Logo

Saida Mirziyoyevaga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Bugun 13:252 daqiqa

Prezident farmoni bilan Saida Mirziyoyeva amaldagi lavozimini saqlagan holda Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Saida Mirziyoyevaga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga muvofiq, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Shavkatovna Mirziyoyeva hozirgi lavozimi bilan o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi lavozimiga tayinlandi.

Boshqaruvchi Moliya markazi kengashining Bosh kotibi hisoblanadi, kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi, rais qatnashmagan majlislarda ularga raislik qiladi.

Moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish boshqaruvchi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va Markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.

Shuningdek, Moliya markazi nomidan O‘zbekistonda va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda Markazga vakillik qilish, kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etish, jumladan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktorini va uning o‘rinbosarlarini tayinlash, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritish ham boshqaruvchining muhim funksiyalari sirasiga kiradi.

Boshqaruvchi, shuningdek, bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish huquqiga ega.

Mart oyida Shavkat Mirziyoyev ingliz huquqi asosida faoliyat yurituvchi Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Shundan so‘ng, qonun loyihasi ishlab chiqilib, 2-iyun kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan edi. Senatorlar investorlar huquqlarini himoya qilish, xalqaro tijorat sudining vakolatlari hamda ayrim huquqiy normalarni aniqlashtirish zarurligini bildirib, hujjatni qayta ishlash uchun qaytargan.

Kelishuv komissiyasi ishtirokida qayta ishlangan qonun 9-iyul kuni Senat tomonidan ma’qullandi. Oradan bir kun o‘tib, prezident uni imzoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz kimlar Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchisi bo‘la olishi haqida ma’lumot bergandi.

Teglar

Mavzuga oid

Saida Mirziyoyevaga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi | Vaqt.uz