Namangan va Andijonda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlar qo‘lga olindi
Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
© Prokuratura DepartamentiNamangan va Andijon viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyati Pop tumanida fuqaro M.Y. 938 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini O.N.ga 7 700 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, undan yana 1 848 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tekshiruv davomida M.Y. mazkur dorilarni muqaddam sudlangan tanishi M.S. bilan Farg‘ona shahrida sotib olgani aniqlangan. M.Y. dorilarni olib kelib, ularni belgilangan lokatsiyalarda joylashtirish va saqlash bilan shug‘ullangan. M.S. esa mijoz topish va dorilarni sotish vazifasini bajargan.
Andijondagi holat
Baliqchi tumanida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.O.ning «Navro‘z» MFY hududidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganida 308 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotish maqsadida saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 276-6-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.





