Logo

Neft narxi 100 dollardan tushmayapti: «Saudi Aramco» eksport yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur bo‘ldi

Bugun 12:444 daqiqa

Saudiya Arabistoni sentabr va oktabr oylarida 60 mln barrelga yaqin neft eksport qilishga tayyorlanmoqda. Qo‘shimcha hajmlar Osiyodagi xaridorlarga yo‘naltiriladi.

Neft narxi 100 dollardan tushmayapti: «Saudi Aramco» eksport yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga majbur bo‘ldi

Mamlakat neft eksportining ma’lum bir qismini Fors ko‘rfazidagi muqobil logistika yo‘nalishlari orqali amalga oshirmoqda. «Reuters» agentligi xabar berishicha, «Saudi Aramco» kompaniyasi sentabr va oktabr oylarida 60 million barrelga yaqin xom neftni Ras-Tanura portidan O‘monning Sohar porti yaqinida kemadan-kemaga yuklash amaliyoti orqali eksport qilish uchun sotgan. Bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 1–1,5 million barrelni tashkil etadi.

Ushbu qo‘shimcha eksport Saudiyaning Qizil dengiz sohilidagi Yanbu porti orqali yetkazib berish hajmi kamaygan bir paytda yuz bermoqda. Yanbuga olib boruvchi «Sharq-G‘arb» neft quvuriga qilingan hujumdan so‘ng, mazkur port orqali eksport sezilarli darajada pasaygan. Shu sababli «Saudi Aramco» yo‘qotilgan hajmning bir qismini Fors ko‘rfazi orqali eksport hisobiga qoplashga urinmoqda.

Saudiya neftni qayerga yubormoqda?

«Reuters» agentligining savdo sohasidagi manbalariga ko‘ra, qo‘shimcha hajmlarning asosiy xaridorlari qatoridan Xitoy va Janubiy Koreyaning neftni qayta ishlash korxonalari o‘rin olgan. Shuningdek, ayrim partiyalar Hindiston va Yaponiyaga ham yetkazib beriladi.

Bunda neft Sohar porti yaqinida «kemadan kemaga», ya’ni qayta yuklash usulida tashilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, xom neft dastlab yaqinroq masofadagi portga yoki uning atrofiga olib boriladi, so‘ngra boshqa tankerga o‘tkazilib, yakuniy xaridorga yo‘naltiriladi.

«Reuters» ta’kidlashicha, ushbu partiyalarni Janubiy Koreya va Xitoydan tashqari Hindiston hamda Yaponiya ham xarid qilmoqda.

Neft narxi pasaydi

Saudiya Arabistoni tomonidan eksport hajmining qo‘shimcha ravishda oshirilishi dunyo bozorida ta’minot bilan bog‘liq xavotirlarni biroz yumshatdi.

«Reuters» agentligining xabariga ko‘ra, juma kuni neft fyucherslarining bir barreli 1 dollardan ko‘proqqa arzonlagan. Bunga Saudiyaning bozorga qo‘shimcha neft partiyalarini chiqarayotgani to‘g‘risidagi xabarlar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Shu kuni «Brent» markali neft narxi 1,6 foizga pasayib, 103,18 dollarni tashkil etgan. Narxlarning pasayishi ketma-ket uchinchi kun kuzatilmoqda.

Shunga qaramay, neft bahosi hamon 100 dollardan yuqori darajada saqlanib turibdi. Xususan, 18-sentabr kuni «Brent» nefti 103 dollar, AQSHning «West Texas Intermediate» («WTI») markali nefti esa 100 dollar atrofida savdo qilingan.

Ushbu ko‘rsatkichlar Yaqin Sharqdagi ta’minot va transport logistikasi bilan bog‘liq xavf-xatarlar hanuz saqlanib qolayotgan bir sharoitda qayd etilmoqda.

Saudiyaning asosiy muammosi

Saudiya Arabistoni uchun «Sharq-G‘arb» quvuri strategik ahamiyatga ega. Sababi u mamlakatning sharqiy hududlaridagi neft konlaridan qazib olingan xomashyoni Qizil dengiz sohilida joylashgan Yanbu portiga uzluksiz yetkazib berish imkonini yaratadi.

«Reuters» agentligining 13-sentabrdagi alohida xabarida qayd etilishicha, mazkur quvur faoliyatining to‘xtab qolishi Saudiyaning eksport yo‘nalishlariga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Kompaniya Yanbu porti orqali faqat cheklangan miqdorda neft eksport qila olayotgani sababli, Fors ko‘rfazi orqali muqobil yetkazib berish yo‘llaridan foydalanilmoqda.

Osiyo uchun qo‘shimcha neft

Saudiyaning qo‘shimcha neft hajmlari, birinchi navbatda, Osiyodagi xaridorlar uchun muhim ahamiyatga ega.

«Reuters» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Saudiya neftini Osiyoga yetkazib beruvchi supertankerlarni ijaraga olish narxi ham keskin qimmatlashgan. Xususan, oktabr boshida Osiyoga 2 million barrel neft tashiydigan ulkan tankerlar uchun fraxt stavkasi 800 «Worldscale» darajasiga ko‘tarilgan. «Reuters» ushbu ko‘rsatkichni rekord natija sifatida qayd etgan.

Shu bilan birga, neft ta’minotidagi fizik hajmlarning saqlab qolinishi xaridorlar uchun o‘ziga xos qulayliklar ham yaratmoqda. Masalan, Yaponiya neft assotsiatsiyasi prezidenti Shunichi Kito mamlakatdagi neftni qayta ishlash korxonalari noyabr oyiga qadar yetarli miqdorda xomashyo sotib olganini ma’lum qilgan.

Neft bozoridagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda

Xalqaro energetika agentligining sentabr oyidagi «Oil Market Report» hisobotida 2026 yilda dunyo bo‘ylab neftga bo‘lgan talab kutilganidan kuniga 2,5 million barrelga kamayishi prognoz qilingan. Agentlik mazkur holatni AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralardagi uzilishlar hamda neft oqimlarining normallashishi kechikayotgani bilan izohlagan.

Shu bilan birga, joriy bozorda taklifning qaysi yo‘nalish orqali amalga oshirilishi masalasi muhimligicha qolmoqda. Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi uzilishlar sababli Fors ko‘rfazi orqali eksportni ko‘paytirmoqda, Yevropa uchun esa ayrim neft partiyalarini yetkazib berishda cheklovlar paydo bo‘lgan. Xususan, «Reuters» agentligining 18-sentabrda xabar berishicha, «Saudi Aramco» ayrim yevropalik qayta ishlovchilarga oktabr oyi uchun xom neft yetkazib bermasligini ma’lum qilgan.

Natijada bozorda bir vaqtning o‘zida ikki xil jarayon kuzatilmoqda: Saudiyaning Osiyoga qo‘shimcha neft yetkazib berishi narxlarni pasaytirishga bosim o‘tkazayotgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharqdagi infratuzilma va logistika bilan bog‘liq xavf-xatarlar neft bahosining hamon 100 dollardan yuqori darajada saqlanib qolishiga asosiy sabablardan biri bo‘lib turibdi.

Teglar

Mavzuga oid