Trampning boyligi 2024-yilgi saylovdan keyin 2,7 mlrd dollarga oshdi
Mamlakat tarixida hech kim siyosat orqali buncha ko‘p pul topmagan. Shunday bo‘lsa-da, Oq uy rahbarining boyligi so‘nggi bir yil ichida 300 million dollarga kamaygan.
© Getty imagesAQSH prezidenti Donald Trampning boyligi 2024-yildagi prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganidan keyin 2,7 milliard dollarga oshib, 7,3 milliard dollarga yetdi. Bu haqda «Forbes» yozdi.
«AQSH tarixida hech kim siyosat orqali buncha ko‘p pul topmagan», — deb yozadi nashr.
Oq uy rahbarining boyligi oshishida asosiy rolni kriptovalyuta loyihalari va tezda pulga aylantirish mumkin bo‘lgan aktivlar o‘ynagan. Ularning umumiy qiymati taxminan 2,4 milliard dollarni tashkil qiladi.
Jumladan, Tramp 709 million dollarlik mem-tokenlarga va «World Liberty Financial» loyihasining 338 million dollarlik tokenlariga ega. Shuningdek, uning steyblkoin chiqarish bilan shug‘ullanuvchi biznesi 233 million dollarga baholangan.
Bundan tashqari, AQSH prezidenti mamlakatda o‘nta golf maydoniga, Mar-a-Lago klubiga, Trump National Doral Miami golf-kurortiga va Yevropadagi uchta obyektga egalik qiladi. «Forbes» hisob-kitobiga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 1,8 milliard dollarga yetadi.
Shuningdek, Tramp ko‘chmas mulkka 1,1 milliard dollar sarmoya kiritgan. Uning eng yirik aktivlari qatoriga Nyu-York va San-Fransisko shahridagi ikkita ofis majmuasidagi ulushlar, Trump Tower osmono‘par binosi, Trump Park Avenue turarjoy majmuasi va boshqa obyektlar kiradi.
Yana 1 milliard dollar Trampning «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi «Trump Media and Technology Group» kompaniyasidagi ulushiga to‘g‘ri keladi. «Forbes» ta’kidlaganidek, moliyaviy nuqtai nazardan bu «Amerikadagi eng mantiqsiz bizneslardan biri». Kompaniya 2024-yilda atigi 3,7 million dollar daromad olgan, ammo 712 million dollar zarar ko‘rgan.
Oq uy rahbarining boshqa aktivlari taxminan 700 million dollarga baholanadi. Ular qatoriga boshqaruv biznesi, vertolyot va samolyot, farzandlariga berilgan 5 million dollarlik qarzlar hamda 2 million dollarlik pensiya jamg‘armalari kiradi.
Shu bilan birga, «Forbes» hisob-kitobiga ko‘ra, Trampning boyligi so‘nggi bir yil ichida 300 million dollarga kamaygan. Jumladan, u sud qarorlari bo‘yicha 94 million dollar to‘lashi kerak.
Avvalroq «Reuters» Tramp TRUMP mem-koinlarini sotishdan 635 million dollar daromad olganini ma’lum qilgan edi. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, Tramp hokimiyatga qaytganidan keyin uning oilasi kriptovalyuta loyihalariga investorlardan kamida 2,3 milliard dollar jalb qilgan.
«Reuters» suhbatlashgan etika bo‘yicha mutaxassislarning ta’kidlashicha, Tramp oilasining kriptovalyuta sohasidan olayotgan daromadlari jiddiy manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqarishi mumkin. Chunki bu sohani bir vaqtning o‘zida Tramp ma’muriyati ham tartibga soladi va qo‘llab-quvvatlaydi.





