Putin safarbarlikni rad etdi, ammo rossiyaliklar mamlakatdan qochmoqda
Rossiya rasmiylari yangi safarbarlik bo‘lmaydi deb jon jahdi bilan ishontirishga urinayotgan bo‘lsa-da, aholi ularga ishonmayapti. Mamlakatni ommaviy ravishda tark etayotgan yuz minglab rossiyaliklar qayoqqa qochmoqda? Hozirning o‘zidayoq chegaralarda rekord navbatlar va mislsiz tirbandliklar yuzaga kelgan.

Joriy yil sentabr oyining birinchi haftasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatda navbatdagi safarbarlik rejalashtirilayotgani haqidagi mish-mishlarni ikki marta omma oldida rad etdi. 1-sentabr kuni Putin bu gaplarni «mutlaqo asossiz» deb atadi va buni Rossiyaga qarshi uyushtirilgan «axborot xuruji» sifatida baholadi.
Oradan ikki kun o‘tib, 3-sentabr kuni Vladivostokda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy forumda Putin «bugungi kunda safarbarlikka zarurat tug‘diradigan birorta ham holat yo‘qligini» ma’lum qildi. Bundan tashqari, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari, sobiq prezident Dmitriy Medvedev «Vedomosti» nashriga bergan intervyusida hukumatning kuzda safarbarlikning ikkinchi to‘lqinini boshlash niyati yo‘qligini va bu haqdagi xabarlar yolg‘on ekanini ta’kidladi.

Biroq hukumatning bu raddiyalari oylar davomida tarqalgan va Davlat dumasiga saylovlardan so‘ng ommaviy safarbarlik boshlanishiga ishonib qolgan aholini tinchlantira olmadi. Oqibatda rossiyaliklar mamlakatni ommaviy ravishda tark etmoqda.
Turli darajadagi Rossiya mulozimlari yangi safarbarlik to‘lqini haqidagi gap-so‘zlarni muttasil rad etib kelayotgan bo‘lsa-da, bunday bayonotlar fuqarolarning xavotirini arita olmadi. Negaki, safarbarlikka tayyorgarlik ko‘rilayotganiga bilvosita ishora qiluvchi xabarlar hamon tarqalmoqda. Masalan, chaqiruv yoshidagi erkaklarning turli bahonalar bilan yoki umuman sababsiz mamlakatdan chiqishiga ruxsat berilmayotganiga oid ko‘plab holatlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda harbiy komissariatlardan kelayotgan talabnomalar bilan bo‘lishmoqda. Ularda elektron tizim orqali shaxsiy ma’lumotlarni yangilash so‘ralgan. So‘nggi haftalarda bunday xabarnomalar tarqatilishi ommaviy tus olgan.
«The Moscow Times» nashrining «Chaqiruv maktabi» yuridik bo‘limi rahbari Timofey Vaskinga tayanib xabar berishicha, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, yuz minglab rossiyaliklar o‘z harbiy guvohnomalarida safarbarlik e’lon qilingan taqdirda yig‘in punktiga yetib kelish majburiyatini yuklaydigan buyruqni olgan bo‘lishi mumkin.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, ma’lumotlarni aniqlashtirish maqsadida yuborilgan xabarnoma fuqaroni harbiy komissariatga chaqirish uchun asos bo‘la oladigan qonuniy sabablardan biri hisolanadi.

Ehtimoliy safarbarlik tufayli Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi «Verxniy Lars» chegara o‘tkazish punktida ulkan navbatlar yuzaga kelgan. Mish-mishlardan vahimaga tushgan rossiyaliklar imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga urinmoqda.
Bu borada Gruziya eng qulay variant bo‘lib turibdi. Quruqlikdagi umumiy chegara, vizasiz tizim va Gruziya hukumatining nisbatan xayrixoh munosabati bu mamlakatni ko‘plab rossiyalik muhojirlar uchun qulay makonga aylantirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, avgust oyining uchinchi haftasida «Verxniy Lars» posti orqali Rossiyadan 113 mingdan ortiq odam va 33 mingdan ziyod transport vositasi chiqib ketgan. Bu orqali mazkur chegara punkti tarixida yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etilgan.
Ko‘plab kuzatuvchilar chegaradagi odamlar oqimining bu qadar keskin oshishini Rossiya jamiyatida yangi safarbarlik to‘lqinidan kuchayayotgan xavotirning bilvosita belgisi sifatida baholamoqda.
Tahlilchilar, jumladan, Urushni o‘rganish instituti (ISW) hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya frontda halok bo‘lgan va yaradorlar hisobida har oy 40 mingdan ortiq askarini yo‘qotmoqda. Shu bilan birga, har oy armiya safiga taxminan 35 ming ko‘ngilli qo‘shilmoqda. ISW ushbu tafovut cheksiz davom eta olmasligini va o‘rnini faqatgina «u yoki bu shakldagi safarbarlik» orqali to‘ldirish mumkinligini ta’kidlamoqda.
G‘arb razvedka xizmatlari ham qator mintaqalarda ommaviy safarbarlikka tayyorgarlik belgilari kuzatilayotganini ma’lum qilgan.





