Logo

Toshkentda «Salar» kanali bo‘yida yangi dam olish maskani barpo etiladi

Bugun 08:302 daqiqa

Qariyb 1,5 kilometr uzunlikdagi maskan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi binosi oldidan boshlanib, Markaziy istirohat bog‘igacha davom etadi.

Toshkentda «Salar» kanali bo‘yida yangi dam olish maskani barpo etiladi © Foto: t.me/Hokimiyat_MirzoUlugbek

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mirzakalon Ismoiliy va «Asaka» mahallalaridan oqib o‘tuvchi «Salar» kanali bo‘yi obodonlashtirilib, zamonaviy dam olish maskaniga aylantiriladi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Loyiha tafsilotlari va infratuzilma

Qariyb 1,5 kilometr uzunlikka ega bo‘lgan mazkur sayilgoh hududi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi binosi oldidan boshlanib, Markaziy istirohat bog‘igacha davom etadi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida mavjud daraxtlar va yashil hududlar to‘liq saqlab qolinadi hamda tartibga keltiriladi. Shuningdek, piyodalar va velosiped yo‘laklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘lakchalar, o‘rindiq va ayvonchalar, bolalar hamda sport (workout) maydonchalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, kanal yoqasidagi binolar xatlovdan o‘tkazilishi va noqonuniy egallangan hududlar tartibga solinishi qayd etilgan.

Mirzakalon Ismoiliy mahallasida joylashgan 1A, 2, 3, 5 va 7-sonli ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridan samarali foydalanib, bu yerda tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

«Salar» kanalining holati va avvalgi loyihalar

Ma’lumot o‘rnida, «Salar» Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan oqib o‘tuvchi yirik kanal bo‘lib, Qibray tumanidagi «Bo‘zsuv» kanalidan boshlanadi va umumiy uzunligi 60-65 kilometrni tashkil etadi. So‘nggi yillarda ushbu suv havzasining ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar tez-tez kuzatilmoqda.

Xususan, 2023 yilda O‘zgidromet o‘tkazgan tahlillar natijasiga ko‘ra, «Salar» kanalining Ekoparkdan quyi qismi poytaxtdagi eng ifloslangan suv havzalari qatoriga kiritilgan edi.

Shuningdek, 2026 yilning iyul oyida mazkur kanalga suyuq chiqindilar oqizish holati aniqlanib, aybdor kompaniyaga tabiatga yetkazilgan zarar uchun 2,2 milliard so‘mdan ortiq miqdorda ekologik kompensatsiya to‘lash belgilangani xabar qilingan.

So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahridagi boshqa kanallar bo‘yida ham xuddi shunday rekreatsion dam olish maskanlarini yaratish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 2026 yilning iyun oyida Uchtepa tumanidagi «Bo‘zsuv» kanali qirg‘og‘ini rekonstruksiya qilish va yirik ekologik loyihani amalga oshirish rejasi jamoatchilikka taqdim etilgan edi. Bundan tashqari, poytaxtdagi «Anhor» va «Bo‘rijar» kanallari bo‘yida (xususan, «Magic City» bog‘i hududida) ham zamonaviy sayilgohlar va piyodalar yo‘laklari barpo etilgan.

Teglar

Mavzuga oid