Logo

Jizzaxdagi tungi klublarning 500 ga yaqin reklama roligi qonunga zid deb topildi

Kecha 16:402 daqiqa

Reklama materiallarida milliy va oilaviy qadriyatlar hamda umume’tirof etilgan axloq me’yorlariga zid tasvirlardan foydalanilgan. Qoidabuzarliklar aniqlangach, ikki tungi klubning Instagram sahifalaridagi videolar olib tashlandi.

Jizzaxdagi tungi klublarning 500 ga yaqin reklama roligi qonunga zid deb topildi © IZVESTIYA

Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi sentabr–oktabr oylarida Jizzax shahridagi tungi klublarning ijtimoiy tarmoqlardagi reklama faoliyatini o‘rgandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, «Jizzax Leader Food» MCHJ hamda «Aziz bogʻishamol klub» MCHJga qarashli tungi klublarning Instagram sahifalaridagi reklama materiallari tekshirildi. Natijada 500 ga yaqin videorolikda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan me’yorlariga zid tasvirlardan foydalanilgani aniqlandi.

Reklama materiallariga huquqiy baho berish uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Jizzax viloyati bo‘limiga murojaat qilingan. Markaz taqdim etgan xulosaga ko‘ra, ushbu videoroliklar «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasi talablariga zid deb topildi.

Unga ko‘ra, reklamalarda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan me’yorlariga zid shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Reklama materiallari olib tashlandi

O‘rganishlarda har ikki tungi klubning Instagram sahifalaridan qonunchilik talablariga zid reklama materiallari olib tashlandi. Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu sahifalarning jami 120 mingdan ortiq obunachisi nomaqbul reklama materiallari ta’siridan himoyalangan.

Qo‘mita reklama beruvchilar, tayyorlovchilar va tarqatuvchilarni, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda reklama joylashtirayotgan tadbirkorlarni qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirdi. Reklama materiallarida milliy va oilaviy qadriyatlar, shuningdek, jamiyatda qabul qilingan axloq va ma’naviyat me’yorlariga zid tasvir, ibora va obrazlardan foydalanmaslik zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda reklama qonunchiligiga zid materiallar tarqatgan 12 blogerga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llagandi. Shuningdek, qo‘mita taniqli qo‘shiqchilar, aktyorlar va sportchilarning reklama faoliyatini ham muntazam nazorat qilishini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid