Logo

Pentagon noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga ruxsat berdi

Bugun 08:002 daqiqa

Ko‘p yillik qat’iy maxfiylikdan so‘ng, Pentagonning amaldagi va sobiq xodimlari NUJlar bilan bog‘liq sirlarni qonuniy ta’qiblarsiz so‘zlab berish imkoniga ega bo‘ldi.

Pentagon noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga ruxsat berdi © Foto: wikimedia

AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) o‘zining amaldagi va sobiq xodimlariga noma’lum uchuvchi jismlar (NUJ) bilan bog‘liq tergovlarga oid ma’lumotlarni oshkor qilishga rasman ruxsat berdi. Bu haqda «NUR.KZ» nashri ma’lum qildi.

Xabar qilinishicha, mazkur qaror AQSH prezidenti Donald Trampning noma’lum anomal hodisalar bilan bog‘liq masalalarda to‘liq shaffoflikni ta’minlash haqidagi topshirig‘iga asosan qabul qilingan.

Maxsus yuridik istisno va javobgarlikdan ozod qilish

Pentagon amaldagi va sobiq xodimlarga fuqarolik yoki ma’muriy sanksiyalar xavfisiz PURSUE (Anomal hodisalar bo‘yicha prezident ishchi guruhi) vakillariga ma’lumotlarni topshirish imkonini beruvchi maxsus yuridik istisno joriy etilganini e’lon qilgan.

«Bundan oldin xodimlar oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuvlar va maxsus dasturlarga kirish shartnomalarining standart talablari tufayli ehtimoliy huquqiy javobgarlikka tortilishidan qo‘rqishgan», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, xodimlarda maxfiy ma’lumotlarga kirish ruxsatini yo‘qotish yoki ma’muriy ta’qibga uchrash xavotirlari ham bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika maxsus xizmatlari olimlarga o‘zga sayyoraliklar aql-idroki bilan aloqa o‘rnatish holati uchun harakatlar rejasini taqdim etgan edi. Bunday vaziyatda Qo‘shma Shtatlar yetakchi rol o‘ynashni maqsad qilgani bildirilgan.

Pentagon nega aynan hozir bunday qarorga kelgan?

So‘nggi yillarda AQSHda NUJlar bilan bog‘liq vaziyat keskinlashdi. Xususan, 2023 yil yozida AQSH Kongressida sobiq razvedkachi Devid Grush va harbiy uchuvchilar ishtirokida ochiq eshituvlar bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Grush AQSH hukumatida qulagan NUJlarni yig‘ish va o‘rganish bo‘yicha o‘ta maxfiy dastur borligini, shuningdek, topilgan obyektlar ichida «odamga tegishli bo‘lmagan biologik qoldiqlar» bo‘lganini da’vo qilgan.

Shu paytgacha Pentagon va maxsus xizmatlarning ko‘plab xodimlari NUJlar haqida gapirishdan qo‘rqishar edi. Sababi, ular ishga kirishda «Oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi bitim» (NDA)ni imzolashgan. Bu bitimni buzish xodimni davlat sirini sotganlikda ayblab, qamoqqa olishga yoki xavfsizlik ruxsatnomasidan mahrum qilishga olib kelardi. Yangi yuridik istisno aynan shu qo‘rquvni yo‘qqa chiqaradi va insayderlarga erkin gapirish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid