Logo

Jahon iqtisodiyotida asosiy stavka qanday o‘zgarmoqda? — 5 ta davlat misolida

Bugun 13:359 daqiqa

Dunyoda inflatsiya bosimi, iqtisodiy o‘sish va tashqi xatarlar o‘zgarar ekan, markaziy banklar foiz siyosatida turli yo‘llarni tanlamoqda. Vaqt.uz AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va O‘zbekiston misolida asosiy stavkadagi o‘zgarishlar va ularning sabablarini o‘rgandi.

Jahon iqtisodiyotida asosiy stavka qanday o‘zgarmoqda? — 5 ta davlat misolida © Sun'iy intelekt

Jahonning yirik iqtisodiyotlarida markaziy banklar foiz stavkalari bo‘yicha turlicha qarorlar qabul qilmoqda. AQSH Federal zaxira (Fed) tizimi stavkani 3 yil deganda oshirgan bir paytda, ayrim davlatlar uni pasaytirish yoki amaldagi darajada saqlab qolish yo‘lini tanlamoqda.

Sentyabr oyining o‘zida AQSH, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Buyuk Britaniya markaziy banklarining qarorlari global pul-kredit siyosatidagi farqlarni yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Bir tomonda inflatsiya xavfi tufayli pulni qimmatlashtirishga majbur bo‘layotgan iqtisodiyotlar bo‘lsa, boshqa tomonda narxlar bosimi susayishi fonida stavkani tushirish uchun imkoniyat izlayotgan mamlakatlar bor.

Asosiy stavka oddiy raqam yoki foiz ko‘rsatkichi emas. U kreditlar qiymati, biznesning investitsiya qarorlari, aholining iste’moli, valuta kursi va inflatsiyaga ta’sir qiluvchi asosiy instrumentlardan biri hisoblanadi. Shu sababli markaziy bankning stavkani o‘zgartirishi yoki o‘zgarishsiz qoldirishi iqtisodiyotdagi jarayonlarni tushunish uchun muhim signal hisoblanadi.

Vaqt.uz AQSH, Rossiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya misolida markaziy banklar hozir qanday qarorlar qabul qilayotgani, ularning ortida qanday iqtisodiy omillar turgani va stavkalardagi farq iqtisodiyotlar uchun nimani anglatishini solishtirdi.

AQSH: Fed uch yil deganda stavkani oshirdi

AQSH Federal zaxira tizimi 2023-yilning iyulidan beri birinchi marta asosiy stavkani oshirdi. 16-sentabr kuni Federal ochiq bozor qo‘mitasi federal fondlar stavkasi bo‘yicha maqsadli diapazonni 0,25 foiz bandga oshirib, 3,75–4 foiz etib belgiladi. Qaror 12–0 ovoz bilan qabul qilindi.

Fedning qarorida AQSH iqtisodiy faolligi barqaror sur’atda kengayayotgani, ichki xarajatlar chidamliligi, mehnat unumdorligi va kapital qo‘yilmalar kuchli ekani qayd etildi. Ish o‘rinlari sonining o‘sishi ishchi kүchi o‘sishiga mos kelayotgani, ishsizlik darajasi esa katta o‘zgarishsiz qolayotgani ta’kidlangan.

Biroq asosiy muammo — inflatsiya. Federal zaxira tizimi narxlar o‘sishi hali ham yuqori ekanini qayd etib, yangi qaror inflatsiyani 2 foizlik maqsadga tezroq qaytarishga xizmat qilishini bildirdi.

Stavkaning oshirilishi AQSH iqtisodiyotidagi inflyatsion bosim bir necha omil ta’sirida kүchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. «Reuters» tahliliga ko‘ra, bunga prezident Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosati, energiya narxlarining oshishi va AQSH–Isroil urushi fonidagi neft bozoridagi o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, AQSH ichki talabi va investitsiya faolligi ham yuqori darajada qolmoqda.

Fedning yangi qarori prezident Donald Trampning foiz stavkalarini pasaytirish haqidagi pozitsiyasi bilan ham keskin farq qilmoqda. Tramp Fedni yuqori stavkalar uchun tanqid qilib kelgan va 16-sentabrdagi qarordan keyin ham stavkalarni 1 foiz yoki undan past darajaga tushirish kerakligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Fed raisi Kevin Uorsh inflatsiyani jilovlash zaruratini asosiy vazifa sifatida ko‘rsatmoqda.

Demak, AQSHdagi vaziyatda muhim jihat shundaki, iqtisodiy faollik va mehnat bozori nisbatan mustahkam bo‘lib turgan bir paytda inflatsiyaning yuqoriligi Fedni pul-kredit siyosatini yana qat’iylashtirishga undamoqda. Bu esa dunyoning boshqa markaziy banklari stavkalarni pasaytirishga urinayotgan bir vaqtda AQSHning alohida yo‘nalishda harakat qilayotganini ko‘rsatadi.

Fedning sentabrdagi prognozlari ham inflatsiyaning tezda 2 foizlik maqsadga qaytishi kutilmayotganini ko‘rsatmoqda. Regulyatorning yangi prognozlarida 2026-yil uchun inflatsiya ko‘rsatkichi yuqoriroq darajada baholangan va stavka bo‘yicha kelgusidagi qarorlar hamon inflatsiya dinamikasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Rossiya: stavkani pasaytirish to‘xtatildi

Rossiya Markaziy banki 11-sentabr kuni asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu iyun oyidan boshlangan stavkani pasaytirish jarayonidagi tanaffus bo‘ldi. Regulyator iyun oyida stavkani 14,5 foizdan 14,25 foizgacha, iyulda esa 14 foizgacha tushirgandi.

Rossiya Markaziy banki mamlakat iqtisodiyoti 2026-yilning uchinchi choragida mo‘tadil sur’atda o‘sayotganini qayd etdi. Biroq iqtisodiy faollikning sekinlashishi sezilmoqda. «Reuters»ga ko‘ra, Rossiyaning 2,6 trillion dollarlik iqtisodiyoti 2026-yilda deyarli o‘smasligi kutilmoqda. Bunga yuqori foiz stavkasi, G‘arb sanksiyalari, urush bilan bog‘liq bosim va infratuzilmaga hujumlar ta’sir qilmoqda.

Shu bilan birga, inflatsiya yana tezlashgan. Rossiya Markaziy banki so‘nggi oylarda narxlar bosimi sezilarli darajada kүchayganini bildirdi. «Reuters» bunga neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilgan Ukraina dron hujumlari ortidan yuzaga kelgan yonilg‘i taqchilligini muhim omillardan biri sifatida ko‘rsatadi. Yonilg‘i yetishmovchiligi transport xarajatlarini oshirib, bu bosim boshqa tovar va xizmatlar narxlariga ham o‘tgan.

Oqibatda Rossiya Markaziy banki stavkani tezroq pasaytirish imkoniyatini cheklashga majbur bo‘lmoqda. Biznes vakillari esa yuqori kredit stavkalari investitsiyalarni qimmatlashtirayotganini aytib, stavkani 12 foizdan past darajaga tushirishni talab qilmoqda. Markaziy bank esa investitsiyalar yil boshiga nisbatan tiklanayotganini va buning uchun stavkani keskin pasaytirish hozircha zarur emasligini ta’kidlamoqda.

Rossiya uchun yana bir muhim omil — davlat budjeti. Budjet taqchilligi avgust oyida YAIMga nisbatan 2,8 foizdan 2,5 foizgacha qisqargan. Bunda davlat banklaridagi ulushlardan olingan dividendlar muhim rol o‘ynagan. Jahon neft narxlarining 100 dollardan oshishi esa Rossiya budjetiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin. Ammo qimmat neftning boshqa tomoni ham bor: energiya narxlarining yuqoriligi import qilinadigan mahsulotlar orqali ichki inflatsiyani kүchaytirishi mumkin.

Valuta bozori ham Markaziy bank qarorlarida muhim rol o‘ynamoqda. Rubl 20-maydagi ko‘rsatkichidan 17 foizga zaiflashgan, keyinchalik esa neft narxlarining oshishi fonida qisman tiklangan. Avvalroq rublning kүchli bo‘lishi import xarajatlarini pasaytirib, inflatsiyani jilovlashga yordam bergan edi. Endi valuta kursi, neft narxlari va tashqi savdo sharoitlari o‘rtasidagi bog‘liqlik Rossiya pul-kredit siyosati uchun yana bir muhim omilga aylangan.

Rossiya Markaziy banki 2026-yil yakunida inflatsiya 6–7 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda. Regulyatorning maqsadi esa 2027-yilda inflatsiyani 4 foizgacha tushirish. Shu sababli stavkani keyingi pasaytirish qarori nafaqat narxlar dinamikasiga, balki hukumatning yangi budjet parametrlari va iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimga ham bog‘liq bo‘ladi. Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishi 23-oktabrga belgilangan.

Buyuk Britaniya: stavkani saqlab qoldi, ammo energiya shoki uni oshirish xavfini kүchaytiradi

Buyuk Britaniya Markaziy banki — Angliya banki — 17-sentabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 3,75 foiz darajasida saqlab qoldi. Shu bilan ketma-ket oltinchi yig‘ilishda o‘zgarmadi va bu qaror inflatsiya yana tezlashgan bir paytda qabul qilindi.

Avgust oyida Britaniyada yillik iste’mol inflatsiyasi 3,1 foizga yetdi. Iyulda bu ko‘rsatkich 2,9 foiz edi. Natijada inflatsiya Angliya bankining 2 foizlik maqsadidan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.

Inflatsiyaning tezlashishida energiya narxlarining oshishi muhim rol o‘ynamoqda. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, sentabr oyida Britaniya tabiiy gazi va Brent nefti narxi qariyb 20 foizga oshgan. Bunga Yaqin Sharqdagi urush fonida energiya ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘lmoqda.

Biroq Buyuk Britaniyada narxlar bosimi AQSH yoki Rossiyadagidek bir xil ko‘rinishda emas. Bazaviy inflatsiya, ya’ni oziq-ovqat va energiya kabi o‘zgaruvchan komponentlarsiz ko‘rsatkich 2,6 foizda saqlanib qolgan. Mehnat bozori esa sovimoqda: iyulgacha bo‘lgan uch oyda bonuslardan tashqari o‘rtacha ish haqi o‘sishi 3,5 foizgacha sekinlashgan, bo‘sh ish o‘rinlari soni esa 702 minggacha tushgan.

Shu sababli Angliya banki oldida ikki qarama-qarshi vazifa turibdi. Bir tomondan, inflatsiya 2 foizlik maqsaddan yuqori va energiya narxlarining keyingi o‘sishi narxlar bosimini kүchaytirishi mumkin. Ikkinchi tomondan esa, mehnat bozori va iqtisodiy faollikdagi zaiflashuv stavkani oshirishga ehtiyotkorlik bilan yondashishni talab qilmoqda.

Shunday qilib, sentabrdagi qaror Buyuk Britaniyada stavkani oshirish bosqichi boshlanganini emas, aksincha, Markaziy bank inflatsiya va iqtisodiy faollik o‘rtasidagi muvozanatni kutish orqali baholayotganini ko‘rsatadi. «Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, bozor ishtirokchilari keyingi yig‘ilishlarda stavka oshirilishi ehtimolini ko‘proq muhokama qilmoqda: sentabr qarori arafasida noyabr oyida 0,25 foizlik oshirish ehtimoli 80 foiz atrofida baholangan.

Qozog‘iston: ctavka pasaydi, ammo Markaziy bank ehtiyotkor

Qozog‘iston Milliy banki 4-sentabr kuni bazaviy stavkani 50 bazaviy punktga pasaytirib, 16,25 foiz etib belgiladi. Stavka bo‘yicha koridor esa 15,25–17,25 foiz darajasida qoldirildi. Bu Qozog‘istonda yil boshidan buyon uchinchi pasayish bo‘ldi: stavka iyungacha 18 foizda saqlangan, iyunda 17 foizga, iyulda 16,75 foizga tushirilgan edi.

Qarorning asosiy sababi — inflatsiyaning izchil sekinlashishi. Avgust oyida Qozog‘istonda yillik inflatsiya 9,8 foizgacha tushdi va bu ko‘rsatkich ketma-ket 11 oy davomida pasayib bordi. Oziq-ovqat inflatsiyasi 9,5 foizgacha, nooziq-ovqat inflatsiyasi 11,4 foizgacha, xizmatlar inflatsiyasi esa 8,9 foizgacha sekinlashgan.

Narxlar bosimining pasayishiga bir necha omil yordam bergan. Milliy bank kүchli tenge, iste’mol faolligining barqarorlashuvi va hukumat hamda regulyatorning inflatsiyaga qarshi choralarini asosiy omillar qatorida ko‘rsatgan. Ayniqsa, tenge kursining mustahkamlanishi import qilinadigan mahsulotlar narxiga bosimni kamaytirgan.

Biroq Milliy bank stavkani tushirgan bo‘lsa-da, pul-kredit siyosatini yumshatish bosqichi tugamagani yoki keyingi pasayishlar kafolatlanganini aytmayapti. Aksincha, regulyator inflatsiya bo‘yicha xavflar hali ham yuqoriga yo‘nalganini bildirdi. 2027-yil uchun inflatsiya prognozi avvalgi 5,5–7,5 foizdan 6,5–8,5 foizgacha oshirildi. Bunga tashqi inflatsiya, tartibga solinadigan narxlar bo‘yicha yangi taxminlar va fiskal rag‘batlantirishning kүchayishi sabab bo‘lgan.

Regulyatorning 2026-yil uchun inflatsiya prognozi esa 9–11 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Milliy bank inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsad atrofida barqarorlashtirishni, bunga esa 2028-yilda erishishni kutmoqda.

Qozog‘iston uchun yana bir xavf — ichki talab va fiskal siyosat. Milliy bank investitsiya talabi oshishi natijasida talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelishi, inflyatsion kutilmalarning yuqori qolishi, budjet xarajatlari hamda uy-joy kommunal tariflari va yonilg‘i narxlarining o‘zgarishini inflatsiya uchun xavf sifatida ko‘rsatmoqda. Jahon oziq-ovqat va energiya narxlarining oshishi ham tashqi xavflar qatorida. Shu sababli 4-sentabrdagi qarorni Qozog‘iston Markaziy bankining stavkani keskin pasaytirish siyosatiga o‘tayotgani sifatida talqin qilish qiyin. Aksincha, regulyatorning o‘zi keyingi pasaytirish imkoniyati cheklanganini bildirgan.

O‘zbekiston: inflatsiya pasaydi, ammo stavka o‘zgarmadi

O‘zbekiston Markaziy banki 16-sentabr kuni asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qarorini qabul qildi. Regulyator stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Снимок ekrana — 2026-09-17 в 12.28.57

Manba: Markaziy bank (ekran tasviri)

Qaror inflatsiya pasayishda davom etayotgan bir sharoitda qabul qilindi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida yillik umumiy inflatsiya 6,2 foizgacha sekinlashgan. Bazaviy inflatsiya esa 5,5 foizни tashkil qilgan.

Biroq Markaziy bank stavkani pasaytirishga shoshilmadi. Regulyatorning ta’kidlashicha, ayrim tovar va xizmatlar narxlarida yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolmoqda. Aholi va biznesning inflyatsion kutilmalari ham umumiy inflatsiyaga nisbatan yuqoriroq darajada qolmoqda.

Ichki talab ham Markaziy bankning ehtiyotkor pozitsiyasida muhim o‘rin tutmoqda. Chakana savdo, xizmatlar va investitsiyalar bo‘yicha yuqori faollik iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq talabning yuqoriligi kelgusida narxlar bosini kuchaytirishi mumkin.

Shu sababli Markaziy bank hozircha pul-kredit sharoitlarini yumshatishdan ko‘ra, 14 foizlik stavkani saqlab qolishni ma’qul ko‘rmoqda. Regulyator uchun asosiy vazifa inflatsiyani orta muddatda 5 foizlik targeti darajasiga tushirish bo‘lib qolmoqda.

Biroq kelgusida stavka o‘zgarishlari faqat 0,5 yoki 1 foizlik bandlar bilan amalga oshirilishi shart emas. Avvalroq, 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan stavka bo‘yicha matbuot anjumanida Markaziy bank rahbariyatiga asosiy stavkani 0,25 foiz bandlik qadam bilan o‘zgartirish mumkinmi, degan savol berilgan edi. Bunga misol sifatida Qozog‘iston Markaziy bankining stavkani kichikroq qadam bilan pasaytirgani aytilgan edi.

Markaziy bank vakili stavka o‘zgarishining aniq hajmi oldindan belgilab qo‘yilmasligini bildirgan. Qaror inflatsiya dinamikasi, iqtisodiy faollik va prognozlar asosida qabul qilinadi. Shuning uchun zarurat tug‘ilsa, asosiy stavkani 0,25 foiz bandga o‘zgartirish ham mumkin.

Bu jihat O‘zbekistonning kelgusidagi pul-kredit siyosatini baholashda muhim. Ya’ni Markaziy bank keyingi yig‘ilishlarda stavkani o‘zgartirishga qaror qilsa, o‘zgarish avvalgidek katta qadam bilan amalga oshirilishi shart emas. Inflatsiya va iqtisodiy sharoit bunga imkon bersa, stavka bosqichma-bosqich, kichikroq qadamlar bilan ham o‘zgartirilishi mumkin.

Shunday qilib, O‘zbekiston misolida hozircha inflatsiya pasaygan, ammo stavka o‘zgarishsiz qolgan. Biroq bu stavka uzoq muddat davomida aynan 14 foizda qoladi degani ham emas.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 200

Barchasi

Mavzuga oid