Logo

Saida Mirziyoyeva Zamonaviy san’at markazining ochilishida qatnashdi

Bugun 19:241 daqiqa

U markaz Markaziy Osiyoda shu turdagi birinchi raqamli majmua ekanini aytdi.

Saida Mirziyoyeva Zamonaviy san’at markazining ochilishida qatnashdi © Saida Mirziyoyeva Telegram kanali

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida Zamonaviy san’at markazi ochilishida ishtirok etdi.

Ushbu dargohda ko‘rgazma zallari, kutubxona, konsept-stor, ta’lim maydonlari hamda uchrashuv va tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan jamoat hududlari o‘rin olgan.

«Qamrovining bu qadar kengligi uni butun Markaziy Osiyo mintaqasida shu turdagi birinchi raqamli majmua darajasiga olib chiqmoqda», — deya yozdi u sahifasida.

Yangi madaniy klaster 1912-yilda qad rostlagan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan. Inshootning me’moriy transformatsiyasi dunyoga mashhur «Studio KO» byurosi tomonidan amalga oshirildi. Uning ta’kidlashicha, endi u yerda ko‘rgazmalar, ilmiy izlanish jarayonlari, ma’ruzalar, ochiq muloqotlar, film namoyishlari, konsert va performanslar muntazam o‘tkazib boriladi.

«Mamlakatimizda yana bir shunday nufuzli, zamonaviy maydonning vujudga kelgani alohida ahamiyatga ega. “CCA Tashkent” ijodkorlar, kuratorlar va xalqaro tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatib, o‘zbekistonlik iste’dod egalarining yangi auditoriyaga chiqishi hamda xorijiy sahnalarda munosib e’tirof topishiga zamin yaratadi», — deydi administratsiya rahbari.

U mazkur loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi hamda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining katta sa’y-harakatlari natijasida ro‘yobga chiqqanini qo‘shimcha qildi.

Teglar

Mavzuga oid