Logo

Xiva shahar hokimligi budjetdan 2,2 mlrd so‘mdan ortiq pul ajratdi

Kecha 12:052 daqiqa

Mablag‘larning katta qismini hokimlikning o‘zi, qolganini boshqarma oladi. Pullarning 850 mln so‘mi gul sotib olishga ishlatiladi.

Xiva shahar hokimligi budjetdan 2,2 mlrd so‘mdan ortiq pul ajratdi © Foto: gov.uz

Xorazm viloyati Xiva shahrida gul xarid qilish, ijtimoiy himoya, mahalla binosini yangidan qurish va boshqa masalalar uchun budjetdan umumiy hisobda 2 milliard 230 million so‘m ajratildi. Bu bo‘yicha shahar hokimi Temur Davletov tegishli hujjatlarni imzoladi.

Hokim imzo chekkan farmoyishlardan birida yozilishicha, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida shahar hududiga ekiladigan manzarali buta gul ko‘chatlarini sotib olish xarajatlari uchun 850 million so‘m, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mahallalarda infratuzilma va obodonlashtirish bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish hamda aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlarida qatnashadigan transportlarning yonilg‘i-moylash mahsulotlari (dizel) xarajatlari uchun 30 million so‘m, jami 880 million so‘m ajratildi. Bu pullar shahar obodonlashtirish boshqarmasiga o‘tkazib berilishi, mablag‘lar Xiva shahar mahalliy budjetining 2026-yil III chorak daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hamda yer uchastkalarini sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan berilishi aytilgan.

Ikkinchi hujjatga ko‘ra, II chorak daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hamda yer uchastkalarini sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan Kalta minor mahallasi binosini yangidan qurish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun hokimlik hisobiga 685 million so‘m o‘tkaziladi.

Davletov chiqargan galdagi farmoyish esa shaharda yashovchi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun 165 million so‘m shahar hokimligiga ajratishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, hokimlik ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun yoz mavsumida bolalar oromgohlarini tashkil etish xarajatlari uchun 400 million, mahallalardagi xotin-qizlar faollarining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan moddiy texnik bazani yaratish va ta’minlash bilan bog‘liq ishlarga 100 million so‘m pul oladi. Mablag‘lar III chorak daromadlarining orttirib bajarilgan qismi hamda yer uchastkalarini sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan ishlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor» futbol klubiga 5 milliard so‘m ajratgandi.

Teglar

Mavzuga oid