Logo

BHM oshdi: uning o‘sishi inflatsiya va aholi daromadlariga qanday ta’sir qiladi?

O‘zbekistonda so‘nggi yetti yilda BHM 223 ming so‘mdan 440 ming so‘mgacha oshib, qariyb ikki baravar ko‘paydi. Ayrim yillarda uning o‘sishi inflatsiyadan yuqori bo‘ldi, bu esa BHMga bog‘langan to‘lovlar miqdorini ham oshirdi. Vaqt.uz BHMning belgilanishi, uning inflatsiya hamda daromadlarga ta’sirini o‘rgandi.

BHM oshdi: uning o‘sishi inflatsiya va aholi daromadlariga qanday ta’sir qiladi? © SI asosida yaratilgan

 

2026 yil 1-sentabrdan O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga yetdi. BHMga bog‘langan davlat bojlari, jarimalar, ayrim litsenziya va ruxsatnomalar, davlat xizmatlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar miqdori ham oshdi.

Biroq gap faqat BHMning oshishida emas. U qanday belgilanadi, uni belgilashda inflatsiya hamda aholi daromadlari hisobga olinadimi? Vaqt.uz bu masalani batafsil o‘rgandi.

BHM nima va u qanday belgilanadi?

Bazaviy hisoblash miqdori (BHM) — davlat tomonidan belgilanadigan va turli to‘lovlarni hisoblashda qo‘llanadigan o‘lchov birligi. U davlat bojlari, yig‘imlar, ma’muriy jarimalar va ayrim davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni belgilashda ishlatiladi. Ya’ni BHMning o‘zi to‘lov emas, balki uning miqdorini hisoblash uchun asos bo‘ladi.

BHM miqdori avtomatik ravishda hisoblab chiqilmaydi. Uning yangi miqdori davlat tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjat bilan belgilanadi. Hujjatda BHMning yangi miqdori va u qachondan boshlab amal qilishi ko‘rsatiladi.

Bunda BHMni oshirish uchun inflatsiya yoki boshqa bir ko‘rsatkichga bog‘langan qat’iy mezon mavjud emas. Biroq BHMni qayta ko‘rib chiqishda inflatsiya va narxlar o‘zgarishi, aholi daromadlari, budjet imkoniyatlari hisobga olinishi kerak. Chunki BHMning o‘zgarishi, avvalo, unga bog‘langan to‘lovlarda aks etadi.

Bunday to‘lovlar odatda BHMning ma’lum baravarida belgilanadi. Masalan, amaldagi BHM 440 ming so‘m bo‘lsa, 3 BHM miqdoridagi to‘lov 1 mln 320 ming so‘mni tashkil etadi. Demak, BHM oshirilganda, unga bog‘langan to‘lovlarning so‘mdagi miqdori ham oshadi.

BHM so‘nggi yetti yilda 2 barobarga oshdi

Dastlab BHM alohida hisoblash ko‘rsatkichi sifatida 2019 yil 1-sentabrdan joriy etilgandi. Ungacha ayrim jarimalar, davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni hisoblashda eng kam ish haqi (EKIH) ko‘rsatkichidan foydalanilgan. O‘sha paytda uning miqdori 223 ming so‘mni tashkil etgan.

2020 yilda 223 ming so‘m bo‘lgan BHM 2026 yilga kelib 440 ming so‘mga yetgan. Bu davrda uning miqdori 217 ming so‘mga yoki 97,3 foizga oshgan. Ya’ni BHMning nominal qiymati yetti yil ichida deyarli ikki baravar ko‘paygan. So‘nggi yetti yildagi o‘zgarish esa quyidagicha:

1

Biroq o‘sish barcha davrlarda bir xil sur’atda kechmagan. Ayrim yillarda u bir yo‘la 30–35 ming so‘mga oshirilgan. Xususan, 2022 yil iyunida BHM 270 ming so‘mdan 300 ming so‘mga, 2024 yil oktabrida esa 340 ming so‘mdan 375 ming so‘mga ko‘tarilgan. Shundan so‘ng, 2025 yildan bazaviy hisoblash miqdori  412 ming so‘m etib belgilangan.

BHMning miqdori yildan-yilga oshib borayotgan bo‘lsa-da, uni o‘zgartirish bo‘yicha qat’iy belgilangan sana yo‘q. Shu sababli BHMning o‘zgarishi yilning turli paytlarga to‘g‘ri kelgan. Ayrim yillarda esa uning miqdori bir yilning o‘zida ikki marta oshirilgan.

Buni so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarda ham ko‘rish mumkin. Xususan, 2021 yilda BHM ikki marta – fevral va sentabr oylarida, 2023 yilda esa aprel va dekabr oylarida o‘zgartirilgan. Har ikki holatda ham 7-8 oy farq bilan oshirilgan.

BHMni belgilashda yillik tartibga o‘tish kerakmi?

Ayrim qo‘shni davlatlarda esa hisoblash ko‘rsatkichini kelgusi yil uchun oldindan belgilash amaliyoti mavjud.

Masalan, Tojikistonda ham soliq, jarima va boj xarajatlarini aniqlashda qo‘llaniladigan  «Hisob-kitoblar uchun ko‘rsatkich» (Pokazatel dlya raschetov) har yili kelgusi moliyaviy yil uchun qabul qilinadigan respublika budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan oldindan tasdiqlanadi. Xususan, 2026 yil 1-yanvardan kuchga kirgan qonunga muvofiq, Tojikistonda ushbu ko‘rsatkich 78 somoni etib belgilangan.

Biroq Qozog‘istonda oylik hisoblash ko‘rsatkichi (MRP-Aylыq yeseptіk kөrsetkіsh) har yili kelgusi yil uchun respublika budjeti to‘g‘risidagi qonun bilan belgilanib, 1-yanvardan kuchga kiradi. Masalan, 2026 yil uchun MRP 4 325 tenge (112 ming 360 so‘m) etib belgilangan.

Shu bilan birga, Qozog‘istonda ham bu tizim darhol shakllanmagan. Xususan, 2020 va 2022 yillarda MRP miqdori yil davomida ikki marta qayta ko‘rib chiqilgan. Keyingi yillardan esa MRPni yiliga bir marta – 1-yanvardan belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Natijada ko‘rsatkichning yil davomida o‘zgarishi istisno holatga aylanib, uning miqdori kelgusi yil uchun oldindan belgilanadigan tizim shakllandi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda BHMni har bir moliya yili uchun oldindan belgilash va uning amal qilish muddatini qonunchilikda aniq ko‘rsatish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Bunday tartib BHM ga bog‘langan to‘lovlar qachon o‘zgarishini oldindan bilish va xarajatlarni rejalashtirish imkonini beradi.

Bu masalaga  «Avval iqtisod» ko‘rsatuvining 7-iyundagi sonida BHMni qachon o‘zgartirish masalasiga to‘xtalib o‘tilgan.

«BHMni yilning o‘rtasida emas, yil boshida, 1-yanvardan o‘zgartirishimiz kerak. Chunki soliqlar, yig‘imlar va juda ko‘p hisob-kitoblar BHMga bog‘langan. Yil o‘rtasida BHMning o‘zgarishi hisob-kitoblar va hisobotlarda ko‘plab noaniqliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun uni har yili 1-yanvardan, inflatsiya va soliq hisob-kitoblaridan kelib chiqib o‘zgartirish to‘g‘ri bo‘ladi.»

Nega BHM inflatsiyadan yuqori, daromadlar esa undan past?

So‘nggi davrlarda yillik inflatsiya barqarorlashmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik inflatsiya 7–8 foiz atrofiga yetdi. Lekin narxlar o‘sishi va BHM dinamikasini solishtirsak, butunlay boshqa manzara kuzatildi. BHM 2022 yildan tashqari yillarda rasmiy inflatsiyadan yuqori stavkada oshirilgan:

2

Masalan, 2023 yilda BHM 13,3 foizga oshgan bo‘lsa, yillik inflatsiya 8,8 foizni tashkil etgan. 2025 yilda esa bu farq 2,6 foiz bandga yetgan. 2026 yilda BHM 6,8 foizga oshirilgan, inflatsiya esa 6,4 foizga yetgan. (Hozirgi inflatsiya 6,2 foiz)

Bu yerda masala BHMning inflatsiyadan yuqori oshirilishi bilan bir qatorda, BHMning o‘zgarishi aholining daromadlari va asosiy xarajatlariga mos kelishida. Chunki BHMning oshishi unga bog‘langan kichik yig‘imlardan tortib yirik davlat bojlarigacha bo‘gan  xarajatlarning oshishiga olib keladi. Shu sababli BHMning o‘sish sur’ati aholining to‘lov qobiliyatidan tezlashsa, uy xo‘jaliklarining xarajatlarini ko‘paytiradi.

Aholining real xarid qobiliyatini saqlash uchun esa daromadlar va ijtimoiy to‘lovlar inflatsiyaga mos ravishda o‘sib borishi kerak. Shunda aholi oshib borayotgan narxlarga mos daromad olib, asosiy ehtiyojlarini qoplay oladi.

Xo‘sh, nega BHM inflatsiyadan yuqori stavkada oshmoqda?

Axir uning o‘zgarishi pasport rasmiylashtirish, mashinani jarima maydonidan olib chiqish, litsenziya olish yoki sud xarajatlari kabi BHM asosida hisoblanadigan to‘lovlarga ham ta’sir qiladi. Masalan, narxlar 6,5 foizga oshgan bir paytda BHM 8 foizga ko‘tarilsa, unga bog‘langan to‘lovlar ham 8 foizga ortadi. Natijada bunday majburiy xarajatlarning o‘sishi umumiy inflatsiyadan yuqori bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, kelgusida BHMni inflatsiyadan yuqori sur’atda oshirmaslik, imkon qadar uning o‘sishini inflatsiya darajasida yoki undan past darajada saqlash kerak.

Shuningdek, aholi daromadlari narxlar o‘sishidan tezroq o‘sishi ta’minlanishi va BHM har bir yil uchun oldindan, shaffof va aniq mezonlar asosida tasdiqlanishi shart. Bu davlat to‘lovlarining oilaviy budjetga ortiqcha bosim qilishiga chek qo‘yib, fuqarolar va biznesga o‘z xarajatlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi.

Yana bir masala BHM asosida hisoblanadigan xizmatlar va yig‘imlarning o‘zgarishi rasmiy inflatsiya hisobida ko‘pincha to‘liq aks etmaydi. Bu esa aholining real xarajatlarini to‘g‘ri baholashga to‘sqinlik qiladi. Shu bois,  barcha to‘lov va xizmatlarning yagona ro‘yxati tuzilib, ayniqsa davlat xizmatlarining narx o‘zgarishi inflatsiya hisob-kitobiga qat’iy kiritilishi shart.

Teglar

Mavzuga oid