Logo

Biznesni ro‘yxatga olishda mahalladagi hunarmandlardan tortib yirik zavodlargacha hisobga olinmoqda

Kecha 18:383 daqiqa

Ko‘pincha rasmiy hisobotlarda ko‘rinmaydigan oilaviy mehnat, mavsumiy xizmatlar va internet savdosi kabi yo‘nalishlar hududlarning haqiqiy salohiyatini baholash uchun o‘rganilmoqda.

Biznesni ro‘yxatga olishda mahalladagi hunarmandlardan tortib yirik zavodlargacha hisobga olinmoqda

Bugun O‘zbekiston mahallalarida, bozorlarida va raqamli makonda qizg‘in iqtisodiy hayot qaynamoqda. Kimdir uy sharoitida buyurtmaga mebel yasaydi, kimdir shirinlik pishirib sotadi, yana kimdir internet orqali masofaviy xizmat ko‘rsatadi. 15-oktabrdan 30-noyabrgacha mamlakatimizda o‘tkazilayotgan biznesni ro‘yxatga olish tadbiri aynan shu jonli iqtisodiy manzarani boricha ko‘rish va kelgusi qarorlar uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan.
 
Iqtisodiyot shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda faqat qog‘ozdagi umumiy raqamlarga tayanib bo‘lmaydi. Korxona bir tumanda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, amalda boshqa hududda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lishi, yakka tartibdagi tadbirkor esa an’anaviy do‘kon bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda ham savdo qilishi mumkin. Har bir tuman va shahar o‘ziga xos iqtisodiy qiyofaga ega: bir joyda hunarmandchilik, boshqa joyda oilaviy tadbirkorlik yoki xizmat ko‘rsatish ustunlik qiladi.
 
Agar mahallada uyda tikuvchilik qilayotgan ayol, maishiy texnika tuzatayotgan usta yoki oilaviy novvoyxona mehnati statistik hisobdan chetda qolsa, o‘sha hududdagi haqiqiy bandlik va xizmatlar ko‘lami to‘liq ko‘rinmaydi. Shu bois Prezidentning 2026-yil 10-sentabrdagi PF-190-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-oktabrdagi 557-son qarori asosida tashkil etilgan mazkur tadbir yirik korxonalardan tortib o‘zini o‘zi band qilgan shaxslargacha, hatto davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalda faoliyat yuritayotgan fuqarolarni ham qamrab olmoqda.
 
Ishonch — haqqoniy statistikaning bosh sharti
 
Tadbirkor yoki hunarmandda “Bergan ma’lumotim o‘zimga qarshi ishlatilmaydimi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy. Qonunchilik bu borada aniq va qat’iy kafolat beradi:
 
Tekshiruv yoki jazo vositasi emas: ro‘yxatdan o‘tmagan faoliyatni qayd etish kimnidir javobgarlikka tortish yoki soliq tekshiruvi o‘tkazish uchun emas, balki mamlakatda yaratilayotgan iqtisodiy qiymatni to‘liq hisobga olish uchun amalga oshiriladi;


Qonuniy maxfiylik: “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, individual ma’lumotlar sir saqlanadi va faqat umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda ishlatiladi;


Ochiq va xolis muloqot: mahallalarda hokim yordamchilari, bozor va savdo majmualarida esa statistika xodimlari maxsus kiyim va beydj bilan faoliyat yuritmoqda. Ro‘yxatga oluvchi tasdiqlangan savolnomadan tashqari savol berishi yoki javobni taxmin asosida o‘zgartirishi mumkin emas. Shubhali holatlarda yoki tushuntirish olish uchun 1851 qisqa raqamli aloqa markaziga murojaat qilish imkoniyati mavjud.
 
Qulay raqamli yechimlar va kelgusi yengilliklar
 
Jarayonda zamonaviy raqamli texnologiyalar keng qo‘llanilmoqda. Yirik va kichik yuridik shaxslar batafsil ko‘rsatkichlarni hisobot.stat.uz tizimi orqali, o‘zini o‘zi band qilganlar esa census.stat.uz portali orqali uydan yoki ish joyidan chiqmasdan onlayn to‘ldirishi mumkin. Planshetlar orqali yig‘ilayotgan ma’lumotlar esa mantiqiy xatolarga dastlabki bosqichdayoq avtomatik tarzda tekshiriladi.
 
Eng muhimi, bugun berilgan aniq ma’lumot ertaga tadbirkorning o‘ziga qulaylik bo‘lib qaytadi. Yangilangan biznes-registr asosida 2027-yil 1-yanvardan boshlab mikrofirma va kichik korxonalar choraklik tanlanma kuzatuvlarga yiliga ko‘pi bilan bir marta jalb etiladi, 2030-yilga borib esa tadbirkorlarning statistik hisobot yuki 20 foizga kamaytiriladi.
 
Hududlarda infratuzilma, kadrlar tayyorlash va eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlari taxminlarga emas, balki 2027-yil 1-iyungacha (dastlabki) va 1-sentabrgacha (yakuniy) e’lon qilinadigan aniq tahlillarga tayanadi.

Teglar

Mavzuga oid