AQSH va Yaponiya iyenani qutqarish uchun valuta intervensiyasini amalga oshirdi
2011-yildan buyon ilk bor amalga oshirilgan bunday qo‘shma harakat global likvidlikni saqlab qolish va AQSH qimmatli qog‘ozlarining sotib yuborilishidan kelib chiqadigan xavflarni bartaraf etishga qaratilgan.

O‘tgan hafta Qo‘shma Shtatlar va Yaponiya iyenaning qadrsizlanishini to‘xtatish maqsadida muvofiqlashtirilgan intervensiyani amalga oshirdi. Bunga yapon milliy valutasining AQSH dollariga nisbatan so‘nggi 40 yil ichidagi eng past darajaga tushib ketgani sabab bo‘ldi.
Odatda, davlatlarning boshqa bir mamlakat valutasini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy jarayonlarga aralashuvi kam uchraydigan holat. Biroq iyena dunyoda eng ko‘p savdo qilinadigan uchinchi valuta sifatida xalqaro moliya tizimida muhim o‘rin tutadi. Demak, uning qadrsizlanishi nafaqat Yaponiyaning o‘zida, balki uning chegaralaridan tashqarida ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Valuta intervensiyasi o‘zi nima va AQSH bilan Yaponiya bu jarayonni qanday muvofiqlashtirdi?
Valuta intervensiyasi — bu hukumat yoki markaziy bankning milliy valuta qadrini barqarorlashtirish maqsadida yirik miqdorda xorijiy valutani sotib olish yoki sotish amaliyotidir.
Mazkur vaziyatda, iyena 1986 yildan buyon ilk bor bir dollar uchun 163 iyena darajasigacha tushib ketgach, AQSH va Yaponiya uning qadrini ko‘tarish maqsadida o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirdi.
Intervensiya 31-iyul kuni AQSH G‘aznachiligi yevroni iyenaga almashtirishni boshlaganidan so‘ng start oldi. Ayni paytda Yaponiya rasmiylari ham bozordan iyena sotib olishga kirishgan. Bu aralashuvdan so‘nggi kunlarda iyenaning qadri yana osha boshladi va chorshanba kuniga kelib bir dollar 157 iyenaga tenglashdi.
AQSH so‘nggi bor Yaponiya bilan hamkorlikda 2011 yilda valuta intervensiyasini amalga oshirgan edi. O‘shanda Toxoku hududidagi zilzila va sunami oqibatida iyenaning keskin qimmatlashib ketishi kuzatilgan.
Shuningdek, Vashington 1998 yilgi Osiyo moliyaviy inqirozi davrida ham yapon valutasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida moliya bozoriga aralashgan edi.
Iena nega bunchalik қадрсизланди?
Ienaning qadrsizlanishi faqatgina uzoq yillik iqtisodiy muammolar bilan bog‘liq emas. Bunga AQSH va Isroilning Eronga qarshi harakatlari ortidan yuzaga kelgan yangi bosimlar ham qo‘shildi.
Yaponiya 1990 yillarning boshlaridan beri iqtisodiy «stagnatsiya» holati bilan kurashib kelmoqda. Yaponiya Markaziy banki o‘nlab yillar davomida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun o‘ta past va hatto manfiy foiz stavkalarini qo‘llashga urindi. Mazkur siyosat esa tabiiy ravishda iyenaga pasaytiruvchi bosim o‘tkazib keldi.

Yaponiyaning kuchsiz valutasi rekord miqdordagi sayyohlarni jalb qilish va eksportni arzon ushlab turishga yordam bergan bo‘lsa-da, import qilinadigan tovarlar narxini keskin oshirish orqali oddiy uy xo‘jaliklariga og‘ir moliyaviy yuk bo‘lib tushdi.
Tokio 2022 yildan buyon iyenani himoya qilish uchun o‘nlab milliard dollar sarfladi. Ammo Yaponiyaning ketma-ket rahbarlari, jumladan, amaldagi bosh vazir Sanae Takaichining iqtisodiy siyosati mazkur himoya harakatlarining samarasini qisman yo‘qqa chiqardi.
Nega AQSH iyenaning kuchliroq bo‘lishini хоҳлайди?
Tokiodagi «State Street Investment Management» kompaniyasi vakili Masaxiko Looning fikricha, Yaponiya AQSHning yaqin ittifoqchisi bo‘lsa-da, Vashington bu jarayonga faqatgina Tokioning manfaati uchun emas, balki o‘z manfaatlarini ko‘zlab ham aralashgan.
«Vashington G‘aznachilik bozorlariga, global moliyaviy sharoitlarga va umumiy moliyaviy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan betartib qulashning oldini olishga harakat qilmoqda», — deydi Loo «Al Jazeera» nashriga.
«Ienaning nazoratsiz qulashi faqatgina Yaponiyaning muammosi emas. Qaysidir bosqichda bu global likvidlik va moliyaviy barqarorlik masalasiga aylanadi, shuning uchun ham Vashington aralashishga qaror qildi», — deya qo‘shimcha qiladi ekspert.
Iena AQSH dollari va yevrodan keyin dunyoda eng ko‘p savdo qilinadigan valuta hisoblanadi. Bu esa uning qadridagi keskin tebranishlar butun global moliya tizimi bo‘ylab zanjirli reaksiyani keltirib chiqarishi mumkinligini anglatadi.

Vashingtonni eng ko‘p xavotirga solayotgan omillardan biri — Yaponiyaning o‘ziga tegishli bo‘lgan va may oyida 1,114 trillion dollarga baholangan AQSH G‘aznachilik qimmatli qog‘ozlarini sotib yuborish ehtimolidir.
Agar iyena pasayishda davom etsa, Tokio milliy valutani himoya qilish maqsadida naqd pul topish uchun katta miqdordagi AQSH G‘aznachilik qog‘ozlarini sotishga majbur bo‘ladi. Bu esa AQSHdagi foiz stavkalarining oshishiga bosim o‘tkazadi va 39 trillion dollardan oshib ketgan mamlakatning tez o‘sib borayotgan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini yanada oshirib yuboradi.
«AQSH uchun intervensiyaning moliyaviy xarajatlari past va prezident Donald Tramp kuchsizroq AQSH dollarini afzal ko‘rishini hisobga olsak, ichki siyosiy xarajatlar minimaldir», — dedi «Oxford Economics»ning Yaponiya iqtisodiyoti bo‘yicha rahbari Shigeto Nagai.
«Muvofiqlashtirilgan intervensiya tejamkor usuldir, chunki u AQSHga Osiyodagi qimmatli va sodiq ittifoqchisi bo‘lgan Yaponiyaga katta yordam ko‘rsatish hamda AQSHning foiz stavkalaridan ma’lum bosimni olib tashlash imkonini beradi», — deya xulosa qildi Shigeto Nagai.





