Logo

Mirziyoyev Putinni muvaffaqiyatli saylov bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi.

Mirziyoyev Putinni muvaffaqiyatli saylov bilan tabrikladi © Kreml matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida Mirziyoyev Rossiya rahbarini Davlat dumasi saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklab, parlamentning yangi tarkibiga samarali faoliyat tiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda O‘zbekiston–Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilingan. Shuningdek, Hukumatlararo komissiya va Hududlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlarini, Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etilgan.

Duma saylovlari

Rossiya Markaziy saylov komissiyasining xabar berishicha, saylov byulletenlarining 95 foizdan ko‘prog‘i sanab chiqilgach mamlakatning hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi Davlat dumasiga o‘tkazilgan parlament saylovlarida ovozlarning 57 foizdan ortig‘ini qo‘lga kiritib, g‘alabaga erishgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich parlamentning quyi palatasi — Davlat dumasiga oxirgi marta 2021 yilda o‘tkazilgan saylovlarda qayd etilgan 49,8 foizlik natijadan sezilarli darajada yuqori.

«Reuters» nashrining qayd etishicha, natijalar «Yedinaya Rossiya»ga 450 o‘rinli dumada 355 ta deputatlik o‘rnini beradi.

Shuningdek, parlamentdan yana to‘rtta partiya joy oldi: 13,81 foiz ovoz bilan kommunistlar, 8,98 foiz bilan LDPR hamda 7,96 foiz to‘plagan «Yangi odamlar» partiyasi. «Adolatli Rossiya» partiyasi esa parlamentga kirish uchun talab etiladigan 5 foizlik to‘siqdan qiyinchilik bilan o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid