Logo

2030 yilga borib O‘zbekistonda samolyotlar soni keskin oshishi kutilmoqda

Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda tijoriy samolyotlar parki 2030 yilga borib 383 tadan 684 tagacha ko‘payishi mumkin. Ushbu davrda O‘zbekiston o‘z aviaflotini 180 taga yetkazishi prognoz qilinmoqda.

2030 yilga borib O‘zbekistonda samolyotlar soni keskin oshishi kutilmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy Osiyo aviatsiya bozorida 2030 yilgacha sezilarli kengayish kutilmoqda. Ostona xalqaro moliya markazi («AIFC») tomonidan tayyorlangan «Aviation Finance in Kazakhstan and Central Asia: Global Trends and the Role of the AIFC» nomli hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarida tijoriy samolyotlar parkining 383 tadan 684 tagacha ko‘payishi taxmin qilingan.

Bu bozorda qo‘shimcha 301 ta yangi samolyot paydo bo‘lishini, ya’ni 78,6 foizlik o‘sishni anglatadi.

Hisobotda O‘zbekiston mintaqadagi faol o‘sish kutilayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Mamlakatdagi tijoriy aviapark 105 tadan 180 tagacha oshishi prognoz qilinmoqda.

Qaysi davlat qancha samolyotga ega bo‘ladi?

«AIFC» hisobotida Markaziy Osiyoning beshta davlati bo‘yicha alohida prognozlar berilgan. Jumladan, 2030 yilgacha:

·         Qozog‘iston: 109 tadan 221 taga;

·         O‘zbekiston: 105 tadan 180 taga;

·         Turkmaniston: 27 tadan 43 taga;

·         Qirg‘iziston: 20 tadan 35 taga;

·         Tojikiston: 10 tadan 25 taga yetishi kutilmoqda.

Shuningdek, Janubiy Kavkaz davlatlari ko‘rsatkichlari ham hisobotga kiritilgan.

Ushbu hisob-kitoblarga ko‘ra, eng katta mutlaq o‘sish Qozog‘istonda kuzatiladi — u yerda park 112 ta samolyotga ko‘payadi. O‘zbekistonda esa 75 ta qo‘shimcha samolyot keltirilishi prognoz qilingan.

Nisbiy o‘sish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Tojikistonga tegishli bo‘lib, mamlakat floti 10 tadan 25 tagacha oshishi, ya’ni 150 foizlik o‘sishga erishilishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston havo flotini 180 taga yetkazishi mumkin

«AIFC» hisobotida O‘zbekiston havo flotining 2030 yilgacha 180 taga yetishi prognoz qilingan. Ayni paytda O‘zbekistonning rasmiy rejalari ham mamlakat aviaparkini bosqichma-bosqich kengaytirishni nazarda tutadi.

2025 yilning dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aviakompaniyalari flotini 2026 yilda 120 ta samolyotga yetkazish rejasini ma’lum qilgan edi. «O‘zbekiston–2030» strategiyasida esa bu ko‘rsatkich 2027 yil uchun 147 ta, 2028 yil uchun 158 ta, 2029 yil uchun 167 ta va 2030 yil uchun 180 ta etib belgilangan.

Shu tariqa, O‘zbekistonning rasmiy strategiyasidagi 2030 yilga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkich «AIFC» hisobotidagi prognoz bilan aynan bir xil bo‘lib chiqmoqda.

Qozog‘iston bo‘yicha raqamlarda farq bor

Qozog‘iston bo‘yicha vaziyat biroz murakkabroq ko‘rinishga ega.

To‘g‘ri, «AIFC» hisoboti mamlakat tijoriy flotini 2030 yilga kelib 221 ta samolyotga yetishini prognoz qilgan. Biroq Qozog‘iston hukumatining avgust oyida e’lon qilingan rasmiy tahliliy sharhida mahalliy aviakompaniyalar parki 2030 yil oxiriga borib 160 ta samolyotga yetishi rejalashtirilgani aytilgan. Vaholanki, bundan oldingi rejada 216 ta samolyot ko‘zda tutilgan edi.

Shuning uchun «AIFC» tomonidan keltirilgan 221 ta samolyot haqidagi ko‘rsatkichni Qozog‘istonning rasmiy maqsadi sifatida emas, balki markazning o‘z prognoz ssenariysi sifatida qabul qilish maqsadga muvofiq.

Aviatsiya parki kimning mulki bo‘ladi?

«AIFC» hisobotining asosiy mavzularidan biri — bu yangi samolyotlarni qanday moliyalashtirish masalasidir.

Hisobot mualliflarining fikricha, Markaziy Osiyo aviakompaniyalariga kelgusi yillarda yuzlab yangi samolyotlar talab etiladi. Ularni sotib olishda asosiy moliyalashtirish mexanizmlaridan biri operatsion lizing bo‘lishi kutilmoqda.

Jahon tijoriy samolyotlar parkining taxminan 55 foizi aynan lizing asosida ishlatiladi. Markaziy Osiyoda esa lizingdagi samolyotlar ulushi ayrim bozorlarda 55–80 foiz oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Bu o‘sish qanday aviatsiya bozorini anglatadi?

Umumiy xulosalarga ko‘ra, mintaqa floti 2030 yilgacha deyarli ikki barobarga yaqinlashishi mumkin. Biroq hisobotda ta’kidlanishicha, samolyotlar sonining oshishi bilan bir qatorda ularni moliyalashtirish, lizing bozorini shakllantirish va aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham g‘oyat dolzarb bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston uchun bu ko‘rsatkich 105 tadan 180 tagacha o‘sishni anglatadi va mamlakatning rasmiy «O‘zbekiston–2030» strategiyasida ham aynan shu maqsad belgilab qo‘yilgan.

Qozog‘iston bo‘yicha esa bir vaqtning o‘zida ikki xil taxmin mavjud: «AIFC» prognozida 221 ta, hukumatning joriy rejasida esa 160 ta.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Markaziy Osiyo aviatsiyasi borasidagi eng yirik va muhim ko‘rsatkich — 2030 yilgacha 301 ta qo‘shimcha tijoriy samolyot xarid qilinishi bo‘yicha berilgan prognozdir. Bu raqam Markaziy Osiyo bilan birgalikda Janubiy Kavkaz davlatlarini ham to‘liq qamrab oladi.

Teglar

Mavzuga oid