Tadbirkorlarga biznesini vaqtincha to‘xtatib turish huquqi beriladi
Faoliyati rasman to‘xtatilgan davrda korxona va uning yollanma xodimlariga nisbatan soliqlar hisoblanishi to‘xtatiladi, shuningdek, soliq va statistika hisobotlarini topshirish talab etilmaydi.
© Foto: istockO‘zbekistonda tadbirkorlik subektlariga o‘z tashabbusi bilan biznes faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish huquqi berildi.
Rasman faoliyatini to‘xtatgan korxonalar va ularning yollanma xodimlariga nisbatan soliqlar hisoblanishi to‘xtatiladi. Shuningdek, tadbirkorlar ushbu davrda soliq va statistika hisobotlarini topshirishdan ozod etiladi. Bu tartib «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan belgilandi.
Hujjatga muvofiq, tadbirkorlik subyekti mulkdorning o‘z arizasi asosida faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi mumkin. Buning uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilish yoki tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimidan foydalanish kerak.
Faoliyatni to‘xtatish tartibi
Qonunga kiritilgan yangi 42-1-moddaga ko‘ra, tadbirkorlik subyektining faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqidagi ma’lumotlar soliq organlariga avtomatik ravishda yuboriladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tegishli ma’lumotlarni ariza kelib tushganidan keyingi ish kuni yakunigacha soliq organlariga taqdim etishi shart.
Faoliyat rasman to‘xtatilgan davrda tadbirkorlik subyekti soliq va statistika hisobotlarini topshirmaydi. Shuningdek, korxonaning o‘ziga va uning har bir yollanma xodimiga nisbatan soliqlar hisoblanishi to‘xtatiladi.
Biznes faoliyatini qayta tiklash ham xuddi shu tartibda amalga oshiriladi. Buning uchun tadbirkor ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ariza berishi yoki avtomatlashtirilgan tizimdan foydalanishi mumkin.
Nazorat organlari vakolati cheklanadi
Qonun bilan nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik faoliyatini majburiy to‘xtatib turish vakolatlariga ham cheklovlar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, nazorat organlari biznes faoliyatini faqat odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga yuqori darajada xavf tug‘diradigan omillar mavjud bo‘lgan taqdirda, ko‘pi bilan 10 ish kuniga to‘xtatishi mumkin.
Faoliyatni 10 ish kunidan ortiq, biroq olti oydan oshmagan muddatga to‘xtatib turishga esa faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yiladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 14-iyulda qabul qilingan, Senat tomonidan esa 8-avgustda ma’qullangan. Hujjat rasman e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 18-noyabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda tadbirkorlik subyektlarining o‘z arizasi asosida faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish tartibini tasdiqlash vazifasi yuklatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bankrotlik yoqasidagi tadbirkorlar uchun maxsus bank hisobvaraqlari ochilishi haqida xabar berilgandi.





