Logo

Profilaktika inspektorlariga yo‘l qoidasi uchun jarima qo‘llash vakolati berildi

Bugun 14:252 daqiqa

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlariga 17 turdagi kam ahamiyatli huquqbuzarlik bo‘yicha ogohlantirish berish va mahalla ko‘chalarida yo‘l qoidalarini buzganlik uchun 4 turdagi holat bo‘yicha jarima qo‘llash vakolati berildi.

Profilaktika inspektorlariga yo‘l qoidasi uchun jarima qo‘llash vakolati berildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlariga 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik uchun ogohlantirish berish va mahalla ko‘chalarida yo‘l harakati qoidalarining 4 turdagi buzilishi bo‘yicha jarima qo‘llash vakolati berildi. Bu haqda 4-sentabr kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilandi.

Qarorga muvofiq, ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalari faoliyati yagona tizim asosida tashkil etiladi. Bunda fuqarolarning murojaat va xabarlariga tezkor javob berish, aholi bilan ochiq muloqot qilish hamda huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilanadi.

Huquqbuzarliklarning sabab va omillarini joyida aniqlash va bartaraf etish, shuningdek, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan har kuni manzilli profilaktik ish olib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Qo‘shimcha vakolatlar berildi

Profilaktika inspektorlarining vakolatlari ham kengaytiriladi. Ular birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ogohlantirish berish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, inspektorlar mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarining 4 turdagi buzilishi bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin. Tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbari yoki uning o‘rinbosarlari vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish va jazo qo‘llash huquqi ham beriladi.

Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda profilaktika inspektorining asosiy maqsadi aholi ishonchini oshirish hamda biriktirilgan hududda jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi.

Inspektorlarga kasbiy vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha topshiriqlar berish taqiqlanadi. Shuningdek, ularning bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘i bo‘lmagan boshqa rahbarlar tomonidan topshiriq va ko‘rsatmalar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Faoliyat natijasi baholanadi

Yangi tartib doirasida aholiga profilaktika inspektori faoliyatiga nisbatan ovoz berish orqali «ishonchsizlik tashabbusi» bildirish imkoniyati ham beriladi. Bunday tashabbus inspektorga nisbatan ichki ishlar organlaridagi xizmatidan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy choralarni qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.

Sudlarning profilaktika inspektorlari elektron shaklda yuritgan ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha zaruratsiz qog‘oz hujjatlarni talab qilishi amaliyoti ham bekor qilinadi.

Profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashda aholining ularga ishonch darajasi, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘rsatkichi hamda ma’muriy huquqbuzarliklarning takroran sodir etilish darajasi asosiy mezonlar bo‘ladi.

Shu bilan birga, profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Teglar

Mavzuga oid