«Bunyodkor» stadioniga elektr uzatish to‘xtatildi
Ofisi mazkur arenada joylashgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tgan.
© ijtimoiy tarmoqlar«Bunyodkor» stadioni qarzdorlik tufayli 4-sentabr kuni elektr ta’minotidan to‘liq uzib qo‘yildi. Buning oqibatida ofisi mazkur stadionda joylashgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat Superliga va Proliga uchrashuvlarining translyatsiya jarayoni hamda internet translyatsiyalarini taqdim etishda sifatning pasayishiga olib kelmoqda.
Odatda, rasmiy uchrashuvlar davomida Liga translyatsiya signallarini o‘zida qabul qilib, markazlashtirilgan tartibda ularni turli platformalar orqali qayta uzatish ishlarini amalga oshiradi.
«Biroq stadiondagi elektr energiyasi bilan yuzaga kelgan muammo sababli Liga serverlari to‘liq nofaol holatga keldi», — deyiladi tashkilot xabarida.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Liga uchrashuvlardan signallarni qayta uzatish uchun vaqtinchalik tashqi serverlardan foydalanmoqda.


