O‘zbekistonning 12 ta startapi oktabrda $1,5 mlndan ortiq investitsiya jalb qildi
«Delever», «Bigmart» va «CoreAI» oktabr oyida eng ko‘p investitsiya jalb qilgan startaplar qatoriga kirdi. Bu oyda O‘zbekiston startaplariga yetti investor mablag‘ kiritgan.
© TeranewsOktyabr oyida O‘zbekistondagi 12 ta startap yetti investordan jami $1,5 mlndan ortiq mablag‘ jalb qildi. Eng yirik investitsiya «Delever» kompaniyasiga yo‘naltirildi. Eng ko‘p bitimni esa «Yoshlar Ventures» amalga oshirdi.
«Stanbase» venchur ma’lumotlar platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyidagi investitsiyalarning katta qismi «Yoshlar Ventures» hissasiga to‘g‘ri keldi. Fond «UzCombinator» akseleratorining Demo Day tadbiri yakunlari bo‘yicha yettita bitimni yopib, startaplarga jami $575 ming yo‘naltirdi.
Oyning eng yirik investitsiya bitimi «Delever» startapi bilan bog‘liq bo‘ldi. Restoranlar va chakana savdo uchun onlayn buyurtmalar hamda yetkazib berishni boshqarish platformasi $380 ming investitsiya jalb qildi. Shundan $300 mingini «AloqaVentures», $80 mingini «Nexus Club» kiritdi. «AloqaVentures» kompaniyaga 2024 yilda ham $100 ming investitsiya kiritgan edi.
Biznes uchun korporativ xaridlarni birlashtiruvchi «Bigmart» marketpleysi $300 ming mablag‘ jalb qildi. Investitsiyaning $200 mingi «United Ventures», $100 mingi «Imkon Ventures» hissasiga to‘g‘ri keldi.
Sun’iy intellekt infratuzilmasi bilan shug‘ullanuvchi «CoreAI» $200 ming investitsiya oldi. Mablag‘ni «Yoshlar Ventures» kiritdi. Kompaniya bizneslarga generativ sun’iy intellektni joriy etish, neyrotarmoqlar uchun server quvvatlarini ijaraga berish va AI modellarini moslashtirish xizmatlarini taklif qiladi.
Xodimlarning ish vaqtini hisobga olishga ixtisoslashgan «TimePay» startapi ham «Yoshlar Ventures»dan $165 ming jalb qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, uning xizmatlaridan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi 800 dan ortiq mijoz foydalanadi.
Logistika sohasida faoliyat yurituvchi «Tezbor» startapi «CS//Angels» biznes-farishtalar klubidan $150 ming investitsiya oldi. Kompaniya sun’iy intellekt asosidagi «oxirgi milya» yetkazib berish platformasini ishlab chiqadi. Ushbu startap sentabr oyida «IT Park Ventures»dan ham $100 ming jalb qilgan edi.
«CS//Angels» shuningdek, savdo va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash jarayonlarini avtomatlashtiruvchi «Reveo» loyihasiga $60 ming, bolalar va ota-onalar uchun mo‘ljallangan «Oyna» ilovasiga esa $45 ming investitsiya kiritdi.
Qurilish sohasi uchun raqamli platformani ishlab chiqayotgan «Binova» «Yoshlar Ventures»dan $50 ming oldi. Ushbu servis buyurtmachilarni qurilish materiallari yetkazib beruvchilar, pudratchilar va texnika ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bilan bog‘laydi.
«Yoshlar Ventures» yana to‘rtta startapga $40 mingdan investitsiya kiritdi. Ular — «Hamroh IO» ish stoli uchun rejalashtirish dasturi, interer dizayniga ixtisoslashgan «Mimoram AI», o‘zbek nutqini avtomatik tanib, subtitrlar yaratuvchi «Jilo AI» hamda tuproq tahlili asosida fermerlarga tavsiyalar beruvchi «SpaceAgro» platformalaridir.

Bundan tashqari, oktabr oyida yana ikki bitim amalga oshirilgan, ammo ular umumiy investitsiya hajmiga kiritilmagan.
Jumladan, «Nexus Club» «Bito ERP» kompaniyasidagi «Startup Garage» akseleratoriga tegishli ulushni $46 mingga sotib olgan. Bu ikkilamchi bitim bo‘lib, mablag‘ kompaniyaning o‘ziga emas, ulushni sotgan tomonga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, «DOMiNO Ventures» Qozog‘istonning «Paidax» fintex startapiga investitsiya kiritishini e’lon qilgan, ammo mablag‘ miqdori ochiqlanmagan.
Qayd etish kerakki, keltirilgan ko‘rsatkichlar «Stanbase» platformasiga taqdim etilgan va ochiq e’lon qilingan bitimlarga asoslanadi. Ular oktabr oyidagi barcha investitsiyalarning to‘liq hajmini aks ettirmasligi mumkin.





