Logo

Qimmatlashayotgan yo‘l haqi, sotuvga qo‘yilgan 18 ta bozor va 21 foizga o‘sgan uy-joy savdosi — 11-sentabr dayjesti

Kecha 23:104 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bair bor esga olamiz.

Qimmatlashayotgan yo‘l haqi, sotuvga qo‘yilgan 18 ta bozor va 21 foizga o‘sgan uy-joy savdosi — 11-sentabr dayjesti

Transport vazirligi jamoat transportida yo‘l haqini oshirish rejasiga izoh berdi

Toshkent shahrida 1-oktabrdan jamoat transporti uchun yangi tariflarni joriy etish taklif qilinmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasiga ko‘ra, avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik yo‘l haqi 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mgacha oshirilishi, naqd to‘lov 3 000 so‘m miqdorida saqlab qolinishi, bagaj tashish esa 4 000 so‘m etib belgilanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar va transport turlari o‘rtasida qayta chiqish (peresadka) bo‘yicha alohida imtiyozli tariflar taklif etilmoqda.

Transport vazirligining tushuntirishicha, amaldagi tariflar yo‘nalish xarajatlarini to‘liq qoplamaydi va asosiy moliyaviy yuk davlat budjeti zimmasida qolmoqda. Avtobuslar soni 1 900 taga yetib, qatnov oralig‘i qisqargani sayin yoqilg‘i, elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va ish haqi xarajatlari ortgan. Tarif o‘zgarishi bilan birga tashuvchilarga qatnov intervallari, xavfsizlik va tozalik bo‘yicha qat’iy talablar yuklatiladi. Mazkur hujjat loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, fuqarolar 19-sentabrga qadar o‘z takliflarini bildirishlari mumkin.

Yangi iPhone 18 modellarini O‘zbekistonga olib kirish qanchaga tushadi?

Apple taqdim etgan iPhone 18 Pro (boshlang‘ich narxi $1 200), iPhone 18 Pro Max ($1 300) va ilk buklanadigan iPhone Duo ($2 000) modellarini O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun havo transporti orqali olib kirishda 1 000 dollarlik bojsiz limit amal qiladi. Limitdan oshgan qismiga 30 foiz boj to‘lanadi: iPhone 18 Pro uchun $60 (jami $1 260), Pro Max uchun $90 (jami $1 390) va iPhone Duo uchun $300 (jami $2 300). Shuningdek, barcha holatlarda 110 ming so‘m bojxona yig‘imi va 88 ming so‘m IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi (jami 198ming so‘m) qo‘shimcha hisoblanadi.

Agar qurilma bojxonada deklaratsiya qilinmasa, 30 foizlik boj limit chegirilmasdan, telefonning to‘liq qiymatidan hisoblanadi (boj miqdori Pro uchun $360, Pro Max uchun $390 va Duo uchun $600 ga yetadi), natijada xaridor $300 ko‘proq to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Mahalliy do‘konlarda esa yetkazib berish va kafolat xarajatlari hisobiga dastlabki narxlar iPhone 18 Pro uchun $1 400–1 650, Pro Max uchun $1 550–1 800, iPhone Duo uchun esa $2 500–2 850 atrofida shakllanishi kutilmoqda. Yangi modellar 18-sentabrdan rasmiy sotuvga chiqadi.

O‘zbekistonda 18 ta bozor va savdo kompleksidagi davlat ulushi sotuvga chiqariladi

Prezidentning 2026 yil 28-avgustdagi xususiylashtirishni jadallashtirishga oid farmoni doirasida respublika bo‘ylab 18 ta bozor, savdo kompleksi va avtobozorlardagi davlat ulushlari ochiq savdoga chiqariladi. Mazkur obyektlarning 7 tasi Namangan, 5 tasi Farg‘ona, 3 tasi Samarqand, 2 tasi Surxondaryo va 1 tasi Toshkent viloyatida («Qibray dehqon bozori») joylashgan.

Sotuvga qo‘yilayotgan davlat ulushlari 51 foizdan 68 foizgacha bo‘lgan nazorat paketlarini tashkil etadi. Eng katta ulush Namangandagi «Yashil dehqon bozori» (68%), Surxondaryodagi «Jarqo‘rg‘on dehqon bozori» (54,6%) va Farg‘onadagi «Yakkatut dehqon bozori» (52,1%) hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan obyektlarda esa ulush asosan 51 foiz etib belgilangan. Ushbu aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘lar baholash va savdo xarajatlari chegirilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi.

Uy-joy savdosi yetti oyda 21 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda qariyb 197,4 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi qayd etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizdan ortiq (34,3 mingtaga ko‘p) o‘sish kuzatildi. Birgina iyul oyining o‘zida 26,3 mingta uy-joy bitimi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu iyun oyidagi ko‘rsatkichdan 4 foizga yuqoridir.

Hududlar kesimida eng yuqori faollik va savdo o‘sishi Toshkent shahrida (31,6 foiz) qayd etildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida uy-joy oldi-sotdisi 30,7 foizga, Navoiy viloyatida esa 25,5 foizga oshib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan sezilarli darajada yuqori natijani namoyon etdi. Markaz ushbu ko‘rsatkichlarni bozordagi yuqori faollik va aholining uy-joyga bo‘lgan barqaror talabi bilan izohlamoqda.

O‘zbekistonning oltin zaxiralari bir yilda 73,1 tonnaga oshib, tarixiy rekord yangiladi

2026 yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning sof oltin zaxiralari hajmi 14,1 million troya unsiyaga yoki 438,8 tonnaga yetib, yangi tarixiy rekordni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davridagi 365,8 tonnadan 73,1 tonnaga (20 foizga) ko‘pdir. Zaxiralar yil boshidagi 390,3 tonnadan 48,5 tonnaga ko‘paygan bo‘lib, ushbu o‘sishning asosiy qismi — 40 tonnasini O‘zbekiston Markaziy banki dastlabki yetti oy ichida sotib oldi. Bu natija bilan O‘zbekiston markaziy banklar o‘rtasida oltin xarid qilish faolligi bo‘yicha dunyoda Polsha va Xitoydan keyin uchinchi o‘ringa chiqdi.

Zaxiralarning qiymati ham sezilarli oshib, bir oy ichida qariyb 16 foizlik o‘sish bilan 64,9 milliard dollarga yetdi. Bunga hajmning ortishi bilan bir qatorda jahon bozorida narxlarning ko‘tarilishi (avgust boshidagi 4 ming dollardan cho‘qqida 4,7 ming dollargacha ko‘tarilib, oy yakunida 4 450 dollar atrofida mo‘’tadillashgani) asosiy ta’sir ko‘rsatgan. Eslatib o‘tamiz, mamlakatda oltin asosan NKMK va OKMK tomonidan qazib olinadi va Markaziy bank uni sotib olish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega.

Mavzuga oid