Logo

Markaziy Osiyo davlatlari Osiyo o‘yinlaridagi medallar uchun qancha pul to‘laydi?

Bugun 12:254 daqiqa

Mintaqa davlatlarida sportchilarga medallar uchun beriladigan mukofotlar bir-biridan farq qiladi. Asosiy davlat mukofotidan tashqari ularga homiylarning mukofotlari va boshqa qo‘shimcha pullar ham berilishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari Osiyo o‘yinlaridagi medallar uchun qancha pul to‘laydi? © olympic.kz

Osiyo o‘yinlarida medal olish — sportchi uchun nafaqat shohsupaga chiqish va mamlakat sharafini himoya qilish, balki davlat tomonidan katta miqdorda mukofot puli olish imkoniyati hamdir. «Asia-Plus» Markaziy Osiyo davlatlarida sportchilar medallar uchun qancha pul olishini taqqosladi. Xususan, 2026-yilgi Osiyo o‘yinlarida Tojikiston va Qozog‘iston sportchilari qancha mukofot olishi mumkinligi, shuningdek, avvalgi Osiyo o‘yinlarida Qirg‘iziston va O‘zbekiston sportchilariga qancha pul berilgani ko‘rib chiqildi.

XX yozgi Osiyo o‘yinlari 19-sentabrdan 4-oktabrgacha Yaponiyada bo‘lib o‘tadi. Markaziy Osiyo davlatlari, odatdagidek, yakkakurashlar, og‘ir atletika va boshqa sport turlarida medallar uchun kurashadi. Shu bilan birga, sport natijasidan tashqari yana bir savol tug‘iladi: davlat uchun Osiyo o‘yinlarida oltin medal qancha turadi?

Tojikiston: oltin medal uchun 150 ming somoniy

Tojikistonda xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar uchun prezident mukofoti mavjud. Bu mukofot 2015=yilda joriy qilingan. Osiyo o‘yinlari ushbu mukofot tizimida eng yuqori — birinchi toifadagi musobaqalardan hisoblanadi.

Sportchilar quyidagi miqdorda mukofot oladi:

oltin medal — 150 ming somoniy (taxminan 16 ming dollar);
kumush medal — 100 ming somoniy (taxminan 10 ming dollar);
bronza medal — 50 ming somoniy (taxminan 5 ming dollar).

Qozog‘iston: hozircha $10 ming, ammo $50 ming dollargacha oshirilishi mumkin

Qozog‘istonda hozir amal qilayotgan mukofot pullari Tojikistondagidan farq qiladi. Amaldagi tartib bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida medal olgan sportchilarga:

oltin — $10 ming;
kumush — $5 ming;
bronza — $3 ming beriladi.

Medal olgan sportchining murabbiyiga esa:

oltin uchun — $5 ming;
kumush uchun — $3 ming;
bronza uchun — $2 ming beriladi.

Xanchjouda bo‘lib o‘tgan avvalgi Osiyo o‘yinlaridan keyin ham Qozog‘iston sportchilariga shu miqdorda pul berilgan. Ammo 2026-yilgi Osiyo o‘yinlari oldidan Qozog‘iston mukofot pullarini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirmoqda. Agar yangi tartib tasdiqlansa, sportchilar:

oltin medal uchun — $50 ming;
kumush medal uchun — $15 ming;
bronza medal uchun — $10 ming oladi.

Murabbiylarga esa:

oltin medal uchun — $10 ming;
kumush uchun — $7 ming;
bronza uchun — $5 ming beriladi.

Demak, oltin medal uchun mukofot hozirgi $10 mingdan $50 minggacha, ya’ni 5 baravarga oshishi mumkin. Lekin bu yangi summalar hali yakuniy tasdiqlanmagan. Shuning uchun hozircha Qozog‘istonda amaldagi mukofot — oltin medal uchun $10 ming.

Qirg‘iziston: Xanchjou chempionlariga 1,25 mln som berilgan

Qirg‘izistonda 2026-yilgi Osiyo o‘yinlari uchun alohida yangi mukofot miqdorlari hozircha e’lon qilinmagan. Shuning uchun avvalgi Osiyo o‘yinlari — Xanchjoudagi mukofotlar asos qilib olinmoqda. Xanchjouda oltin medal olgan qirg‘izistonlik sportchilarga 1 million 250 ming qirg‘iz somi taxminan 14 ming dollar) miqdorida sertifikat berilgan. Kumush medal uchun 750 ming qirg‘iz somi (taxminan 8,5 ming dollar), bronza medal uchun 500 ming qirg‘iz somi (taxminan 5,7 ming dollar) berilgan.

O‘zbekiston: dollar ko‘rinishidagi mukofotga qo‘shimcha katta pul ham berilgan

O‘zbekistonda Xanchjouda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida sportchilarni mukofotlash ikki qismdan iborat bo‘lgan. Birinchi qism — medal uchun beriladigan pul:

oltin medal — $5 ming;
kumush medal — $3 ming;
bronza medal — $2 ming.

Murabbiylarga esa:

oltin medal uchun — $2,5 ming;
kumush uchun — $1,5 ming;
bronza uchun — $1 ming berilgan.

Ammo sportchilar faqat shu pullarni olmagan. Ularga mahalliy budjet hisobidan qo‘shimcha mukofot ham berilgan. Bu mukofot BHM — bazaviy hisoblash miqdori orqali hisoblangan. Sportchilarga:

oltin medal uchun — 300 BHM;
kumush medal uchun — 200 BHM;
bronza medal uchun — 100 BHM.

Murabbiylarga esa:

oltin medal uchun — 200 BHM;
kumush uchun — 100 BHM;
bronza uchun — 50 BHM berilishi belgilangan.

Ya’ni O‘zbekistonda sportchi medal uchun oladigan asosiy pulga qo‘shimcha ravishda yana BHM hisobida katta miqdorda mukofot ham olgan.

Turkmanistonda vaziyat qanday?

Turkmaniston bo‘yicha aniq ma’lumot topish qiyin. Mamlakatning Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi sportchilarning natijalari haqida muntazam ma’lumot beradi. Ammo ochiq e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarda Osiyo o‘yinlarida oltin, kumush yoki bronza medal olgan sportchilarga qancha pul berilishi ko‘rsatilmagan. Xanchjoudagi avvalgi Osiyo o‘yinlari uchun ham Turkmanistonda medallar bo‘yicha aniq mukofot tizimi ochiq manbalarda ko‘rsatilmagan.

Ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni jamlasak, Markaziy Osiyo davlatlarida sportchilarga medallar uchun beriladigan mukofotlar bir-biridan farq qiladi. Shuni ham hisobga olish kerakki, asosiy davlat mukofotidan tashqari sportchilarga murabbiylar uchun to‘lovlar, homiylarning mukofotlari va boshqa qo‘shimcha pullar ham berilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid