O‘zbekistonda norasmiy bandlik 2030-yilgacha 25 foizgacha qisqartiriladi
Yangi strategiya loyihasida 2030-yilgacha ishsizlikni 4 foizga tushirish, 700 ming nafar fuqaroni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish, talabalar uchun esa majburiy amaliyot joriy etish belgilangan.
© Ijtimoiy tarmoqlarKambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekistonda mehnat bozorini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini 5 foizgacha, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni esa 4,5 foizgacha tushirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, boshqaruv lavozimlaridagi ayollar ulushini 35 foizga, davlat fuqarolik xizmatidagi ayollar ulushini 40 foizga hamda doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan oliy ta’lim bitiruvchilari ulushini 65 foizga yetkazish belgilanmoqda.
Qaror loyihasida vaucher tizimi asosida 700 ming nafar ishsiz va rasmiy daromadi yo‘q fuqaroning kasb-hunar, tadbirkorlik va xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarini qoplash amaliyoti nazarda tutilgan. Bunda nodavlat ta’lim tashkilotlarining ulushini 48 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur vaucher tizimini bosqichma-bosqich nafaqat ishsizlarga, balki malakasi eskirayotgan ishlayotgan xodimlarga ham joriy etish, shu bilan birga, yo‘qolib borayotgan kasblar ro‘yxati va kelajakda paydo bo‘ladigan yangi kasblar bo‘yicha prognoz shakllantirish taklif qilinmoqda.
Ta’lim va majburiy amaliyot
Strategiyaga muvofiq, oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining bitiruvdan oldingi kurs talabalari uchun kamida 3 oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti joriy etiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab esa umumta’lim maktablarining 9−11-sinflari dasturiga kasbga yo‘naltirish modullari kiritilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan bir oy ichida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash bo‘yicha idoralararo kengash tuzilishi belgilangan. Mazkur kengash har yili mutaxassisliklar bo‘yicha 3−5 yillik prognozni tasdiqlaydi.
Natijada, ta’lim kvotalari va kasb-hunarga o‘qitish dasturlarining kamida 70 foizi mehnat bozori prognozlariga bog‘lanadi.
Mehnat bozorining hozirgi holati
Loyihada keltirilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda mehnat resurslari 20,6 million kishini tashkil etgan. Shundan 15,7 million nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.
Band bo‘lgan 14,9 million kishining 8,6 million nafari rasmiy sektorda, 4,9 million nafari esa norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda. Yana 1,4 million nafari xorijda mehnat qilmoqda.
Hujjatda qayd etilishicha, 2025 yilda ishsizlar soni 745 ming kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 91 ming kishiga yoki 10,9 foizga kamayganini anglatadi. Natijada ishsizlik darajasi 4,8 foizgacha pasaygan.
Mazkur qaror loyihasi muhokamasi 19-noyabrgacha davom etadi.





