Logo

«Bunyodkor»ni qachongacha qutqarish kerak?

Bugun 14:299 daqiqa

«Bunyodkor» stadionining elektrdan qarzi qariyb 2 mlrd so‘mga yetgani ma’lum bo‘ldi. Klubni qo‘llab-quvvatlash uchun avval chipta sotib olishga chaqirishdi, keyin davlat mablag‘i ajratildi, endi stadionga elektrni qaytarish uchun xayriya boshlandi. Klublarga budjetdan beriladigan pulni kamaytirish rejalashtirilayotgan bir paytda bu yordamlar qachongacha davom etishi kerak.

«Bunyodkor»ni qachongacha qutqarish kerak?

O‘zbekiston Professional futbol ligasi 9-sentabr kuni DOMO ilovasi orqali «Bunyodkor» stadioniga ko‘mak aksiyasi boshlanganini ma’lum qildi. Maqsad — elektr ta’minotini tiklash. Liga xabariga ko‘ra, elektr uchun qarzdorlik qariyb 2 mlrd so‘mga yetgan, stadion esa 4-sentabrdan beri tarmoqdan uzilgan.

Bu holatning zarari stadion bilan cheklanmayapti. Shu yerda joylashgan PFL ofisi masofadan ishlashga o‘tgan, serverlari faoliyati to‘xtagan. Liga o‘yinlar translyatsiyasini tashqi serverlar orqali uzatishga majbur bo‘layotgani va bu sifatga ta’sir qilayotganini bildirgan.

PFL stadionning boshqa qarzlari ham borligini yozmoqda: xodimlar, soliqlar, kommunal xizmatlar va maydonga chim yotqizgan kompaniya oldida majburiyatlar to‘planib qolgan. Liga ma’lumotiga ko‘ra, bino va inshootlarni ijaraga berishdan daromad topishga urinayotgan «Bunyodkor»ni ijarachilar ham tark etish harakatiga tushgan.

Demak, pul yetishmasligi endi kelajakdagi daromadga ham xavf tug‘dirmoqda. Elektr bo‘lmasa, ijarachi ketadi. Ijarachi ketsa, qarzni yopish imkoniyati yanada kamayadi.

Bunday vaziyatda tezkor yordamning foydasi bor. Ammo shu yordam klubni mustaqil ishlashga yaqinlashtiryaptimi yoki navbatdagi to‘lovni bir muddatga kechiktiryaptimi — asosiy savol shu.

2

«Bunyodkor» stadionida elektr ta’minoti qarzdorlik sabab 4-sentabr kuni uzilgan. Foto: Championat.asia

5 mlrd so‘m qayerga ketdi?

Inqiroz bir kunda yuzaga kelmagan. «O‘zbekneftgaz» 2026 yil boshidan «Bunyodkor»ni moliyalashtirishni to‘xtatdi. Apreldayoq stadion va akademiyada kommunal xizmatlar uzilgani, xodimlarning maoshi kechikayotgani haqida xabarlar chiqqan edi.

30-iyul kuni esa klub PFLga Navoiyga, «Qizilqum»ga qarshi safar uchrashuviga bora olmasligini bildirdi. Bunga sabab qilib yo‘l, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlarini qoplashga pul yo‘q ekani ko‘rsatildi.

Liga texnik mag‘lubiyat yozilishini, holat takrorlansa klubni Superligadan chetlashtirish masalasi ko‘rilishini ma’lum qildi.

Ertasi kuni PFL «Bunyodkor» — OKMK uchrashuvi uchun chiptalarni elektron sotish tashabbusini e’lon qildi. iTicket shu o‘yinda xizmat komissiyasidan voz kechishga rozi bo‘ldi, majburiy soliqlar esa saqlab qolindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda sharhlovchi va blogerlar, so‘ngra PFL tomonidan muxlislar chipta xarid qilish orqali klubni qo‘llab-quvvatlashga chaqirildi.

1-avgust kuni «Bunyodkor» davlat tomonidan 5 mlrd so‘m ajratilganini bildirdi. Klub bu mablag‘ martdagi sportni moliyalashtirish haqidagi prezident qarori asosida berilganini qayd etgan.

Ajratilgan pulning qanday sarflanganiga doir izohni o‘sha paytdagi bosh murabbiy Ilyos Zeytullayev berdi.

3

«Bunyodkor»ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev OKMK bilan o‘yindan keyingi matbuot anjumanida. Foto:Championat.asia

Championat.asia 9-avgustda e’lon qilgan matbuot anjumani matniga ko‘ra, murabbiy 5 mlrd so‘mning 2,5 mlrdi soliqqa ushlab qolinganini, qolgan qismi esa jamoada qolgan ayrim futbolchilarning taxminan bir–bir yarim oylik maoshiga yetganini aytgan. Klubdan ketgan futbolchilar esa o‘sha vaqtda hali pul olmagan.

Bu tushuntirishga ko‘ra, yordam avvaldan yig‘ilib qolgan majburiyatlarning bir qismini qoplagan. U klubning keyingi oylardagi barqaror faoliyatini ta’minlaydigan yechim bo‘lmagan.

2-sentabrda Zeytullayev va uning yordamchilari «Bunyodkor»dan ketdi. Klub buni ularning o‘z xohishi va tomonlarning kelishuvi bilan izohladi. 4-sentabrda Ivan Boshkovich yangi bosh murabbiy sifatida PFL ro‘yxatidan o‘tkazildi, 8-sentabrda esa Zeytullayev «Kattaqo‘rg‘on» bosh murabbiyi bo‘lgani e’lon qilindi.

Muammo homiy ketishidan oldin ham bor edi

Vaqt.uz klubning moliyaviy hisobotiga asoslanib avval yozganidek, «Bunyodkor» 2025 yilni 53,8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan. Daromad 14,7 foizga oshib, 10,8 mlrd so‘mga yetgan bo‘lsa-da, zarar ham 8 foizga ko‘paygan.

4


«Bunyodkor»ning tanlangan yillardagi moliyaviy zarari, mlrd so‘m. Manba: klubning moliyaviy hisobotlari,
Vaqt.uz hisob-kitobi

Ya’ni zarar e’lon qilingan daromaddan qariyb besh baravar katta bo‘lgan. Bu natija asosiy homiy moliyalashtirishni to‘xtatishidan oldingi yilga tegishli. Shuning uchun hozirgi vaziyat faqat «O‘zbekneftgaz»ning ketishi bilan bog‘liq emas.

Klubni sog‘lomlashtirish qanchaga tushishini bilish uchun xarajatlar tarkibi, qarzlar muddati, aktivlar qiymati va pul oqimi kerak. Masalan, 2025 yilgi zararning qancha qismi joriy futbol faoliyatidan, qancha qismi avvalgi majburiyatlar yoki boshqa xarajatlardan kelgan? Stadion va akademiyaning tushumlari hisobotda qanday aks etgan?

Bu savollarga javobsiz klubga davlat budjetidan yana pul ajratish va klubni tugatish orasida qaysi biri arzonroq tushadi degan savolga ham javob topish qiyin bo‘ladi.

Rivaldoning qarzi qolgan, yangi qarzlar ham paydo bo‘lmoqda

Rivaldo «Bunyodkor»da 2008–2010 yillarda o‘ynagan. Klubning rasmiy bayonotiga ko‘ra, uning oldidagi qarzdorlik yuzasidan Lozannadagi Sport arbitraj sudi 2023 yil 6-noyabrda qaror chiqargan. 2024 yil 30-martda esa qarzni kamaytirish va bo‘lib to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

5


Rivaldo «Bunyodkor» safida. Klub uning oldidagi 2026 yil uchun belgilangan 1,5 mln yevrolik to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagan. Foto:
Stadion.uz

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuv doirasidagi summa 7,5 mln yevroga tushirilgan. 2024 va 2025 yillardagi to‘lovlar bajarilgan, ammo 2026 yil uchun belgilangan 1,5 mln yevro vaqtida to‘lanmagan. Klubning o‘zi to‘lov muddati 15-aprel bo‘lganini tasdiqlagan.

Kechikish kelishilgan chegirmalarning bekor bo‘lishi va qo‘shimcha majburiyatlar yuzaga kelishi xavfini tug‘dirgan. Iyun oyida FIFA klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqini qo‘lladi.

Bundan ham muhim jihat — muammo faqat o‘n yildan oshgan qarz bilan cheklanmayapti.

Kun.uz o‘rgangan hujjatlarga ko‘ra, FIFA 2026 yil 13-avgustda sobiq himoyachi Isuki Urata bo‘yicha ham qaror chiqargan. Klub unga 45 ming dollar to‘lanmagan maosh va shartnoma buzilgani uchun 283 426 dollar kompensatsiya to‘lashi belgilangan. Foizlarsiz jami majburiyat 328 426 dollarni tashkil etadi.

Bu ish maoshni vaqtida to‘lamaslik keyinchalik ancha katta majburiyat bilan yakunlanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Agar kundalik faoliyat yangi qarzlar tug‘dirishda davom etsa, eski qarzlarni bir marta yopishning o‘zi klubni barqaror moliyaviy holatga qaytarmaydi.

35 mlrd so‘m — yordamning yakuniy chegarasimi?

2026 yil 24-martdagi PQ-107-son qarorda Superliga klublariga beriladigan mablag‘ quyidagicha belgilangan:

Yil

Har bir klub uchun

2026

35 mlrd so‘m

2027

30 mlrd so‘m

2028

25 mlrd so‘m

Ikki yilda mablag‘lar 10 mlrd so‘mga yoki 28,6 foizga qisqaradi. Qaror klublarda korporativ boshqaruvni joriy etish va faoliyatni tijoratlashtirishni ham ko‘zda tutadi.

Ammo hujjatning yana bir jihati bor. Uning 10-bandida hokimliklarga professional futbol klublarini moliyalashtirish uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha daromadlaridan mablag‘ ajratishga ruxsat berilgan.

Demak, yuqoridagi jadval davlatdan keladigan barcha yordamning qat’iy chegarasi emas. Unda 2029 yildan yordam avtomatik ravishda nolga tushishi ham belgilanmagan.

Markaziy mablag‘lar kamayib, uning o‘rnini mahalliy budjet to‘ldirsa, klubning davlatga qaramligi saqlanib qolishi mumkin. Hisobotda pulning manbasi o‘zgaradi, lekin uni topish mas’uliyati klubga to‘liq o‘tmaydi.

Shu yerda boshqa klublar uchun ham rag‘bat masalasi paydo bo‘ladi. Daromadiga mos xarajat qilgan klub tarkibni kuchaytirishdan voz kechishi mumkin. Qarzni ko‘paytirgan klub esa keyin alohida yordam olsa, moliyaviy intizomga rioya qilgan jamoa yutqazadi.

Chiptalar va xayriya nimani hal qiladi?

Bir tomondan, muxlislarni chipta sotib olishga chaqirishning o‘zi noto‘g‘ri emas. Aksincha, chipta, abonement, klub mahsulotlari va tijoriy homiylik mustaqil daromadning bir qismi bo‘lishi kerak.

6


DOMO ilovasi orqali «Bunyodkor» stadionining elektr ta’minotini tiklash uchun xayriya aksiyasi boshlandi. Manba: O‘zPFL

Xayriya ham ixtiyoriy yordam. Stadion elektrini tiklash orqali mavjud infratuzilmaning yanada yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin. Bu budjet hisobidan klub zararini muntazam qoplashdan ko‘ra ancha yaxshiroq.

Lekin favqulodda aksiya doimiy moliyalashtirish rejasi o‘rnini bosa olmaydi. Bir uchrashuvdagi qo‘llab-quvvatlashdan keyin klubda navbatdagi oy maoshini to‘lash manbasi paydo bo‘ladimi? Stadionning ijara daromadi uni saqlash xarajatini qoplaydimi? Homiy klubga reklama va auditoriya uchun pul beradimi yoki faqat navbatdagi qarzni yopadimi?

Mustaqillik aynan shu savollarning javobida ko‘rinadi. Har safar yangi qutqaruv aksiyasi tashkil etilishi esa muammoning chuqur ildizlariga yechim bermaydi.

Xorijda nomdor klublar ham kafolatlangan himoyaga ega emas

Moliyaviy inqiroz dunyo futbolida uchrab turadi. Bu holatda ayrim klublar professional musobaqalardan chiqib ketgan, ayrimlari yangi tuzilma bilan quyi ligadan qaytgan.

Italiyaning «Parma» klubi 2015 yil martida bankrot deb topilgandi. Klubning rasmiy tarixiga ko‘ra, o‘sha yil iyulda yetti mahalliy hamkor uni qayta tashkil etdi va jamoa to‘rtinchi pog‘ona — D seriyasidan boshladi. Ketma-ket uch marta yuqori ligaga chiqib, 2018 yilda A seriyasiga qaytdi.

Shotlandiyaning «Reynjers» jamoasi 2012 yilgi inqirozdan keyin yangi kompaniya boshqaruvida to‘rtinchi pog‘onadan yo‘l boshladi. Klubning tarixi va uzoq yillik muxlislari borligi uning yuqori ligadagi o‘rnini avtomatik saqlab qolmadi.

Xitoyning sakkiz karra chempioni «Guanchjou» esa moliyaviy muammolari sabab 2025 yilgi professional musobaqalarga qo‘yilmadi. Klub uzoq yillik qarzlarni qoplash uchun yig‘ilgan mablag‘ yetmaganini bildirdi. Asosiy moliyalashtiruvchi Evergrande’ning muammolari klubga ham ta’sir qilgan edi.

Bu tajribalar «Bunyodkor»ni ham albatta yopish kerakligini anglatmaydi. Ular boshqa narsani ko‘rsatadi: klubning avvalgi sovrinlari yoki mashhurligi uning amaldagi xarajatlarini cheksiz moliyalashtirish majburiyatini yaratmaydi.

«Bunyodkor»dan ancha mashhurroq, ancha sovrindorroq klublar ham moliyaviy muammolar yuzaga kelganda, bankrotlikni tanlashga majbur bo‘lgan.

Klubni yopib, yangisini ochish qarzni yo‘qotmaydi

«Bunyodkor»ni tugatib, shu nomdagi yangi klub tashkil qilish oson yechimdek ko‘rinishi mumkin. Biroq futbolning o‘z qoidalari bor.

FIFAning 2026 yilgi Intizom kodeksi 21-moddasi 4-bandiga ko‘ra, qarorini bajarmagan klubning sport vorisi ham tegishli majburiyatlarga bo‘ysunadi. Vorislikni baholashda nom, joylashuv, jamoa ranglari, futbolchilar, mulkdorlar, musobaqa darajasi va jamoatchilik uni qanday qabul qilishi kabi mezonlar hisobga olinadi.

Shuning uchun yangi yuridik shaxs ochilganining o‘zi Rivaldo yoki boshqa futbolchilar oldidagi majburiyatlardan qutulishni kafolatlamaydi. Qayta tashkil etish milliy qonunchilik va FIFA talablariga mos bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonning «To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida»gi qonunida ham moliyaviy sog‘lomlashtirish va tugatishga doir tartiblar mavjud. Xususan, sud sanatsiyasi rejasida qarzni to‘lash jadvali va buning uchun mablag‘ olish usullari ko‘rsatilishi kerak.

Demak, tanlov cheksiz yordam berish yoki ertagayoq barcha faoliyatni to‘xtatish bilangina cheklanmaydi. Avval klubning yashab ketish imkoniyatini hisoblash, kreditorlar bilan kelishish va ishlaydigan qismlarini saqlash yo‘lini ko‘rib chiqish kerak.

«Bunyodkor» uchun qanday yechim kerak?

Klubni hoziroq tugatish eng arzon yo‘l ekani haqida xulosa qilish uchun ochiq ma’lumotlar yetarli emas. Ammo bir martalik yordamlar uni barqaror holatga olib kelmaydi. Shuning uchun keyingi qaror aniq muddat va moliyaviy mezonlarga bog‘lanishi kerak.

Avvalo klub, stadion va akademiyaning moliyaviy holatini alohida ochib beradigan mustaqil tekshiruv zarur. Qarz kimning balansida, kimga qancha to‘lanishi kerak, qaysi aktiv garovda, qanday tushum kutilmoqda? O‘sha tekshiruv sog‘lomlashtirish va tugatish xarajatlarini solishtirishga imkon beradi.

Bu yerda stadion, akademiya va professional jamoaning vazifalarini ham ajratish zarur. Bolalar mashg‘ulotlarini davom ettirish yoki stadionni saqlash uchun davlat ko‘magi kerak bo‘lsa, uning maqsadi, narxi va natijasi alohida ko‘rsatilishi mumkin. Bunday yordam kattalar jamoasining barcha xarajatlarini avtomatik qoplashga aylanmasligi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda klubning moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda, uning kelajagi bo‘yicha turli xil takliflar berilmoqda.

Jurnalist Jamoliddin Bobojonov «Bunyodkor»ni tugatib, klub bazasini «Paxtakor»ga o‘tkazish kerakligini aytmoqda:

«Bunyodkor» klubi muxlislari kam bo‘lsa ham, bor. Ulardan uzr so‘ragan holda yana bir bor aytaman, shaxsan man bu klub kelajagini ko‘rmayapman. Shuning uchun bu klubni tugatish kerak. Va barcha infratuzilmasi (stadion, binolar, yer maydoni, texnika) bilan «Paxtakor» klubiga o‘tkazilishi zarur… Hozirgi kunda «Bunyodkor» klubida faoliyat yuritayotgan xodimlar ish o‘rni to‘liq saqlanib qolish kafolatini ham klub «yangi xo‘jaini»dan olish kerak

Biroq aktivlarni boshqa klubga o‘tkazish qarzlar va sport vorisligi masalasini o‘z-o‘zidan hal qilmaydi. Infratuzilma «Paxtakor»ga berilsa ham, «Bunyodkor»ning kreditorlar oldidagi majburiyatlari alohida tartibda hal qilinishi kerak. Agar klubning futbol faoliyati boshqa yuridik shaxs orqali davom ettirilsa, uning sport vorisi ekani FIFA mezonlari asosida baholanadi.

Shu sababli bu taklifning iqtisodiy natijasi aktivlar kimga o‘tkazilishi bilan emas, qarzlarni kim va qaysi manba hisobidan qoplashi bilan belgilanadi. Aks holda, klubning mulkdori yoki yuridik nomi o‘zgarishi mumkin, ammo majburiyatlari saqlanib qoladi.

«Bunyodkor»ning nomi, tarixi va infratuzilmasi uni saqlab qolish uchun muhim dalil bo‘lishi mumkin. Ammo davlat mablag‘ini ajratishda o‘tmishdagi sovrinlar emas, kelajakdagi moliyaviy natija asosiy mezon bo‘lishi kerak. Navbatdagi yordamdan keyin klub qaysi daromad hisobidan yashaydi? Qachon xarajatlarini tushumiga moslashtiradi? Qachon yangi qarzlar to‘plashni to‘xtatadi?

«Bunyodkor»ni qutqarishga urinishlar cheksiz davom etmasligi kerak. 

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 301

Barchasi

Mavzuga oid