farhod Olimjonov mazkur tizimning asl vazifasi g‘aznani to‘ldirish emas, aksincha, mamlakatda smartfonlarning qonuniy aylanmasi va iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash ekanini aytdi.

IMEI tizimidan maqsad to‘lov undirish emas — Bojxona qo‘mitasi

O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazishning asosiy maqsadi aholidan to‘lov undirish yoki odamlarga ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirish emas, balki telefonlarning qonuniy aylanmasi va xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Bu haqda 11-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Farhod Olimjonov ma’lum qildi.

Mas’ulning ta’kidlashicha, IMEI mobil telefonlardan xavfsiz va qonuniy foydalanishni ta’minlash uchun yaratilgan jahon tajribasidagi tizimdir. Uning birinchi maqsadi — telefonni aniqlash. Tizim yo‘qolgan yoki o‘g‘irlangan qurilmalarni tarmoqda bloklash va jinoyatchilikning oldini olish imkonini beradi. Shuningdek, bank kartalari orqali sodir etiladigan elektron firibgarliklarni aniqlashda ham mazkur tizimning o‘rni katta.

«Telefoningizni o‘g‘irlab ketishsa, kimga murojaat qilasiz? IMEI markaziga aytsangiz, raqamiga qarab, qurilmani bloklab qo‘yadi. Shu bilan u telefon O‘zbekistonda ishlamaydi. Uni o‘g‘irlashdan foyda qolmaydi. Ya’ni bu o‘g‘rilikning oldini oladi. Bugungi kunda sizga karta raqamingizni aytib yuboring, falon raqamni aytib yuboring, sizga SMS keldi, shu kabi narsalar hozir bloklanyapti va uning ortida ham IMEI raqami turibdi. IMEI raqam kerak emas desangiz, bo‘ldi, unda firibgarliklarga darvozani katta qilib ochib beraylik», — dedi Farhod Olimjonov.

Matbuot anjumanida boj stavkalarini belgilash Bojxona qo‘mitasining vakolatiga kirmasligi, idora faqat qonunchilikda tasdiqlangan to‘lovlarni undirish bilan shug‘ullanuvchi ijrochi organ ekani aytildi.

«Asosiy xulosaga keladigan bo‘lsak, IMEI ro‘yxatdan o‘tkazishning maqsadi aholiga ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirish yoki to‘lov undirish emas, balki telefonlarning qonuniy aylanmasi va xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Bojxona shu maqsaddagi bir dona mexanizm hisoblanadi. Taklif kiritish kerak, bojxona boji 5 foiz bo‘lsa, shuni olib tashlash kerak. Bojxona qo‘mitasi undiruvchi idora, biz 5 foiz deyilsa 5 foiz, 10 foiz qo‘yib berilsa, 10 foiz undirishimiz kerak. Bu Bojxona idorasi vakolatiga kiradigan masala emas», — deya qo‘shimcha qildi Bojxona qo‘mitasi vakili.

Teglar

Mavzuga oid