Logo

Xitoydan Eron va AQSHga chaqiriq: mojaroni Yamanga yoymang

Bugun 08:003 daqiqa

Pekinda Xitoy va Eron tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Xo‘rmuz bo‘g‘ozini ochish hamda 17-iyundagi o‘zaro anglashuv memorandumiga qaytish masalalari ko‘tarildi.

Xitoydan Eron va AQSHga chaqiriq: mojaroni Yamanga yoymang © Foto: TASS

Xitoy rahbariyati Eron va AQSH o‘rtasidagi mojaroning Yaman hududiga kengayishiga qarshi chiqdi hamda tomonlarni joriy yilning 17-iyun kungi o‘zaro anglashuv memorandumiga qaytishga chaqirdi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Yi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bilan Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuv vaqtida ma’lum qildi.

Shuningdek, rasmiy Pekin Xo‘rmuz bo‘g‘ozining avvalgi formatdagi ishini tiklash tarafdori ekanini bildirgan. Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarning davom etishi hech kimning manfaatiga mos kelmaydi.

Abbos Araqchining Pekinga tashrifi joriy yilning 28-fevral kuni Yaqin Sharqda Amerika-Isroil tajovuzi boshlanganidan beri ikkinchisi bo‘ldi (vazirning bundan oldingi tashrifi may oyida amalga oshgan edi). Muzokaralar Tehron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi «Ansorulloh» (husiychilar) harakati Yamanda hukumat pozitsiyalariga qarshi muvaffaqiyatli hujum operatsiyalarini olib borayotgan bir vaqtda o‘tkazildi. Van Yi o‘z hamkasbiga Eron atrofidagi mojaro Yamanga daxl qilmasligi kerakligini tushuntirgan.

«Biz mintaqadagi keskinlik Yaman va Qizil dengizga tarqalishini xohlamaymiz. Barcha tomonlarni vaziyatni chigallashtirmaslikka, muammolarni muloqot va muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga chaqiramiz», — dedi Van Yi.

Xo‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va diplomatiyaga qaytish

Urush boshlanganidan beri Eron tomonidan qisman to‘sib qo‘yilgan Xo‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron tomoni qo‘shni Ummon bilan mazkur kema qatnovi arteriyasining ishlash rejasini umumiy tarzda kelishib olgan, biroq hozircha hujjatga tuzatishlar kiritilmoqda.

«Biz barcha tomonlarni Xo‘rmuz bo‘g‘ozini tezroq ochish, xalqaro dengiz yo‘llarida to‘siqsiz va xavfsiz kema qatnovini ta’minlash, shuningdek, energiya resurslarini xalqaro tashish va ta’minot zanjirlari barqarorligini saqlash uchun samarali choralar ko‘rishga chaqiramiz», — deya ta’kidladi Xitoy vaziri.

Shuningdek, Xitoy tashqi ishlar vaziri AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlar xalqaro hamjamiyat manfaatlariga mos kelmasligini aytib, tomonlarni Islomobodda masofaviy tarzda rasmiylashtirilgan 17-iyundagi memorandumga qaytishga undadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mavjud xavfsizlik tizimi «mukammal emas va isloh qilinishi, mustahkamlanishi kerak».

O‘z navbatida, Abbos Araqchi Eron Xitoy raisi Si Jinping tomonidan sentabr oyi boshida ilgari surilgan Yaqin Sharqda xavfsizlikni ta’minlash tamoyillarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«Eron Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlashga tayyor va Xitoy tomoni mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlashda yanada muhimroq rol o‘ynashiga umid qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Eron diplomatiyasi rahbari.

Vazir, shuningdek, Tehron Vashington bilan mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaytish niyatida ekanini va 17-iyundagi memorandumni hamon kuchda deb hisoblashini ma’lum qildi.

«Eron mojaroni davom ettirishdan manfaatdor emas, diplomatiya orqali hal qilish yo‘liga qaytishga umid qilmoqda va shu bilan birga o‘z huquq hamda manfaatlarini qat’iy himoya qilish niyatida. Eron tomoni AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi o‘z kuchida, deb hisoblaydi», — deya qayd etdi Araqchi.

Qayd etilishicha, vazirning bu so‘zlari Eron TIVdagi boshqa hamkasblarining bayonotlariga ziddir. Xususan, 15-iyul kuni Eron tashqi ishlar vazirining huquqiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Qozim G‘aribobodiy AQSH bilan kelishuvlar bekor qilinganini e’lon qilib, «Boshqa "o‘zaro anglashuv memorandumi" deb nomlangan hech qanday kelishuv yo‘q», — degan edi.

AQSHning sanksiyalar kampaniyasi va mojaroning «ikkinchi bosqichi»

Xo‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi boshiberk ko‘cha sababli Qo‘shma Shtatlar Eronning iqtisodiy hamkorlariga ikkilamchi sanksiyalar bilan tahdid qilib, Tehronni iqtisodiy jihatdan bo‘g‘ishga urg‘u bermoqda. Ushbu sanksiyalar kampaniyasi rasman 24-avgust kuni boshlandi.

Teglar

Mavzuga oid