Logo

Valutyaga talab taklifdan 6,1 mlrd dollarga yuqori bo‘ldi — ichki valyuta bozori sharhi

Bugun 16:334 daqiqa

Ichki valyuta bozorida 2026-yil yanvar–avgust oylarida talab 44 mlrd dollarga, taklif esa 38 mlrd dollarga yetdi. Vaqt.uz valyuta bozorida shakllangan talab va taklif, shuningdek, dollar kursi tebranuvchanligini tahlil qildi.

Valutyaga talab taklifdan 6,1 mlrd dollarga yuqori bo‘ldi — ichki valyuta bozori sharhi © NGOC THANG

O‘zbekiston ichki valyuta bozorida 2026-yilning yanvar–avgust oylarida chet el valyutasiga talab ham, uning taklifi ham oshgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida yuridik va jismoniy shaxslarning xorijiy valyutaga bo‘lgan jami talabi 44 mlrd 323 mln dollarni tashkil etgan.

Shu davrda bozordagi jami valyuta taklifi esa 38 mlrd 208 mln dollarga yetgan.

Valyutaga talabning 78 foizi korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi

2026-yilning dastlabki sakkiz oyida valyutaga bo‘lgan talabning katta qismi yuridik shaxslar tomonidan shakllantirilgan. Korxonalarning chet el valyutasiga talabi 34 mlrd 739 mln dollar, jismoniy shaxslarniki esa 9 mlrd 584 mln dollar bo‘lgan.

1

Talab | Manba: Markaziy bank

Shunday qilib, umumiy talabning qariyb 78 foizi yuridik shaxslar, 22 foizga yaqini jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Taqqoslash uchun, 2024-yil yanvar–avgust oylarida ichki valyuta bozoridagi jami talab 30 mlrd 672 mln dollar bo‘lgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 37 mlrd 780 mln dollar, 2026-yilda esa 44 mlrd 323 mln dollarga yetgan.

Ya’ni, ikki yil ichida valyutaga bo‘lgan talab 13,7 mlrd dollarga, yoki qariyb 45 foizga oshgan.

Valyuta taklifi 50 foizdan ko‘proq oshdi

Talab bilan bir qatorda ichki bozorga taklif qilinayotgan xorijiy valyuta hajmi ham ko‘paygan. 2026-yil yanvar–avgust oylarida jami valyuta taklifi 38 mlrd 208 mln dollarni tashkil etgan.

2

Taklif | Manba: Markaziy bank

Shundan 21 mlrd 646 mln dollari yuridik shaxslar, 16 mlrd 562 mln dollari jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2025 yilning shu davrida jami taklif 30 mlrd 433 mln dollar, 2024-yilda esa 25 mlrd 367 mln dollar bo‘lgan. Demak, ikki yil davomida bozorga taklif qilingan valyuta hajmi 12,8 mlrd dollarga, yoki 50 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Bu yerda jismoniy shaxslar faolligining o‘sishi alohida ko‘zga tashlanadi. Aholi tomonidan taklif qilingan valyuta 2024-yildagi 10 mlrd 228 mln dollardan 2025-yilda 13 mlrd 149 mln dollarga, 2026-yilda esa 16 mlrd 562 mln dollarga yetgan.

Natijada jismoniy shaxslarning valyuta taklifi ikki yil ichida qariyb 6,3 mlrd dollarga oshgan.

Talab va taklif o‘rtasidagi farq qisqargan

2026-yilning sakkiz oyida valyutaga talab va taklif o‘rtasidagi tafovut 6 mlrd 115 mln dollarni tashkil etgan. Ya’ni, bozor ishtirokchilarining valyutaga bo‘lgan talabi taklifdan yuqori bo‘lgan.

Biroq bu tafovut 2025-yilga nisbatan qisqargan. O‘sha davrda talab 37,8 mlrd dollar, taklif esa 30,4 mlrd dollar bo‘lib, ular o‘rtasidagi farq qariyb 7,3 mlrd dollarni tashkil qilgan.

2024-yilda esa talab 30,7 mlrd dollar, taklif 25,4 mlrd dollar bo‘lgan va farq qariyb 5,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Umuman, so‘nggi uch yil ko‘rsatkichlari ichki valyuta bozorida ham talab, ham taklif hajmi kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, 2026-yilda talabning 44,3 mlrd dollarga, taklifning esa 38,2 mlrd dollarga yetishi bozordagi valyuta operatsiyalari hajmi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.

Bunda talabning asosiy qismi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, taklif tarkibida jismoniy shaxslarning ulushi ham yildan yilga ortib bormoqda.

Dollar kursi yil boshidan beri pasayishda

Ichki valyuta bozoridagi talab va taklif dinamikasi bilan bir qatorda, 2026-yil davomida dollar kursida ham nisbatan kichik tebranishlar kuzatilgan.

3

Manba: Markaziy bank

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar–avgust oylarida AQSH dollari kursi 11 779–12 320 so‘m atrofida shakllangan. Hisobot davri yakunida kurs 1,5 foizgacha oshgan.

Shu davrda dollar kursining ikki tomonlama o‘rtacha tebranuvchanligi 32,3 so‘m yoki 0,27 foizni tashkil etgan. 2025-yilning yanvar–avgust oylarida esa ushbu ko‘rsatkich 32,4 so‘m yoki 0,26 foiz bo‘lgan.

2025-yil boshida dollar kursi 12 920 so‘m atrofida bo‘lgan. Yil davomida kurs pasayib, dekabr oyiga kelib 12 ming so‘m atrofida shakllangan.

2026-yil boshida esa kurs yana 12 ming so‘mlik chegara atrofida harakatlangan. Avgust oyining yakunida dollar 11 821 so‘m atrofida qayd etilgan.

Demak, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida dollar kursining umumiy yo‘nalishi pasaygan bo‘lsa-da, kunlik va qisqa muddatli davrlarda kurs yuqoriga va pastga tebranib turgan.

Bu ko‘rsatkichlarni ichki valyuta bozoridagi talab va taklif bilan birga ko‘rish muhim. Chunki 2026 yil yanvar–avgust oylarida chet el valyutasiga talab 44,3 mlrd dollar, taklif esa 38,2 mlrd dollar bo‘lgan. Shu bilan birga, valyuta bozoridagi ushbu hajmlar oshgan davrda dollar kursining tebranuvchanligi 2025-yilning shu davriga nisbatan deyarli o‘zgarmagan.

Natijada 2026-yilning sakkiz oyida ichki valyuta bozorida katta hajmdagi talab va taklif shakllangan bo‘lsa-da, dollar kursining ikki tomonlama o‘rtacha tebranuvchanligi 0,27 foiz darajasida qolgan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 203

Barchasi

Mavzuga oid